«Mercedes», «Toyota 200», «E-bora” va «Volkswagen ID-6» elektr avtomobillari — Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasining rahbari Narzullo Oblomurodovga xuddi ana shu eng so`nggi rusumdagi zamonaviy mashinalardan foydalanadi.
Bu paytda esa xuddi shu tizimda faoliyat yuritayotgan qo`mitaning viloyat bo`limlari xodimlari esa muammoli joylarni chiqib o`rganishga ham maoshlari etmaydi. Qo`mitaning viloyat bo`limlari tang ahvolda qolmoqda. Ya`ni, qo`mita raisi N. Oblomurodov eng so`nggi rusumdagi elektrokarlarda yurgan bir vaqtda Ekologiya qo`mitasining hududiy bo`limlarida xodimlar 1,5 mln. - 2 mln. so`m oylikka qanoat qilmoqda.
Xususan, o`tgan yili Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasining Toshkentdagi «Yuksalish» umummiliy zalida yig`ilishi bo`lib o`tgan. Yig`ilishda qo`mitaning Jizzax bo`limi vakillari: viloyat bo`limlaridagi ahvol og`ir ekanligini, maoshlari bor yo`g`i 1 million 200 ming so`mni tashkil etishini, qo`shimcha to`lovlar bilan arang 2 millionga etishini aytishgan.
Shuningdek, o`sha yig`ilishda hududlar zarur texnikalar bilan jihozlanmagani ta`kidlangan. Ya`ni daraxtlarni ildizi bilan ko`chirib o`tkazish moslamasi faqatgina Toshkent shahridagina mavjud, u ham bo`lsa bir dona ekanligi afsus bilan tilga olingan. Bu haqida saytimizda “O`zbekiston ekologiyasi kam maosh, texnikasi va vakolati yo`q, abgor holatdagi qo`mita qo`lida qolmoqda” maqola e`lon qilingan edi.
Rost24.uz sayti Oblomurodovning 4 ta xizmat mashinalari haqidagi ma`lumotni ishonchli manbadan tasdiqladi.
Butun boshli qo`mitada bir dona daraxtlarni ildizi bilan ko`chirish uskunasi bor bo`lsa-yu, rahbarining o`ziga eng so`ngi rusumdagi 4-5 ta mashina xizmat qilsa?! Rost24.uz'da bundan oldin “Ekologiya sohasida deyarli hech narsa qila olmagan ekopartiya raisi, endi Ekologiya qo`mitasiga rahbar bo`ldi” maqolasi ham e`lon qilingan edi.
Eslatib o`tamiz: N.Oblomurodov respublikaning etakchi nashrlaridan biri bo`lgan "Xalq so`zi" gazetasi Bosh muharriri O`tkir Rahmatovning kuyovi hisoblanadi.