Prezident qarorlarini bajarishni Investisiya vaziri Sardor Umrzoqov eplay olmayapti

01.04.2022 17:46

YoXUD Mo`ynoqda qurilishi kerak bo`lgan kazino qog`ozlarda qolib ketmoqda

  • Qaror chiqqaniga 2 yil bo`lmoqda, ammo amalda nima ish qilindi?..
     
  • Investorlar bo`yicha aniq tafsilotlar yo`q...
     
  • Hattoki, Muynoq tumanida maxsus maqomdagi turistik-ko`ngilochar zonani yaratish bo`yicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmagan.
     

***

Prezident qaroriga ko`ra, Mo`ynoq tumanida alohida maqomga ega turistik-ko`ngilochar zona tashkil etish to`g`risidagi taklif ma`qullanganiga 2 yil bo`lmoqda. Bu hududda alohida maqomga ega turistik-ko`ngilochar zona tarkibida kazino va tavakkachilikka asoslangan o`yin joylarini tashkil etish nazarda tutilgan edi.

Kazino qurilishi va qonunchilik bilan muvofiqlashtirilishi hamda unga investisiya jalb qilish ishlari esa Bosh vazir o`rinbosari Sardor Umrzoqovga yuklangandi. Biroq Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi shu vaqtgacha kazino tashkil etishiga oid ma`lumotlarni ochiqlamagan. Shu bilan birga Prezident qarorida Mo`ynoqni rivojlantirish bo`yicha yana bir qancha ustuvor yo`nalishlar belgilangan bo`lib, ularning ijrosi hamon Sardor Umrzoqovning bajarib ulgirmagan ishlari ro`yxatida qolib ketmoqda.

Rost24.uz sayti Mo`ynoqda qurilishi rejalashtirilgan kazino taqdiri bilan qiziqdi. Vazirlikning saytga ma`lum qilishicha, bugungi kunda Mo`ynoq tumanida alohida maqomdagi turistik-ko`ngilochar zonani tashkil etish loyihasini amalga oshirish maqsadida 25 ta manfaatdor vazirlik va idoralardan iborat ishchi guruhlar tashkil etilgan.

Mazkur ishchi guruhlar tomonidan joylarga chiqqan holda sayyohlik-ko`ngilochar zonani joylashtirish uchun eng qulay lokasiyani tanlash, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy va salbiy ta`sir etishi mumkin bo`lgan omillarni baholash, shuningdek, lotereyalar va boshqa qimorga asoslangan o`yinlarni davlat tomonidan tartibga solishning xalqaro amaliyoti o`rganib chiqilgan.

Shuningdek, vazirlik matbuot xizmatining bildirishicha, loyihani amalga oshirishdagi eng muhim jihatlardan biri yuqorida qayd etilgan zonani tashkil etishning yoshlarga ta`sirini e`tiborga olishdir. Shu sababli, ishchi guruh har tomonlama o`ylab ko`rilgan qarorlarni qabul qilish ustida ish olib bormoqda, bu jarayon esa tahlillar va hisob-kitoblarni o`tkazish uchun qo`shimcha vaqt talab etadi, deya qayd etdi.

Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi masalani o`rganib chiqayotganiga salkam 2 yil bo`lmoqda. Ammo shu vaqtgacha kazino qaerda joylashishi va investorlar bo`yicha aniq tafsilotlar berilmagan. Sababi, Muynoq tumanida maxsus maqomdagi turistik-ko`ngilochar zonani yaratish bo`yicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlarning o`zi qabul qilinmagan. Masalaning aynan shu tarafi keyingi qadamlarni belgilab olishga to`sqinlik qilmoqda.

Shuningdek, yuqorida aytilganidek, Prezident qarori (PQ-4889-son) bo`yicha Mo`ynoqda amalga oshirilishi ko`zlangan va Umrzoqov zimmasiga yuklangan qator ishlar qog`ozda qarorligicha qolib ketmoqda.

***

Prezident qarorlarini Investisiya va tashqi savdo vazirligi amalda qanday bajarayapti?

Qog`ozda va og`izda bor, ammo amalda yo`q “vazifalar” bormi?

Soxta investisiyalar, hisobot va kuzatuvlar tahlili. 

Davlatning yagona investisiya siyosatini kim hayotga tatbiq etishi kerak?

Bu savollarning javobi navbatdagi tahliliy maqolalarimizda...

Bizni kuzatishda davom eting.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
03.04.2022 18:35
Муйнокка казинога нима бор? Ундан кура одамларни маошини ошириш керак!