Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) vabo tarqalishining global xavfini juda yuqori deb hisoblamoqda va butun dunyo mamlakatlarida o`lim darajasini kamaytirish hamda kasallik tarqalishini jilovlash uchun shoshilinch choralar ko`rmoqda. Bu haqda BMT Axborot xizmati xabar berdi.
JSST ma`lumotlariga ko`ra, ushbu kasallikka chalinayotganlarning ham, undan vafot etayotganlarning ham soni ortib bormoqda. 2024 yilda qayd etilgan vabo bilan kasallanish holatlari soni 2023 yilga nisbatan 5 foizga ko`paygan, o`limlar esa 50 foizga oshgan. 6 mingdan ortiq odam oldini olish va davolash mumkin bo`lgan ushbu kasallikdan vafot etgan.
2024 yilda vabo 60 mamlakatda qayd etilgan bo`lsa, 2023 yilda bu ko`rsatkich 45 ta edi. Dastlabki ma`lumotlar 2025 yilda ham global vabo inqirozi davom etayotganini ko`rsatmoqda: yil boshidan buyon 31 mamlakatda kasallik tarqalishi haqida xabar berilgan. Vabo eng ko`p Afrika, Osiyo va Yaqin Sharqda tarqalgan.
“Mojorolar, iqlim o`zgarishi, aholining ko`chishi va toza suv hamda gigiena vositalarining doimiy tanqisligi vabo kasalligining o`sishiga sabab bo`ldi. Vibrio cholerae bakteriyasi qo`zg`atadigan bu kasallik iflos suv orqali yuqadi”, deyiladi xabarda.
Vaboga qarshi kurashish uchun hukumatlar, donorlar va mahalliy hamjamiyatlar aholiga xavfsiz suv va gigiena vositalarini ta`minlashi, o`zini asrash bo`yicha aniq ma`lumot berishi, zarur davolash choralarini qisqa muddatda ko`rsatishi va kasallik tarqalgan taqdirda aholi orasida emlash o`tkazishi zarur. Samarali epidemiologik nazorat va diagnostika bunday choralarni amalga oshirishga yordam beradi. Shuningdek, vaksina ishlab chiqarishga qo`shimcha investisiyalar talab etiladi.
Qayd etilishicha, vabo uchun mo`ljallangan yangi innovasion vaksina (OCV) Euvichol-S® 2024 yil boshida oldindan tasdiqdan o`tgan. Biroq 2024 va 2025 yillarda vaksina etkazib berish sur`ati ehtiyoj darajasidan ortda qolmoqda.