Oliy sud barchasini ko`rsatib, asoslab berdi. Ammo sudyalar yana e`tibor qilmadi
SUDYaLAR 19 TA FAKTNI INOBATGA OLIShNI NEGA XOHLAMAYaPTI?
Rost24.uz axborot-tahliliy saytiga sudyalar e`tiborsizligidan shikoyat qilgan «Bunyod» MChJ rahbari Shavkat Yusupov quyidagi (fakt)larni bayon qiladi:
O`rinbosarim Azadbay Babajanov firmamizga tegishli 1,32 gektar er maydonini qalbaki hujjatlar orqali 2006 yil 7 fevral sanasi bilan o`zining nomiga o`tkazib olgan.
Faktlar asosida hujjatlarni yig`ib tegishli tashkilotlarga berdim. Jinoyat ishlari bo`yicha Zangiota tuman sudining 2021 yil 30 apreldagi hukmi bilan oqlanib, jinoyat ishi harakatdan tugatilgan. Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atining 2022 yil 17 fevraldagi ajrimi bilan mazkur hukm o`zgarishsiz qoldirilgan.
Mazkur jinoyat ishi muqaddam birinchi va apellyasiya instansiyalari sudlari tomonidan ko`rilgan bo`lib, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atining 14.10.2021 yilgi ajrimi bilan Toshkent viloyati sudi apellyasiya instansiyasining 19.07.2021 yilgi ajrimi bekor qilingan va jinoyat ishi yangidan apellyasiya instansiyasi sudida ko`rish uchun yuborilgan.
Bu borada Oliy sud ishni qaytadan ko`rib quyidagi fakt va dalillarga asosan qonuniy qaror qabul qilish lozimligini ta`kidlagan:
1. Respublika ko`p tarmoqli Agrosanoat birjasi YoAJning 2006 yil 7 fevralda oldi-sotdi auksion shartnomasi haqiqatda o`tkazilganligini o`rganish;
2. Auksionni o`tkazgan brokerlarni shaxsini aniqlab, ularni so`roq qilish;
3. Zangiota tuman hokimining 2010 yil 17 avgustdagi 586-sonli «Barokat» TICh firmasidan 4,5538 gektar er maydoni «Bunyod» MChJga o`tkazish haqidagi qarorini hozirgi kunda ham qonuniy kuchdaligiga aniqlik kiritish;
4. Mazkur erni topshirish va er chegarasini aniqlash haqidagi 20.07.2010 yildagi dalolatnomasida Zangiota tuman Er tuzish va ko`chmas mulk Kadastri boshlig`i sifatida A.Sagdullaev imzo chekkanligi holatini o`rganib, Zangiota tuman Er tuzish va ko`chmas mulk Kadastrining 2011 yilda 11-04-08-01-04 son bilan «Bunyod» MChJga noturar joy bino-inshootlarni rasmiylashtirgan hujjatini haqiqiyligiga baho berish;
5. Jinoyat ishidagi erni topshirish, qabul qilib olish, auksion savdosidagi va boshqa hujjatlaridagi jabrlanuvchi Sh.Yusupov va oqlangan shaxs A.Babajanov imzolarining haqiqiyligini va imzo qo`yilgan vaqtini qanday holatda qo`yilgani kabi savollarga javob olish uchun jinoyat ishi yuzasidan X.Sulaymonova nomidagi RSEMning xatshunoslik ekspertizasini tayinlash.
Biroq Oliy sudning ushbu ko`rsatmalari Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati tomonidan ishni yangidan apellyasiya tartibida ko`rish chog`ida umuman e`tiborga olinmagan.
6. «Respublika ko`p tarmoqli agrosanoat birjasi» orqali 07.02.2006 yilda o`tkazilgan 36/2-A-sonli auksiondan umuman bexabar bo`lganman.
7. Auksiondan keyingi qabul qilish-topshirish dalolatnomasidagi meni nomimdan qo`yilgan imzo boshqa shaxs tomonidan bajarilgan. Hujjatlarga qo`yilgan muhr kimga tegishli ekanligi tekshirilmagan.
8. O`sha vaqtlarda «Agrosanoat Birjasi» muhri kim yoki kimlar mas`ul ekanligi, Agrosanoat birjasi muhri kimda yoki qaerda saqlanishi, Agrosanoat Birjasi mas`ul xodimlari kimning imzosi muhri bilan tasdiqlanishi mumkinligi o`rganilmagan.
9. «Agrosanoat» birjasi 2006 yilgi hujjatlarini Arxivga topshirilganligi haqida xat bergan, lekin Respublika O`zArxiv agentligining ma`lum qilishicha, mazkur shartnomaning nusxalari arxivda mavjud emas ekan.
