Borgan sari zamonaviylashib borayotgan poytaxtning 2200 yillik tarixini isbotlovchi Choshtepa (Shoshtepa) yodgorligi ko`p qavatli bino qurilishi hisobiga vayron bo`ldi.
«Xavotirga o`rin yo`q, biz bu erni yopiq hududga aylantiramiz va konservasiya ishlarini olib boramiz»,- degan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev va`dasini unutdi.
«Choshtepa» ni saqlab qolish maqsadida bo`lgan arxeolog Margarita Filonovich Toshkentda madaniy meroslarning vayron qilinishiga davlat tashkilotlarining befarq ekanligidan hayratda.
«Kim ruxsat berganligini bilmaymanu ammo mana shunday yodgorliklardan zamonaviy qurilish binolargacha bo`lgan masofa 200 metr bo`lishi kerak. Men o`z ruletkam (o`lchov asbobi) bilan o`lchab chiqdim yodgorlik atrofida 50 metrdan keyin 100 ta 7 qavatli binolar turibdi.
Tushunayapsizmi? Nega bunday holat yuz berdi? Kim bunga ruxsat berdi? Qaysi qo`riqlash organi? Axir bizda (bunday yodgorliklar) Madaniyat vazirligi himoyasidaku. Bizda ushbu yodgorliklar himoyasi bilan shug`ullanadigan vazirlik va mutasaddilar mavjudku?»
Arxeolog Filonovichning aytishicha, 2019 yildan boshlab «Shoshtepa» yodgorligidan uzoq bo`lmagan hududda 7 qavatli 100 ta binolar qurilgan. Ular o`z navbatida yodgorlik atrofida vibrasiya holatini yuzaga keltirgan va ibodatxonaning yarimi qulab tushgan.
«Qo`limdagi ushbu rejadan ko`rishingiz mumkin, strelka bilan belgilangan hamma narsa qulab tushgan faqat bitta qismigina o`z holatida turibdi».
Natijada internetda katta shov-shuv ko`tarilgan.Yodgorlikdan xabari bor mahalliy aholi vakillari, tarixchilar mazkur hududda zamonaviy uylar qurilish ishlarining davom ettirilishiga qarshi chiqishdi. Ko`p o`tmay Toshkent shahar hokimiyati bunga munosabat bildirdi:
«Toshkent shahar hokimligi ushbu tarixiy meros nafaqat munosib saqlab qolinishi, balki lozim darajada qayta ta`mirlanishidan manfaatdor. Hozir mazkur yodgorlikni asrab-avaylash bo`yicha loyihalash ishlari olib borilmoqda, qulab tushgan tepalik ustini yopish va ob`ekt atrofida sayyohlik hududini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu haqida keyinchalik atroflicha ma`lumot beramiz».
2019 yil may oyida hududda konservasiya ishlari boshlangani ma`lum qilingan va uning atrofi o`ralgan. Lekin, faqat shu o`siq qo`yilishi bilan ishlar to`xtagan va bu mamlakatda COVID-19 virusi avj olishi bilan izohlangan. “Bizning uylar DEVELOPMENT”kompaniyasi tomonidan olib borilayotgan ko`p qavatli zamonaviy uy-joylar qurilishi esa to`xtovsiz davom etavergan.
Toshkent shahar hokimligi va`da qilgan qayta ta`mirlash ishlari 2021 yilga kelibgina boshlandi, qazish ishlarini olib borish jarayoni davlat telekanallarida bir necha bor yoritildi.
Nima uchun zamonaviy ko`p qavatli uylar qurilishi davom etdiyu miloddan avvalgi IX va milodiy XVI asrlarga oid Shoshtepa yodgorligining qayta ta`mirlanish ishlari to`xtab qoldi? Nima uchun davlat organlari tarixiy obidani vayron qilgan tadbirkorga hech qanday chora ko`rmadi?
Gap shundaki, 2200 yillik tarixiy yodgorlikning vayron bo`lishiga olib kelgan «Yangi Choshtepa» turar-joy komplekslari qurilishi shaxsan Ortiqxo`jaevning o`ziga tegishli bo`lgan kompaniya tomonidan olib borilgan. Ya`ni qurilish ishlarini olib borgan “Bizning uylar DEVELOPMENT”kompaniyasi “J- UNITED GROUP” MChJ ta`sischiligida 2019 yilda ochilgan. O`z navbatida “J- UNITED GROUP” MChJ aksiyalarining 100 foiziga Toshkent shahar hokimi JAHONGIR ORTIQXO`JAEV egalik qiladi. Korxonaning ustav fondi esa 143 mlrd 632 mlnni tashkil etadi.
Eslatib o`tamiz, bundan bir muddat avval Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev «davlatning bir tiyiniga xiyonat qilmagani» ni aytgan edi.
Ma`lumot uchun: Shoshtepa miloddan avvalgi IX va milodiy XVI asrlarga oid yodgorlik bo`lib, Sergeli tumani, Choshtepa ko`chasida, Jo`n kanali bo`yida joylashgan. Ayni shu yodgorlikdan Toshkentning 2200 yoshini belgilashga imkon beradigan shaharcha belgilari topilgan.