Odamlarni siyosatdan itarish emas, yaqinlashtirish kerak— Rost24.uz so`rovnomasidan keyingi fikrlar

24.06.2022 07:08

Ikkinchi maqola

Sen nechun bunchalar sustlashding?..

Bu farqni o`jar konservatizm va yangi avlod tafakkuridagi o`zgarishlar o`rtasidagi aksilmutanosiblik, deb izohlash ham mumkin. Zotan, jamiyat tasavvur qilayotgan "dunyo" bilan targ`ibotchiyu mafkurachilarimiz tavsiya etayotgan tutum va tushunchalarda xiyla farq bor.

Masalan, sovet ideologiyasi merosi bo`lgan "targ`ibot poezdlari"ni bugungi avlod qanday qabul qilishi mumkin? Juda kulgili. Prezident kecha katta yig`inda aytganiday, dunyo o`zgardi, ayniqsa, keyingi olti yilda internet va OAVga erkinliklar berilishi tafakkurdagi proteksionizmni sekin-asta "emirmoqda".

Qolaversa, mustabidlikdan qutilganimizga 30 yildan oshdi. Bir avlod etishib chiqdi... Ammo ko`p tutumlarimiz eskichasiga qolib ketdi. Ayniqsa, mafkura, jamiyat bilan ishlash jabhasida bu narsa ko`rinadi.

Ko`pchilik bizdagi a`yonlar nega buncha qo`pol va muttassil "qovun tushiraverishadi" deb malomat qilishadi. Menimcha, gap shundaki, o`sha "politinstruktorlarimiz", "strateglarimiz" eski,  sovet mafkura mashinasining mohir mashinisti janob Suslov zamonlarida "ixtiro" qilingan muhandislik amaliyotlarini qo`llaydilar.

Holbuki, Prezidentimiz aytganlariday, bugun zamon ham, dunyo ham, odamlar ham o`zgarib ketgan.

Xullas, qissadan hissa shulki, odamlarni siyosatdan itarish emas, yaqinlashtirish kerak. Siyosiy madaniyat degan tushunchani raiyat tafakkurida shakllantirish kerak.

TV kanallarimiz 24 soat maishiy seriallar berishning o`rniga aholimizning ongini o`stiradigan ko`rsatuvlar, shoular tashkil qilishlari kerak. Chet el OAVsi, ayniqsa, shovinistik ruhdagi axborot manbalari ta`sirini kamaytirish, imkon topilsa to`xtatish kerak. Shunda odamlarimizda nima to`g`ri, nima noto`g`ri ekanligini to`g`ri tusmollovchi ong paydo bo`ladi.

Aslini olganda, Mirjalol "bollada ayb yo`q" deganday, siyosatchi va strateglarimizni ham bu borada ayblab bo`lmaydi. Nimagaki, ularning ko`pchiligi ham barchamiz kabi eski ta`limot bilan "vakkum"da qolib ketdi. Zamonaviy dunyo, global dunyoda kechayotgan tendensiyalardan uzilib qoldi. Buning ustiga dorulfunun auditoriyalaridan hukumat xujralariga kirgan siyosatchilarimizning yoshlari ham navqironlikdan ancha o`tib ketgan...

Prezidentimiz mamlakat hayotidagi barcha jabhalarga yosh kadrlarni tortdi. Bugun erishayotgan muvafaqqiyatlar shuning mevasi, deb o`ylayman. Endi mafkura, ilm-fan va umuman, jamiyat tafakkurini shakllantirishda muhim omil bo`ladigan sohalarga ham yoshlarni, yangi kuchlarni ko`proq jalb etsak, menimcha to`g`ri bo`ladi.

Manba: @platformauzb

Eslatib o`tamiz, saytimizda «Oliy maqsadimiz» xalqni siyosatdan uzoqroq tutish niyatiga erishibmiz — Rost24.uz so`rovnomasidan keyingi fikrlar" (Birinchi maqola) ham e`lon qilingan edi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
11
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
24.06.2022 16:08
Савол езувдим халигача жавоб йук кутаяпман