Respublika sud ekspertiza markazi shartnomadagi imzo Sh.Yusupov tomonidan qo`yilgani, lekin qabul qilish-topshirish dalolatnomasi aynan Sh.Yusupov tomonidan qo`yilganini aniqlashni imkoni yo`qligini ta`kidlagan.
Biroq ishni ko`rish chog`ida bu tafovutni komissiyaviy ekspertizani tayinlash yo`li bilan bartaraf qilish choralarini ko`rmasdan, birinchi va apellyasiya instansiya sudlari 2021 yil 25 fevraldagi xulosaga asoslangan holda qaror qabul qilgan.
2016 yilda Zangiota DSI boshlig`iga xat yo`lladim. Ushbu xatga kelgan javobda esa quyidagi raqamlar keltirilgan:
10. Zangiota tuman hokimining 17.08.2010 yildagi 586-sonli qaroriga asosan «Bunyod» MChJga 4,5538 gektar er maydoni ajratilgan, ushbu ajratilgan er maydonidan Azadbay Babajanovga 1,32 gektar er maydonini sotib olishi munosabati bilan Zangiota tuman hokimining 2014 yil 13 yanvardagi 21-sonli qaroriga asosan jamiyatning er maydoni 3,2338 gektar deb hisoblanganligi bayon qilingan.
Lekin negadir Toshkent shahar sudi ushbu xatni haqiqiyligini tekshirmagan, xatdagi imzo yuzasidan ekspertiza tayinlanmasdan, unda «BUNYOD» MChJning muhri qo`yilmagani holatiga baho berilmagan?
11. Xatda «Bunyod» MChJ o`ziga tegishli bo`lgan 1,32 gektar er maydonini Azadbay Babajanovga sotilganligi yozilgan. Biroq O`zbekiston qonunchiligiga muvofiq er oldi-sotdi munosabatlarining ob`ekti bo`lishi mumkin emas! Faqat ko`chmas mulk ob`ektlari sotilganidagina, ular joylashgan er uchastkalari sotib oluvchining egaligiga o`tkazilishi mumkin.
12. O`zbekiston qonunchiligiga ko`ra, MChJ rahbari jamiyatga tegishli bo`lgan mulkni o`z ixtiyori bilan tasarruf eta olmaydi, asosiy aktivlarni sotish bilan bog`liq bitimlarni (shu jumladan yirik bitimlarni) tuzish uchun dastlab bu bitimlar Jamiyatning barcha ishtirokchilari (ta`sischilari) umumiy yig`ilishi tomonidan ma`qullanishi bu haqda umumiy yig`ilishning tegishli bayonnomasi hamda Jamiyat rahbarining buyrug`i rasmiylashtrilishi lozim.
Biroq birinchi va apellyasiya instansiyalari sudlari bu holatga hech qanday huquqiy baho bermagan.
13. 2006 yil 07 fevral kunidagi 36/2 sonli shartnomada er maydoni to`g`risida hech qanday ma`lumot berilmagan, mulkning umumiy maydoni 161,98 kv metr ekanligi aytib o`tilgan.
Bu holatda Fuqarolik Kodeksining 481-, 483- moddalarida ko`chmas mulk sotilgan taqdirda u joylashgan er maydoni o`tkazilishi to`g`risida, ya`ni agar shartnomada ko`chmas mulkni sotib oluvchiga topshiriladigan tegishli er uchastkasiga bo`lgan huquq belgilangan bo`lmasa, sotib oluvchiga er uchastkasining ko`chmas mulk joylashgan va bu ko`chmas mulkdan foydalanish uchun zarur bo`lgan muayyan qismiga egalik huquqi o`tishi ko`rsatib o`tilgan.
14. Sudda guvoh tariqasida so`roq qilingan Zangiota tumani kadastr xizmati xodimi fuqaro Babajanovga kadastr hujjati 2011 yilda rasmiylashtirilgani, ushbu kadastrning bosh jildida qaysi sana yozilgan bo`lsa, o`sha sana kadastr hujjati rasmiylashtirilgan sana ekanligi haqida ko`rsatuv berdi.
Biroq 2006 yildagi shartnomada Babajanov Azadbay Sherjanovichning nomiga 2011 yilda rasmiylashtirilgan kadastr raqamiga havola qilingan? Sud bunga ham e`tibor bermadi?
