Uch yildan ortiq vaqtdan beri atrofidagi mojarolarga jimlik bilan «javob berib» kelayotgan G`afur G`ulom nomidagi istirohat bog`i shu yil yozda ishga tushirilishi va`da qilingan edi. Yozning birinchi oyi o`tib bormoqda, bog` ochilishidan hamon darak yo`q.
Bolalarni himoya qilish kuni o`tdi, ko`plab ota-onalar to`satdan ko`tarilib ketgan narxlar tufayli farzandlarini bog` va saylgohlarga olib bora olishmaganini aytishadi. Shunday paytda Toshkentdagi ko`pchilik aholi uchun qulay bo`lgan istirohat bog`ining eshiklari berkligicha qoldi.
Saytimizda mazkur bog` haqida bir nechta maqola va materiallar chop etildi, senatorlar bog`ga shaxsan borib o`rganib, savollarga javob berishlarini ta`kidlashdi.
Senator Baxtiyor Sayfullaev Senat a`zolari «G`afur G`ulom» bog`ini joyiga chiqib o`rganguniga qadar, 2021 yil tugab qolganini, shuning uchun ular bog`ni o`rganishga ulgura olishmagani va bu ish endilikda kun tartibiga qo`yilishini aytgan edi. Nahotki 2022 yil ham tugab qolsa? Axir uning ham 6-oyi o`tib bormoqda.
Bog` direktorining o`rinbosari Zafar Mirzaulug`ovning fevral oyida bergan va`dasiga ko`ra, bog` shu yozda qurib tugatilishi kerak edi. Balki yoz uch oyligini nazarda tutishgandir?
Bir million dollarlik deyilgan attraksion esa uzoqlardan ko`rinib, avvalgidek savlat to`kib turibdi.
Eslatib o`tamiz, G`afur G`ulom bog`i 2019 yil 9 avgustdagi Vazirlar Mahkamasining F-670 son farmoyishi hamda Toshkent shahar hokimining 15 avgustdagi 1126-son farmoyishi asosida BMP Smart Decision’ga 49 yilga ijaraga berilgan. Kompaniya investision majburiyatlari doirasida bog`ni jahon standartlariga javob beradigan qilib qayta ta`mirlashi, eskirgan attraksionlarni yangisiga almashtirishi belgilangan edi. Bu kompaniya 2019 yil 13 fevral kuni ustav fondi bor yo`g`i 1000 singapur dollari (729 dollar atrofida) bilan ro`yxatdan o`tkazilgan.
G`afur G`ulom bog`i haqida saytimizda chop etilgan maqolalar:
Senatorlar «G`afur G`ulom» bog`ini «quritib», «Davlat tili to`g`risida»gi qonunni yig`latdi
Ortiqxo`jaevning unutgan va`dasini eslatamiz: G`afur G`ulom bog`i xalqniki emasmidi?