1 oktyabrda maktab o`qituvchilari qancha mukofot oladi?

13.09.2025 18:31



Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o`qituvchilari “1 oktyabr — O`qituvchi va murabbiylar kuni”munosabati bilan 953 ming so`mdan mukofotlanishi bo`yicha xabarlar tarqalmoqda. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev ushbu xabarlarga izoh berdi.

Noto`g`ri talqin

Mazkur xabar qisman noto`g`ri. Buni tarqatayotganlar Prezident farmonidagi kichik, lekin o`ta muhim joyini noto`g`ri talqin qilishgan.

Xabarlarda aytilganidek, darhaqiqat, 2025 yil 19 martdagi PF–51-son Prezident Farmoni bilan umumta`lim muassasalarining Direktor jamg`armasidan foydalanish tartibiga o`zgartirish kiritildi. Yangi o`zgarishga ko`ra, “1 oktyabr — O`qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan xodimlarni mukofotlash miqdori mehnatga haq to`lashning eng kam miqdorining 75 foizigacha etib belgilandi. Avval mukofotlash miqdori 50 foizni tashkil etgan edi.

Yangi o`zgarishdagi -gacha qo`shimchasi maksimal chegarani anglatadi, lekin bu hamma xodimlar 75% mukofot oladi, degani emas. Qaerdadir 75, qaerdadir 60, qaerdadir 50 foiz berilishi mumkin.

Mukofot miqdori nimaga asoslanib belgilanadi?

Mukofot miqdori mukofotlash davrida Direktor jamg`armasining amaldagi moliyaviy holatidan kelib chiqib, uning joriy moliya yilidagi mavjud mablag`lari doirasida belgilanadi. Jaydari tilda aytganda, Direktor jamg`armasida qancha pul borligiga qarab, mukofot miqdorlari farq qiladi, barcha maktabda o`qituvchilar bir xil mukofot olmasligi mumkin.

Mukofotning eng maksimal miqdori MHTEKM 75 foizigacha, ya`ni 953 ming 250 so`m bo`ladi, bundan ko`p mukofot berish mumkin emas, lekin moliyaviy imkoniyati bo`lmasa, bundan kam berish mumkin.

Bu muhim: bayram munosabati bilan mukofot faqat o`qituvchilarga emas, balki barcha xodimlarga beriladi. Ya`ni rahbar va texnik-xizmat ko`rsatuvchi xodimlar ham mukofot oladi, deb yozadi huquqshunos.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар