Andijon hokimi hibsga olingandan keyin ham qarorlar imzolangani tasdiqlandi. Bu Haydarovning birinchi jinoyati emas .
Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov 6 iyun kuni qamoqqa olingan edi. Keyinroq esa 6 va 7 iyun kunlari “E-qaror” elektron platformasida uning imzosi orqali tasdiqlangan 24 ta hujjat joylashtirilgani nashrlarda xabar qilindi. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo`lgandi.
Andijon viloyati adliya boshqarmasi tomonidan tarqatilgan xabarda keltirilishicha, jarayon o`rganilishi davomida 2022 yil 6 iyun kuni soat 9:43 va 21:18 oralig`ida hamda 7 iyun kuni 18:10 va 21:07 oralig`ida hokimlik devonxonasi mudiri S. Qodirjonov tomonidan B.Haydarovga tegishli elektron raqamli imzodan foydalanilgan holda “E-qaror” platformasida 26 ta qaror va farmoyishlar imzolangani aniqlangan.
“UZINFOCOM” MChJ mutaxassislari tomonidan Andijon shahar hokimi B.Xaydarovning “E-qaror” elektron tizimidagi shaxsiy kabineti Adliya vazirligining ko`rsatmasiga asosan bloklandi.
Ushbu jarayonda hujjatlarni soxtalashtirish ehtimoli borligini inobatga olib, tegishli materiallar prokuratura organlariga yuboriladi. Har bir qabul qilingan qarorning qonuniyligi o`rganib bo`lmaguncha, ularni ijroga qaratish maqsadga muvofiq emasligi yuzasidan tegishli ijrochi organlarga xabarlar berildi.
O`rganish yakunlari bo`yicha qo`shimcha ma`lumot taqdim etiladi, deyiladi xabarda.
Keyingi vaqtlarda asosan hokim o`rinbosarlari va yordamchilar, bo`lim mudirlari bilan bog`liq korrupsion ishlar ochilayotgandi. Shu sabab, «Qarorlarni hokimlar qabul qiladi, porani o`rinbosarlaru, yordamchilar oladimi?», degan savol ko`p marotaba o`rtaga tashlanadi. Bu haqida Rost.24 da ham material e`lon qilingan.
E`tiborli tomoni u avval ham shunga o`xshash ishda ayblangan bo`lsada, hokimiyat tizimlarida o`z ishini davom etiravergan. Uning o`tmishi egallab turgan lavozimiga soya sola olmagan.
Jumladan, u viloyat moliya boshqarmasi boshlig`i sifatida ishlagan vaqtda sheriklari bilan 48 mlrd so`m byudjet mablag`larini talon-toroj qilgan. Bosh prokuratura tomonidan olib borilayotgan tergov ishi doirasida 37 nafar shaxsga nisbatan ayblov e`lon qilinib, ularning 32 nafari qamoqqa olingan. Hozircha etkazilgan zararning atigi 23 foizi qoplangan.
Haydarov joriy yil 28 may kuni deputat daxlsizligi huquqidan mahrum qilingani ham aytilgan edi. Shundan so`ng ham qarorlarni qabul qilishda bemalol davom etaverganiga nima deyish mumkin?!
Bahromjon Haydarov avvalroq hokim sifatida ham er ajratish bilan bog`liq qonunbuzarliklar oqibatida davlat manfaatlariga 1,7 milliard so`mdan ortiq zarar keltirgan edi.
Eslatib o`tamiz, Oliy Majlis Senatining 26-yalpi majlisida Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslar davlat xizmatiga qabul qilinmasligi ma`lum qilingan. Bu mezon bo`yicha hozir ishlayotgan "Xalq xizmatchilari" ham tekshiriladimi, yo`qmi bu bizga ma`lum emas.