"Ayiq qafasidan omon chiqqan qiz onasining qo`lida omon olmadi"

10.09.2025 19:40

Bundan 3 yil oldin yovvoyi hayvon rahm qilib, tashlanmagan qizaloqqa bugun onasi rahm qilmadi. Esingizda bo`lsa, bir qizaloq 2022 yil yanvarida Toshkent hayvonot bog`ida ona tomonidan ayiqlar qafasiga tashlab yuborilgan edi. Oradan uch yil o`tib qiz yana o`z onasining qo`lida halok bo`ldi.

Joriy yil avgust oyida ruhiy kasalliklar shifoxonasidan chiqqan ona bu safar qizini pichoqlab o`ldirgani xabar qilindi. Holat jamoatchilikning  keskin muhokamalariga sabab bo`ldi. Ular mas`ullardan nega ayol onalik huquqidan mahrum qilinmagani, potensial qotil bo`lgan ruhiy hasta shaxs nima uchun majburiy davolanishdan chiqarib yuborilganini tushuntirib berishni so`ramoqda.

Nega ayol onalik huquqidan mahrum qilinmadi?

Bloger Rassom Tuz nega farzandini ayiq qafasiga tashlagan ayol onalik huquqidan mahrum qilinmaganini tanqid qildi.

Savol: Nega davlat bu jinni xotinni onalikdan mahrum qilib, bolasini tortib olmadi? U axir bolasini ayiq oldiga tashlagandiku? (Germaniyada bolasining tishini davolatmagan onaning ham bolasini davlat tortib oladi. Shvesiyada o`nlab johil o`zbeklarning bolasi tortib olinib, ota onalik xuquqidan maxrum qilingan.)

Nega doktorlar “men bolangni o`ldir degan tovushlarni eshityapman” degan gapiga befarq qarab shunchaki aspirin dori ëzib berib qo`yaqolishgan. Nega doktorlar bunchalik savodsiz?

Nega o`zbek ruxiy shifoxonalari odamni davolash o`rniga jazo psixatriyasi tizimiga aylangan. Jinnixona glavarachi katta pul evaziga qotil va aprslarni jinni deb ëzib berib jazodan qutqarish jinoyati bilan tizimli shug`ullanadi. Nega shunday?

Oxirgi savolim Bolalar ombudsmaniga. Nega ayiq oldiga tashlangan qizaloq holidan xabar olmadingiz?

Nega potensial qotil bo`lgan ruhiy hasta shaxs majburiy davolanishdan chiqarib yuborildi?

Yurist va bloger Bahodir Ahmedov esa masalaning huquqiy jihati haqida 

yozdi

:

“Agar bu rost bo`lsa, bizdagi vasiylik va homiylik tizimining kompetentligini so`roq ostiga qo`yadi. Nega ruhiy hasta ayoldan bola olib qo`yilmadi? Nega potensial qotil bo`lgan ruhiy hasta shaxs majburiy davolanishdan chiqarib yuborildi?

Holatni Bolalar ombudsmani o`rganishi lozim”.

Qotillikda bizning ham aybimiz bor

Jurnalist va bloger Erkin Hasan esa ayolning ko`rgazmasi qilib berilganini 

yodga oldi

:

Ha bu o`sha jamoatchilik bu ishni ruhan qiynalganidan amalga oshirgandir deb oqlab bergan ayol. Ha bu o`sha biz yaxshi ona deya ta`rif berib, unga ishonch bildirib, rasmlar ko`rgazmasi tashkil qilib bergan ayol. Afsuski biz uning jamiyatga, o`z farzandiga etkazishi mumkin bo`lgan xavfni to`g`ri baholay olmadik.

Ma`lum ma`noda qotillikda bizning ham aybimiz bor. Farzandini ayiqqa tashlab yuborishdek ijtimoiy xavfli xatti-harakatini aqli noraso holatda sodir etgan deb xulosa bergan va uni jinoiy javobgarlikka tortilmasligiga sababchi bo`lganlarning ham aybi bor.

Shuncha muddat davomida ruhiy kasalliklar shifoxonasida unga to`g`ri tashxis qo`yib davolay olmaganlar, 2 avgustdan shifoxonadan javob berishga ruhsat berganlar, o`sha ona bolasi bilan yashashi mumkin deb uni uyda u bilan yolg`iz qoldirgan barcha o`zini aybdor his qilishi kerak.
Endi ayol jazolanishi aniq. Unga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Ammo bizda, jamiyatimizda, mas`ullarda shu qizni saqlab qolish imkoni bor edi. Afsus biz bu imkoniyatni va qizaloqni boy berdik.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар