Sobiq Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonovning xatosini endi kim to`g`rilaydi?

08.04.2022 10:57

Sobiq Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonovning noto`g`ri qaroridan xalq jabr ko`rmoqda. 5 gektarlik maydonda ayni vaqtda 25 qavatli bino qurilishi davom etmoqda. Ko`plab xonadonlar allaqachon buzilgan, lekin kompensasiya pullari to`lanmagan. Shikoyatlar esa natija bermayapti.

Rost24.uz saytiga Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumani «Mahatma Gandi» va «Asaka» ko`chalarida yashovchi ko`plab aholi vakillaridan murojaat kelib tushdi.
Ular o`z murojaatlarida Toshkent shahar hokimligi tomonidan xususiy mulkka bo`lgan huquqlarining poymol qilinib,  turar joylari va tadbirkorlik sub`ektlari noqonuniy buzib tashlanayotganidan shikoyat qilishgan. Muxbirimiz shikoyatchilar murojaatini o`rganib, videoreportaj tayyorladi. 

 

Aniqlanishicha, Toshkent shahar hokimining 12.11.2017 yildagi 1652-son qarori bilan M.Ulug`bek tumani Asaka va Mahatma Gandi ko`chalari oralig`ida joylashgan hududda joylashgan turar va noturar joy binolari buzilishi hisobiga hududda obodonlashtirish ishlarini olib borishga ruxsat berilgan. Lekin bu erdagi xonadonlar buzilishi haqidagi hujjat ilova qilinmagan.

 


Toshkent shahar sobiq hokimi Rahmonbek Usmonov tomonidan qabul qilingan qarorga ko`ra ko`chmas mulk bilan bog`liq barcha harakatlar ta`qiqlangan. Ya`ni aholi o`z uylarini sotishi, ta`mirlashi yoki yangi qurilish qilishi mumkin emas, deb topilgan. Qaror ko`chmas mulk egalari va mazkur hududda yashovchi fuqarolar bilan kelishuvsiz qabul qilingan, binolarning mulkdorlari va aholiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xabar berilmagan.

Yana bir ajablanarli tomoni 2017 yilda qabul qilingan hokim qarorida oilalarni ko`chirish ishlari “GOLDEN DREAMLANDS” xorijiy sarmoyador shaklidagi mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilishi belgilangan bo`lsa, 2018 yil 6 fevraldagi 197 sonli qaror bilan “GOLDEN DREAMLAND” nomi “GOLDEN DREAMLANDS” nomiga o`zgartiriladi. Rost24.uz sayti muxbiri o`rganish natijasida bu ikki nom ostidagi ikki xil korxona ekanligini aniqladi.

 

Mazkur holatga izoh olish maqsadida “GOLDEN DREAMLANDS” MChJ rahbari Farhod Umarov bilan bog`landik. Avvaliga intervyu berishga rozi bo`lgan tadbirkor keyinchalik negadir qo`ng`iroqlarga javob bermadi. 

 5 gektarlik maydonda ayni vaqtda kompaniya tomonidan 25 qavatli bino qurilishi davom etmoqda. Ko`plab xonadonlar allaqachon buzilgan, lekin kompensasiya pullari to`lanmagan.

 

Bundan norozi bo`lgan aholi vakillari Toshkent shahar hokimligiga (oxirgi murojaat 2021 yil 29 dekabrda 21-son bilan ro`yxatga olingan) va O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga (05/18-14-2/-son) bir necha bor ariza bilan murojaat qilgan. «Ammo murojaatlarimiz e`tiborsiz qolmoqda»,- deydi jabrlanuvchilar.

 

Sobiq Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov yo`l qo`ygan xatoni endi kim to`g`rilaydi?

 

Mirzo Ulug`bek tuman hokimining «Asaka» mahallasidagi yordamchisi Bunyodbek Rajabov bu muammo qariyb 4 yildan buyon davom etib kelayotgani, hozirda echim yuzasidan ishlar olib borilayotganini ma`lum qildi.

O`zbekistonda noqonuniy snoslarga qarshi kurashish bir necha yillardan buyon asosiy kun tartibidagi masala bo`lib keladi. Aholi uy-joylarini noqonuniy buzib, tadbirkorlarga berib yuborish holatlari shunchalik avj oldiki, bunday holatga yo`l qo`yayotganlar 2019 yilning 2 avgust kuni o`tkazilgan kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida Shavkat Mirziyoevning keskin tanqidiga uchragandi:
«Qosh qo`yaman deb ko`z chiqardilaring, butun dunyoga sharmanda qildilaring. Qo`lingdan kelmasa nima qilasan buzib? Buzishdan oldin o`zingni kallangni buz! Yoki men senlarga shunday topshiriq berdimmi? Odamlarni rozi qilib, loyiha qilib, Bosh vazirga hisobot berib, keyin amalga oshirlaring deganman».

Shuningdek, prezident o`sha yig`ilishda hech kim birovning uyini uning ruxsatisiz buzib tashlashga haqqi yo`q ekanligini ta`kidlagan. Videoselektorda bir qancha hokimlar gap eshitgan, qattiq ogohlantirilib hayfsan olgan. Ammo ma`lum muddat hokim bo`lib, aholi uy-joylarini tadbirkorga berish haqida qaror chiqarib, qisqa qilib aytganda «qilar ishni qilib» keyin boshqa ishga o`tib ketish holatlari hamon davom etmoqda. Yuqoridagi holat esa ulardan biri xolos. 

Qonunbuzar amaldorlarning mana shunday harakatlari sababli O`zbekiston "Hukumat sud qarorisiz va adolatli tovon pulisiz mulkni musodara qilmaslik" reytingida 139 ta davlat ichida 138 o`rinda turibdi.

Eslatib o`tamiz, Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbaev 15 mart kuni bergan ma`lumotiga qaraganda,  tarkibida ko`plab hokimlar bo`lgan Senat hokimlarning o`zboshimchaligiga chek qo`yadigan “Er uchastkalarini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yish tartib-taomillari to`g`risida”gi qonunni qaytarmoqchi bo`lgan

Agar bu qonun kuchga kirsa hokimlar "snos" bahonasida biznes sub`ektlariga erlarni bera olmay qolishadi.
"Biz bu qonunni qancha tez qabul qilsak antikonstitusion va davlatchilik hurmatiga putur etkazayotgan bir qator lobbistik qarorlar, shu jumladan ayrim hokimlar amal ham qilmaydigan hukumatning 911-sonli qarori bekor qilinishiga erishamiz" degan Kusherbaev.

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
6
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар