SQB o`quvchilarning moliyaviy savodxonligini oshirmoqda!

06.04.2022 06:56

Maktab o`quvchilariga savol bilan yuzlandik. Xo`sh, kim pul yig`ishni yaxshi ko`radi, yoki kim kundalik harajatlarini nazorat qilib boradi? Zal suv quygandek jim-jit edi! Keyin ularga navbatdagi savolni berdik. Aytingchi, kim har kuni pul ishlatadi? Negadir 1-savolga ko`tarilmagan qo`llar bu javobga kelganda jonlanib qoldi. Birdaniga hamma: "men, men, men, men....."

Shu onda o`ylanib qoldik. Nega farzandlarimiz har kuni bizdan maktabga pul olishni qoyillatishadi-yu, lekin uni mustaqil tasarruf eta olishmaydi. Yoki nega 10 yoshlik bolalar, do`konga kattalar yordamisiz chiqib, qaytimni to`g`ri olishni uddalay olmaydi. Balki ularga moliyaviy savodxonlik etishmas?! Xo`sh, uni kimdan, qachon o`rganishadi? 

O`zsanoatqurilishbank tizimida O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan hamkorlikda “Butunjahon jamg`arish kuni” (“World savings day”) xalqaro ta`lim kampaniyasi doirasida umumta`lim maktablarida o`tkazilayotgan moliyaviy savodxonlik darslari o`quvchi-yoshlarga ana shu kabi bir qarashda arzimasdek, lekin hayotda nihoyatda zarur bo`lgan bilimlarni etkazishga qaratilgan.

Bugungi kunga qadar aholining moliyaviy savodxonligini oshirish va yoshlarda o`z pul mablag`lari jamg`arish ko`nikmalarini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan ushbu ta`lim dasturi bugungi kungacha 60dan ziyod umumta`lim maktablaridagi 3 mingdan ortiq o`quvchilarni qamrab oldi.

– Moliyaviy ta`lim kelajakda yoshlarga moliyaviy masalalarda oson va to`g`ri qaror qabul qilishda ko`maklashadi, ularning pul mablag`lari bilan munosabatda xavfsizligini oshiradi, – deydi “O`zsanoatqurilishbank” ATBning poytaxtimizdagi Rakat filiali boshqaruvchisi o`rinbosari A.Shavkatov. –Aksincha, moliyaviy bilimga ega bo`lmaslik esa, nafaqat moliyaviy inqirozga, balki tez-tez firibgarlar tuzog`iga tushishga, haddan tashqari ko`p qarz va ijtimoiy-ruhiy muammolarga kirib borishga sabab bo`ladi. Shu nuqtai nazardan xalqaro ta`lim kampaniyasi doirasidagi ushbu tashabbuslar har jihatdan dolzarb, uni qo`llab-quvvatlashda davom etamiz.

Mashg`ulotlarda Bank mutaxassislari o`z malaka va tajribalariga tayanib o`quvchi-yoshlarni bank-moliya olami bilan tanishtirmoqda, bank xizmatlari iste`molchilari sifatida huquqiy bilimlarini oshirib, ularning mustaqil hayotida asqotuvchi moliyaviy xulq-atvorini shakllantirmoqda.

Xususan, o`quvchilar “byudjet”, “moliya”, “bank” tushunchalari bilan birga, omonat, plastik karta, kredit kabi eng ommalashgan xizmatlar, shuningdek, onlayn xizmatlar to`g`risida batafsil ma`lumotga ega bo`lishmoqda. Mobil ilova misolida raqamli bank imkoniyatlari bilan tanishtirilmoqda.

– O`zimda ishbilarmonlik qobiliyati borligini his qilaman, – deydi yuqori sinf o`quvchilaridan biri Sanjar Ravshanov. – Bank xodimlari bilan uchrashuv mustaqil ish boshlashimda mablag` borasidagi o`ylarimni aritdi. Kreditni qarz, ishni esa qarzdan boshlamaslik kerak deb tushunardim. Bank mutaxassislari diqqatni qarz uzishga emas, balki, undan qanday unumli foydalanishga qaratish lozimligini o`rgatdi. 

– Moliyaviy savodxonlik ko`nikmalari yoshlarga real maqsadlar qo`yish va ularga erishish sari ishonch bilan borish imkonini beradi, – deydi “O`zsanoatqurilishbank” ATBning Yashnobod filiali boshqaruvchi o`rinbosari A.Luqmonov. – Ishlab topganingizni ko`paytirish tugul, shunchaki ushlab turish uchun ham kishining uquvi bo`lishi kerak. O`zaro savol-javoblarda o`quvchilar mana shunday bir qarashda oddiy, lekin dolzarb savollarga javob olishdi.

Bugungi kungacha Bank tomonidan uch mingdan ziyod o`quvchi-yoshlarning moliyaviy savodxonligi oshirildi. Biroq, bu raqam o`sishda davom etmoqda. “Butunjahon jamg`arish kuni” xalqaro ta`lim kampaniyasi ishtirokchilari bo`lmish O`zsanoatqurilishbank xodimlari viloyatlardagi chekka qishloqlarga ham kirib bormoqda.

Bank Axborot xizmati

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар