Yaqinda Samarqanddagi bog`chalarga muzlatilgan va sifati buzilgan go`sht mahsulotlari tarqatilgani, bog`cha mudiralari bolalarga muzlatilgan go`sht berish mumkin emasligini aytishsa-da, ta`minotchi korxona vakili bosim qilib, tahdidli so`zlar aytgani shov-shuvlarga sabab bo`ldi.
Viloyatdagi maktabgacha ta`lim tashkilotlari mazkur ta`minotchi korxona bilan shu yil 9 sentyabrdan ishlay boshlagan. Ammo, ta`minotning ilk kunlaridanoq norozilik kelib chiqqan. Shuningdek, bu holat bir yoki bir nechtta bog`chalarda emas, ta`minotchi xizmat ko`rsatayotgan deyarli barcha bog`chalarda yuz bergan. Qolaversa, boshqa mahsulotlar, xususan sut mahsulotlari bo`yicha ham e`tirozlar yuzaga kelgan, mahsulotlar etarli miqdorda etkazib berilmagan.
Ma`lum bo`lishicha, ta`minotchi korxona – “LAZZATLI HALOL OSHXONA” kompaniyasi Samarqand shahri, Toyloq, Urgut va Payariq tumanlari bog`chalariga mahsulot etkazib berish bo`yicha o`tkazilgan tenderda g`olib bo`lgan va sentyabrdan etkazib berishni boshlagan.
Biroq, kompaniyada hech qanday sertifikat yo`q va u yangi ochilgan. Bu qattiq shubha tug`diruvchi holatda negadir rasmiylar izoh berishga shoshilmayapti.
Ma`lum bo`lishicha, ota-onalarning shikoyatlaridan keyin tegishli mutasaddi idoralar tomonidan tekshiruv ishlari boshlangan, bu bo`yicha maxsus ishchi guruh tuzilgan. Samarqand viloyat Maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi mutaxassislar ishtirokida komissiya tuzilgani va holatlar har tomonlama tahlil qilinayotganini ta`kidlagan.
Ammo, mazkur holatlarni aniqlash va hozircha aniqlangan ma`lumotlar asosida rasmiy xabar taqdim etib borish shu qadar ko`p vaqt olishi jamoatchilikda shubha uyg`otishi mumkin.
Ma`lumot uchun, bog`chalarga muzlatilgan go`sht etkazib berilishi amaldagi sanitariya me`yorlariga zid. Gap bolalar sog`lig`i haqida ketar ekan, har qanday qonunsizlikka murosasiz munosabatda bo`lish shart. Biz bu borada achchiq tajribalarni boshimizdan o`tkazdik. 2019 yilda Toshkent viloyati, Bekobod tumanidagi 15-bog`cha tarbiyalanuvchilarida kuzatilgan zaharlanish, 2022 yilda Farg`ona viloyati Oltiariq tumanidagi 39-bog`chada bolalarning ommaviy zaharlanishi, 2023 yilda Toshkent viloyati Angren shahridagi 10-sonli bog`cha bolalaridagi ovqatdan zaharlanish, 2024 yilda Jizzax viloyatining Paxtakor tumanidagi nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotida bolalarning ovqatdan zaharlanishi kabi ko`plab zaharlanish holatlari bizga saboq bo`lishi kerak.
Shuningdek, 2023 yilda 65 nafar norasidaning doridan zaharlanib vafot etishi yurtimiz uchun achchiq saboq va aslo unutiladigan hodisa emas.
Shu sababli ham, mazkur holatda agar oziq-ovqat sifatida qonunbuzarliklar aniqlansa, mas`ul shaxslar qonun oldida javob berishi va bu borada jamoatchilikka aniq va xolis axborot berilishi shart.