Poytaxtning qaysi tumanlarida uy ham, ijara ham arzon?

13.09.2025 11:30

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ko`chmas mulk bozori bo`yicha yangilangan tahlil natijalarini taqdim qildi.  Unga asosan, O`zbekistonda 2025 yil avgust oyida uy-joy savdolari iyul oyiga nisbatan bir oz kamaydi, biroq yil davomida bozor qariyb 13 foizga o`sdi. 

Raqamlarga ko`ra, avgust oyida uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 25 mingni tashkil etdi. Bu ko`rsatkich iyulga qaraganda 4,6 foizga kam, ammo o`tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga ko`pdir. Hududlar kesimida eng katta o`sish Sirdaryo (34 foiz), Xorazm (29 foiz) va Surxondaryo (27 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

Ikki­lamchi uy-joy bozori

Avgust oyida ikki­lamchi bozorda narxlar iyul oyiga nisbatan yana 1 foizga oshdi. Yillik hisobda esa o`sish 4 foizni tashkil qildi. Jizzax (14 foiz), Surxondaryo (17 foiz) va Sirdaryo (10 foiz) viloyatlarida uy-joy narxlari eng yuqori darajada oshgani kuzatildi.

Poytaxtda ikki­lamchi uy-joy bozori narxlari yil davomida o`rtacha 2,3 foizga pasaydi. Biroq birlamchi, ya`ni yangi qurilgan uylar narxlari o`tgan yilga nisbatan 0,7 foizga oshdi. Avgust oyida esa ikki­lamchi bozorda narxlar 0,2 foizga ko`tarildi. Mirzo Ulug`bek (-6,3 foiz), Yashnobod (-4,4 foiz) va Chilonzor (-4,6 foiz) tumanlarida eng sezilarli pasayish qayd etildi. Shu bilan birga, yangi uy-joylar segmentida narxlar Mirobod (6,6 foiz), Yakkasaroy (3,6 foiz) va Olmazor (2,6 foiz) tumanlarida ko`proq oshdi.

Ijara bozori

Avgust oyida Toshkent shahrida o`rtacha ijara narxi bir kvadrat metr uchun 8 dollar atrofida barqaror bo`lib qoldi. Eng yuqori ijara narxlari Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida kuzatildi — o`rtacha 10,3 dollar bo`lsa-da, eng katta pasayish Uch­tepa, Chilonzor va Bektemir tumanlarida kuzatildi.

Umuman olganda, uy-joy bozori hududlarda sezilarli faollikni saqlab qolmoqda, Toshkentda esa talab barqaror darajada davom etmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар