O`zsanoatqurilishbankda transformasiya jarayonlari qanday kechmoqda?

08.04.2022 09:44

Biznes sub`ektlari bilan ishlashda yangi yondoshuvlar, kredit olish uchun onlayn arizalar, QR-Online kontaktsiz to`lov tizimi va boshqa qulayliklar qatorida endi butunlay yangi formatda ya`ni masofaviy xizmatlar sonini oshirish nazarda tutilmoqda. Shu maqsadda 71 ta bank amaliyotlarini o`zida jamlagan “SQB Business” dasturi ishga tushirilyapti. 
 

 Joriy yilning 7 aprel kuni Milliy matbuot markazida O`zsanoatqurilishbank tizimida kichik va o`rta biznes yo`nalishida amalga oshirilayotgan transformasiya jarayonlariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Tadbirda bank rahbariyati, tegishli tarkibiy bo`linmalar mas`ullari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik – mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor yo`nalishi. So`nggi besh yilda hukumatimiz tomonidan sohani rivojlantirishga qaratilgan 2 mingga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.

Ushbu me`yoriy hujjatlarga asosan, shuningdek, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan transformasiya jarayonlari doirasida O`zsanoatqurilishbank tizimida ham ko`plab tartib-qoidalar soddalashtirildi, hujjatlarni rasmiylashtirish qisqartirildi, tadbirkorlikka har tomonlama keng imkoniyatlar yaratildi.

Xalqaro moliya korporasiyasi tavsiyalari asosida bankning butunlay yangi tashkiliy tuzilmasi joriy qilinib, bank mijozlari 3 turdagi (korporativ, kichik va o`rta biznes hamda chakana biznes) segmentlarga, shuningdek, kichik va o`rta biznes sub`ektlari ham alohida subsegmentlarga (mikro, kichik va o`rta segmentlar) ajratildi.

Mijozlarning bank mahsulot va xizmatlari yuzasidan fikr va mulohazalari, muammo va takliflarini o`rganishlar natijasida shu yilning o`zida birgina kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari uchun 13 ta kredit mahsuloti, 2 ta xizmatlar paketi hamda kassa hisob amaliyotlari uchun 1 ta mahsulot amaliyotga joriy etildi.

Anjumanda bu borada Bankning Buxoro mintaqaviy filialida amalga oshirilgan ishlar misol tariqasida keltirib o`tildi.

– Transformasiya jarayonlarining so`nggi bosqichidagi eng muhim yo`nalish – bu filiallarda xizmat ko`rsatishni mijozga yo`naltirilganlik tamoyili asosida yo`lga qo`yish, – deydi «O`zsanoatqurilishbank» ATB Kichik va o`rta biznes departamenti bo`lim boshlig`i Xabibulla Atanazarov. – Buxoro mintaqaviy filialida mijozlarga xizmat ko`rsatish bo`yicha ish uslubi va biznes modeli butunlay yangidan tashkil etildi. Mijozlarga mijozbay xizmat ko`rsatish maqsadida biznes menejer va universal servis menejerlaridan tashkil topgan front ofis xodimlari faoliyati yo`lga qo`yildi. Buning natijasida bankimizda kredit ajratish tezkorligi yuridik shaxslar uchun 2,6 barobarga, mijozlar soni 12  foizga, masofaviy bank xizmat turlaridan foydalanuvchilar soni esa 115 foizga o`sdi.

Kredit olish uchun arizalar Bankning rasmiy veb sayti orqali onlayn tarzda qabul qilinishi yo`lga qo`yildi. Mijozlar, shuningdek o`z arizalari holatini onlayn kuzatib borish, hisob raqam ochish, korporativ karta va terminallarga buyurtma berish imkoniga ega bo`lishdi.

Anjumanda ayni paytda bank tizimida tadbirkorlarga sifatli va tezkor xizmat ko`rsatish hamda kreditlash jarayonini avtomatlashtirish maqsadida joriy etilayotgan yangi dasturlar, xususan, masofaviy xizmatlar sonini oshirish maqsadida 71 ta bank amaliyotlarini o`zida jamlagan “SQB Business” dasturi ishga tushirilmoqda.

Mijozlarga bankning istalgan tarmog`idan xizmat ko`rsatishni yo`lga qo`yish maqsadida yagona MFO tizimini joriy qilish ishlari faol davom ettirilmoqda. Bugungi kunda Buxoro viloyatidagi barcha filiallar hamda Toshkent shahridagi Yunusobod filiali ushbu tizimga muvaffaqiyatli o`tkazildi.

Bank tizimida savdo va pullik xizmat ko`rsatish faoliyati bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatini qo`llab-quvvatlash hamda aholiga qulayliklar yaratish maqsadida QR-Online kontaktsiz to`lov tizimi joriy etildi.

Bundan tashqari, ayni paytda “Tap to Phone” moduli orqali to`lovlarni qabul qilish amaliyotini yo`lga qo`yish ishlari olib borilmoqda. Tadbirda yangi NFC tizimida ishlovchi mazkur dastur bank savdo terminallaridan foydalanuvchi tadbirkorlarga qo`shimcha qulaylik yaratishi ta`kidlandi.

Mijozlar to`g`risidagi barcha ma`lumotlarni bir bazada shakllantirib borish hamda bank xizmatlari va mahsulotlarini ularning talabidan kelib chiqqan holda taklif etish maqsadida CRM tizimi yo`lga qo`yilmoqda.

Bank amaliyotlari, xususan, xizmat ko`rsatish bilan bog`liq 600 dan ortiq biznes jarayonlar “Visio” dasturida shakllantirildi. Bankning malakali xodimlari tomonidan 350 dan ortiq biznes jarayonlarni optimallashtirish hisobiga yaratilgan mazkur baza muassasaga endi ishga qabul qilingan va boshqa lavozimga o`tkazilgan mutaxassislar uchun texnik o`quv qo`llanma sifatida asqotmoqda.

Bank Axborot xizmati

                                                                                                                         Reklama huquqi asosida
 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар