G`afur G`ulom nomidagi istirohat bog`i atrofidagi gap-so`zlar bir necha yildan beri tugamaydi. Avvaliga investorga berildi, keyin qaytarib olish masalasi ko`riladi deyildi, keyin bu masala nima sababdandir ko`rilmadi, xullas, endi shu yil yozda istirohat bog`i foydalanishga topshirilishi va`da qilinmoqda. Bu va`dalar mavsum tugamay amalga oshmasa, bu yil ham o`rtahol oilalarning bolalari hamyonbop atraksionlarda uchish imkonidan mosuvo bo`lishadi. Aytgancha bu bog` endi hamyonbopligicha qoladimi yo`qmi bu ham savol ostida. Chunki, investor o`zi tikkan mablag`ni albatta tezroq qaytarib olish payida bo`ladi. Narxlar oddiy oila bolasi hordiq chiqarishi uchun mos bo`lmasa, yana televizor qarshisida kuzatishadimi ular?
Rost24.uz saytida ham boshqa OAVlarda ham bog`ning shubhali investori, xalqqa bu bog` kerakligi haqida bir nechta maqolalar e`lon qilindi. Lekin, mutasaddilar o`z qarorida sobit turishibdi. Jamoatchilik fikriga hech kim quloq solgani yo`q.
«G`afur G`ulom bog`idagi daraxtlarni pechak o`simligi quritgan»
Bir necha oy avvalgi holatga ko`ra, G`afur G`ulom bog`ida 15 tup daraxt, Olmazor tumanidagi Abdulla Qodiriy bog`ida 35 tup daraxt qurib qolgani ma`lum qilingan (hozirda daraxtlarning qanchasi qurib qolgani haqida aniq ma`lumot yo`q). Bog` direktorining o`rinbosari Zafar Mirzaulug`ovga ko`ra, daraxtlarning qurishiga asosiy sabab, «plyush» deb nomlanuvchi, daraxtga chirmashib o`suvchi pechak o`simligidir. Mirzaulug`ov ushbu o`simlik daraxtga chirmashib, sanchilib, erdan daraxtning tanasiga kelayotgan namlikni o`zi tortib olishini aytadi.
Ammo mutaxassislar butunlay boshqa fikrda. Ma`lumki, bunday chirmovuqsifat o`simlikni ko`plab daraxtlar tanasida uchratishimiz mumkin, poytaxtdagi deyarli barcha istirohat bog`larida, Mustaqillik maydoni atroflarida, Shahidlar xiyobonida, xususan, Botanika bog`idagi daraxtlar tanasida ham bunday lianalar bor. Bunday o`simliklar daraxtga osilgan holda o`sib, ular parazitlar turkumiga kirmaydi. O`zbekiston Botanika bog`ida ham plyushlar o`sadi va botanik olimlar fikriga ko`ra, ular daraxtdan ilashish maqsadida foydalanadi, lekin unga zarar etkazmaydi. Mutaxassislar daraxt qurishining asosiy sababi o`sha joydagi ekologik holat, xususan qurilishlar bo`lishi mumkin deb hisoblashmoqda.
Qurilishlar, yangilanishlar, investisiyalar davlatni rivojlantiradi, ijobiy o`zgarishlar xalqni boy qiladi, bundan har bir insonman degan fuqaro albatta xursand bo`ladi. Ammo, xalqning ko`zini aldash, ijobiy o`zgarishlarni niqob qilib ayblarni bekitish bu xalqqa xiyonatdir.
Sardoba toshqini yuz berib, jinoiy ishlar ochilgan paytda, aloqador amaldorlar tomonidan zoologlar ko`rsichqon va tulkilarning Sardoba to`g`oni emirilishiga ta`sirini o`rganish uchun jalb qilingan, laqqa baliqlarning to`g`onga ta`siri o`rganilgan edi. Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda haqli e`tirozlarga sabab bo`lgan.
Endi esa necha yillardan beri bog`dagi daraxtlar bilan yonma-yon o`sib kelayotgan pechaklar aybdor sifatida ko`rsatilayapti. Bu kulgili emasmi?
Shunday ulkan, bir necha yillik katta daraxtlarning bir chirmovuq ta`sirida qurishi mutaxassis bo`lmagan oddiy xalq uchun ham tushunarsiz.
Balki, yanagi safar shunday holatlar yuz berganda avval biror soha mutaxassisini chaqirib, ishonarliroq sabablar o`ylab topish kerakdir? Chunki zamon o`zgaryapti, xalq, jamoatchilik endi avvalgidek sodda va ishonuvchan emas, bunday aqldan ancha uzoq sabablarni ko`rsatish orqali amaldor qatlamning kulgiga qolish ehtimoli juda katta.
O`zimizni investor va unutilgan va`dalar
Toshkent shahar hokimligining ma`lumotiga qaraganda, umumiy er maydoni 13,99 gektar bo`lgan «G`afur G`ulom» nomidagi madaniyat va istirohat bog`i Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 avgustdagi 670-F-sonli farmoyishiga muvofiq, Singapurning «BMP Smart Decision Private Limited» kompaniyasiga zamonaviy ko`ngilochar maskan barpo etish uchun ijara huquqi asosida 49 yil muddatga ajratib berilgan.
Uning ta`sischisi – O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida yashovchi Halimov Sherzoddir. Kompaniyaning ustav fondi miqdori 1000 Singapur dollari (taxminan 720 AQSh dollari)ni tashkil qiladi. Kompaniya 2019 yil 13 fevralda ta`sis etilgan.
Ikki yil avval ustav jamg`armasi o`n million so`mga ham etmagan bu kompaniyaning jami 10 mln dollar to`g`ridan to`g`ri xorijiy investisiya kiritishiga shubha bilan qaralgandi. Bu shubhalar o`rinli chiqayapti shekilli, hanuzgacha bog`ni yangi qiyofasini ko`rganimiz yo`q. Bu bog`ni ham cho`llantirilgan Milliy bog` taqdiri kutmayotgan bo`lsa bo`ldi.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev istirohat bog`ini hokimiyat mablag`lari evaziga ta`mirlatib, yangi qiyofani birgalikda yaratish taklifini kiritgandi. Shuningdek, «xalqniki bo`lgan bog` xalqda qolishi» ta`kidlab, jamoatchilikni tinchlantirib qo`ygandi.
Quyidagi so`zlar esa o`tgan yilning 16 dekabrida palataning yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboevaga berilgan va`da:
“G`afur G`ulom bog`i investorga berilgan. Bizga taqdim etgan loyihasi bo`yicha 2 yil davomida hech qanday daraxtga tegmasdan, plyaj zonalarini asl holicha qoldirish, uni rekonstruksiya qilish va qo`shimcha yangi attraksionlarni qo`yishi ko`rsatilgan. Lekin hozir tadbirkorimiz 1 yildan oshdiki, haligacha o`ziga qo`yilgan vazifalarini bajarmadi. Buni qayta ko`rib chiqamiz”.
Janob hokim! Biz va`dangizni eslaymiz! Bog` qachon xalqniki bo`ladi? Yo bu gaplar shunchaki yolg`onmidi? Yolg`on ma`lumot uchun jurnalistlaru, blogerlarga ishlaydigan javobgarlik normalari, amaldorlarga ishlamaydimi?
Biz yolg`on va`dalarni eslatib o`tish barobarida, hech bo`lmasa qolgan daraxtlar saqlanib qolishidan ham umidvormiz. Ekologiya nazoratiga daxldor tashkilotlar ham bu hududdan ko`z yumib o`tib ketmasligi kerak.