Yil yakuniga qadar talabalarning 41 foizi turar-joy bilan ta`minlanadi, – Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi

20.10.2021 12:31

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi Rost24 axborot saytida chiqqan tahliliy maqolaga munosabat bildirdi.

Saytimizda  “Qo`nim topmas talaba, qachon qilar g`alaba?! – Toshkentdagi talabalarning 87 foizi talabalar turar joyidan quruq qolgan” nomli maqola e`lon qilingan edi. Unda bugungi kunda talabalarni qiynab kelayotgan turar-joylar muammosi va ularning echimi haqidagi masalalar ko`tarilgan edi.

Ushbu mavzu yuzasidan Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi quyidagicha munosabat bildirgan:

 Talaba – “Ilm talab qiluvchi” deganidir. Har bir yosh, albatta, talaba bo`lish istagi bilan ulg`ayadi. Bunday baxtga esa o`qib, ko`p izlangan yoshlar erishadilar. Bugungi kunda O`zbekistonda zamonaviy ta`limga qaratilgan e`tibor, kadrlarni tanlash sohalaridagi islohotlar, ertangi kunga bo`lgan ishonch ruhi oliy ta`limga bo`lgan qiziqishni yanada kuchaytirmoqda. Bu esa respublikada yoshlarning oliy ta`lim bilan qamrovning oshib borishi bilan hamohang kechmoqda. Oliy ta`limga talabalar qamrovining oshishi natijasida talabalar turar-joyiga bo`lgan ehtiyojning ham oshishiga olib kelmoqda. 

Tan olish kerak, bugun bu ehtiyojni to`liq qondirishning imkoni bo`lmayapti. Sababi nimada? 

Yurtimizda 2016 yilda 80 ta oliy ta`lim muassasasi faoliyat yuritgan bo`lsa, bugungi kunga kelib ular soni 144 ta etdi. Bundan ko`zlangan asosiy maqsad bitta ko`zlagan manzilimizga ko`proq natija bilan tezroq etishish. Bu jarayonda esa, albatta, ayrim muammolarning echimi biroz kechikishi mumkin. Ammo ishoning, ular echimsiz qolib ketmaydi, bosqichma-bosqich hal qilib boriladi va borilmoqda ham. Faqat ularning natijasini ko`rish uchun biroz vaqt kerak bo`ladi, xolos.

Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda talabalarni turar-joy bilan ta`minlash masalasi muhokama mavzusiga aylanmoqda. Buni eslatgan, ayniqsa, talabalar uchun jon kuydirgan insonlarga chuqur minnatdorlik bildirgan holda bugungi kunga qadar mazkur masala yuzasidan amalga oshirilgan amaliy ishlar bo`yicha ayrim raqamlarga ham to`xtalib o`tmoqchimiz.

Ayni kunlarda ham oliy ta`lim muassasalari (OTM) tomonidan imkoniyatdan kelib chiqqan holda talabalarning turar-joyga bo`lgan ehtiyojlarini qondirishga harakat qilinmoqda. 

Xususan, 2020/2021 o`quv yilida davlat oliy o`quv yurtlariga qarashli 228 ta talabalar turar-joyining umumiy quvvati 59ming, umumiy ehtiyoj esa 208,4 ming bo`lib, uning 28 foizi ta`minlangan va qo`shimcha 149,4 ming o`rinli talabalar turar-joyiga talab mavjud edi. 2021/2022 o`quv yilida oliygohlarga qabul natijasiga ko`ra, yotoq o`rinlariga ehtiyoj 223mingga etdi. Shundan 80 ming nafari, ya`ni ehtiyojning 36 foizini qondirish imkoni yaratildi. Nimaning hisobidan?

Hukumatning tegishli ko`rsatmalariga muvofiq mas`ul vazirlik va idoralar tomonidan talabalar turar-joyiga bo`lgan ehtiyojni bosqichma-bosqich qondirishning aniq va manzilli choralari belgilandi.

Ularga ko`ra, talabalar turar-joylaridagi mavjud yashash xonalarini optimallashtirish va ikki yarusli krovatlarni joriy etish orqali qo`shimcha 20 ming o`rin tashkil etish hisobiga mavjud yotoqxonalarning umumiy quvvati 80ming o`ringa etkazildi.

Bugungi kunda Toshkent shahridagi davlat OTMda talabalar turar-joyiga ehtiyojmand talabalar soni 72,5ming nafarni tashkil etadi. Ulardan 28,5ming nafari (yana 4,5ming o`rin tayyor bo`lish arafasida) 90 ta talabalar turar-joyiga joylashtirildi va ehtiyojning 39 foizi (yil yakuniga qadar bu 45 foizga etkazish mo`ljallanmoqda) ta`minlandi.

Shuningdek, joriy yil oktyabr oyining o`zida Toshkent shahridagi Toshkent davlat texnika universitetining boshqa yo`nalishda foydalanib kelingan 53 va 54-talabalar turar-joylari ta`mirlanib, qo`shimcha 970 ta yotoq o`rni yaratildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Olmazor tumanida joylashgan binolari talabalar turar-joylari sifatida Toshkent tibbiyot akademiyasiga o`tkazib berilishi natijasida qo`shimcha 1 000 ta yotoq o`rni tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda va 1 noyabrga qadar foydalanishga topshiriladi.

Yil yakuniga qadar Davlat byudjeti hamda OTMning byudjetdan tashqari mablag`lari hisobidan respublikada qo`shimcha 9ming o`rinli 24 ta talabalar turar-joylari foydalanishga topshirilishi hisobiga davlat OTMdagi talabalar turar-joylarining soni 256 taga etkazilib, 91ming nafar talaba joy bilan ta`minlanadi. Natijada talabalar turar-joylariga yashash ehtiyojini bildirgan talabalarning qariyb 41foiz ehtiyoji qondiriladi.

Ijara to`lovi masalasi yuzasidan.

Ijara asosida yashayotgan talabalarga ko`mak – bu qo`shimcha chora. Ammo masala shu bilan yopiladi, deb qabul qilmaslik lozim.

Talabalar turar-joyi bo`yicha muammoning o`tish davridagi echimlaridan biri bu ijarada turadigan va ijtimoiy himoyaga ehtiyoji yuqori talabalarga ko`maklashish masalasi, deb topildi. Bu masala davlat rahbari darajasida ko`rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.

Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 apreldagi PQ–6208-son va Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 sentyabrdagi 605-son qarorlariga muvofiq 2021 yil 1 maydan boshlab OTMda yotoqxona bilan ta`minlanmagan talabalar tomonidan to`lanadigan ijara to`lovining 50 foizini Davlat byudjeti hisobidan qoplab berish bo`yicha tizim yaratildi.

Bunda, ijara to`lovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari (270 ming so`m), qolgan hududlarda – bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravari (135 ming so`m)ni tashkil etadi. Bugungi kunda belgilangan tartibda murojaat qilgan talabalarga to`lovlar amalga oshirilmoqda.

Bu ham davlat tomonidan talaba uchun yaratilgan sharoitlardan biri, albatta. Biroq shunga qaramay, ijarada turadigan talabalarga ko`maklashish maqsadida talabalar turar-joyi qurish ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy ta`lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida” 2021 yil 9 sentyabrdagi 563-son qaroriga muvofiq 2022-2025 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida, ya`ni Davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiya va xususiy sektor mablag`larini jalb etish orqali 85 ta OTMda 91,2 ming o`rinli 228ta yangi talabalar turar-joylari barpo etish belgilandi. 

Shu bilan birga 2022-2026 yillar Investisiya dasturi doirasida 12 ming o`rinli40 ta talabalar turar-joyini rekonstruksiya va kapital ta`mirlash ishlari amalga oshiriladi.

2022 yilning o`zida OTMning byudjetdan tashqari mablag`lari hisobidan 2,3ming o`rinli 5 ta talabalar turar-joyi ishga tushiriladi.

Amalga oshiriladigan ishlar natijasida 2025/2026 o`quv yiliga kelib, davlat OTMda 495 ta (239 taga ko`paytiriladi) talabalar turar-joyiga 187ming nafar (96 mingga oshiriladi) talabani joylashtirish imkoni yaratiladi.

Umuman olganda, oldimizda turgan vazifalar juda ko`p. Bugungi kunda ana shu vazifalarni amalga oshirish uchun davlatimiz rahbari  va hukumatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Biz esa ishni sifatli, tartibli va bosqichma-bosqich tashkil etishimiz zarur, xolos. 

Bunda esa bizga jamoatchilik vakillari, ko`p sonli talabalar va fidoyi professor-o`qituvchilar yaqindan ko`mak berishiga ishonamiz.

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi axborot xizmati.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
20.10.2021 15:15
O'tgan yil Oliy va o'rta ta'lim vazirligi vakili talabalarni turar joy b/n ta'minlash vazirlik zimmasiga kirmasligini aytgan edi, endi nega burnini tiqadi yoki yotoqxona qurilishi bahonasida lahm go'sht ta'mini sezishdimi?