15. Auksion savdolarida sotilayotgan mulkning boshlang`ich narxi bo`lishi, bu narx bosqichma-bosqich oshirilib yoki kamaytirilib borilishi kerakligi ko`rsatib o`tilgan. 36/2A-sonli shartnomada mulk 1 250 000 so`m ekanligi ko`rsatilgan. Bu mulk bahosi qaerdan shakllangan, mulkning boshlang`ich narxi qancha bo`lgan, g`olibga qanchaga sotilganligi bilan hech kim qiziqmayapti.
16. Brokerlik tashkilotiga sotilgan mulkdan 5 foiz miqdordagi mablag` to`lanishi kerak ekan.
Broker yuridik shaxs bo`lganini inobatga oladigan bo`lsak, ushbu mablag` brokerlik tashkilotiga pul ko`chirish yo`li orqali o`tkazib berilishi kerak edi. Lekin bunday to`lov umuman amalga oshirilmagan.
17. «Bunyod» MChJ hisob raqamiga xaridor Azadbay Babajanovdan 2006 yil davomida mulk sotib olish uchun hech qanday mablag` to`lanmaganini hamda jamiyatimiz hisob raqamidan broker tashkilotiga hech qanday mablag` o`tmaganini tasdiqlovchi ATIB «Ipoteka» bankning ma`lumotnomasi taqdim etildi.
Ushbu shartnomaning 2.2-bandida "Raschyot s "Podavsom" za priobretyonuyu "Nedvijimost" proizvoditsya putyom peredoplat 100 % v techenii 90 dney s momenta zaklyucheniya nastoyashego dogovora kupli-prodaji na Respublikanskoy agropromshlennoy universalnoy birje." deb aniq ko`rsatilgan bo`lsada, A.Babajonov tomonidan to`langani to`g`risida bironta ham dalil ko`rsatilmadi.
Vaholanki, oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirildi, degani mol-mulk sotib oluvchi ixtiyoriga o`tdi degani emas.
18. A.Babajanov Zangiota tuman hokimi nomiga 27.08.2013 yilda yozgan «Qurilishi tugallanmagan elevator binosi hamda Bostirma bino inshootlarini 07.02.2006 yildagi 36/2-a sonli shartnomaga asosan sotib olish munosabati bilan er maydonini doimiy foydalanishga biriktirib berish» to`g`risidagi arizasiga (ariza jinoyat ishida mavjud) quyidagilarni ilova kilgan:
oldi-sotdi shartnoma va dalolatnoma;
er maydoni biriktirib berish to`g`risida hokim qarori va dalolatnomasi;
bino va er maydonini davlat ro`yxatidan o`tganligi to`g`risida guvohnoma.
A.Babajanov 27.08.2013 yildagi murojaatida havola qilgan dalolatnoma 16.10.2013 yilda rasmiylashtirilgan, hokim qarori esa 13.01.2014 yilda chiqarilgan. Bundan ko`rinib turibdiki, Babajanov Azadbay ushbu dalolatnoma hamda hokim qarorini 27.08.2013 yildayoq oldindan bilib arizasiga ilova qilgan. Yoki 27.08.2013 yilda boshqa dalolatnoma hamda hokim qarori mavjud bo`lganmi?
19. Eng qiziq tomoni shundaki, 2010 yil 20 iyulida «Barokat» TIChga qarashli elevator hamda sex bino-inshoatlari (er maydoni 4,5538 gektar)ni sotib olish munosabati bilan «Bunyod» MChJga topshirish haqidagi dalolatnoma rasmiylashtirilib, o`sha yilning 17 avgust sanasida tuman hokimi qaroriga asosan Bunyod MChJga ushbu bino inshoatlar hamda erga egalik huquqi berilgan. Mantiqan o`ylab ko`rilsa, 4 yil oldin o`zimga tegishli bo`lmagan bino va inshoatlarni Azadbay Babajanovga sotishim qaysi qonun yoki mantiqqa to`g`ri kelishini hech qaysi sudya o`ylab ko`rmayapti.
Bundan ko`rinib turibdiki, 07.02.2006 yildagi 36/2A-sonli oldi-sotdi shartnomasi umuman bo`lmagan.
Yuqorida keltirilgan faktlarni sudyalarimiz inobatga olmayapti.
«Bunyod» MChJ rahbari Shavkat Yusupov.
* * * * * *
Eslatma: Murojaatchi fikri tahririyat fikrini anglatmaydi. Mazkur masala bo`yicha ikkinchi tarafga ham minbar berishimizni bildirgan holda mutasaddilardan munosabat kutib qolamiz.
Ushbu muammo yuzasidan bo`layotgan sud jarayonlarini kuzatib boramiz hamda saytimizda batafsil ma`lumot berib boriladi.