Bu zanjir Bosh vazir o`rinbosari Ochilboy Ramatov rafiqasi Ra`no Ramatovaga bog`langan
Garchi Ramatova va uning yaqinlari bu ma`lumotlarni inkor qilayotgan bo`lsa-da, surushtiruvga ixtisoslashgan OAVlar milliardlarga etaklovchi biznes imperiya haqidagi faktlarni ommaga oshkor qilishda davom etmoqda.
G`ariblashgan «O`zbekiston temir yo`llari» va Ramatovaga qarashli bo`lgan Shvesariyadagi hisob raqamlar
O`zbekiston Bosh vaziri o`rinbosari Ochilboy Ramatovning rafiqasi Ra`no Ramatovaning ofshor hududlardagi yirik bizneslari haqida o`zbek ommaviy axborot vositalarida ko`p ham yozilmagan. Ammo OAVsida joriy yilning fevral oyida Ramatova xonimning Credit Suisse bankidagi hisob raqamida 2010 — 2015 yillarda 1 million dollardan ortiq mablag` bo`lgani haqida ma`lumotlar tarqaldi.
Ramatova esa “Daryo” nashri bilan suhbatda vaziyatga izoh berarkan, bunday xabarlar yolg`on va haqiqatga hech qanday aloqasi yo`q. Qolaversa, hech bir xorijiy bankda o`zining yoki uning oila a`zolariga tegishli hisobraqam mavjud emas va ilgari ham bo`lmagan. Ramatova OAVdan soxta ma`lumot tarqatmaslikni so`ragan.
Biroq Korrupsiya va uyushgan jinoyatlarni tadqiq qilish markazining keyingi ochiqlagan ma`lumotlari Ramatova xonimning familiyasi O`zbekistondagi yashirin yirik moliyaviy o`yinlarga aralashganini tasdiqlamoqda. Bu safar tadqiqot markazi taqdim etgan hujjat va tafsilotlarni shunchaki “feyk” deya inkor qilish imkonsizdek.
O`ylaymizki, ushbu tafsilotlar O`zbekistondagi Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi ma`muriyatini ham jiddiy o`ylantiradi hamda Ramatova va uning ortidagi familiyalarga tekshiruv ochilishiga sabab bo`ladi.
Ramatova xonim ortidagi biznesmen kim?
Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni tadqiq qilish markazi Ochilboy Ramatovning rafiqasi bilan bog`liq quyidagi faktlarni ochiqlagan.
• Ra`no Ramatova Shvesariya bankida hisob raqamiga egalik qilgan va bu hisob raqami uchun ishonchnoma O`zbekistondagi yirik biznesmenlardan biriga tegishli bo`lgan.
• Ishonchnomaga ega yirik biznesmen "Orient Group" kompaniyasining ta`sischilaridan biri hisoblanadi. “Orient Group” esa o`z o`rnida Ra`no Ramatovaning turmush o`rtog`i 20 yil davomida boshqargan “O`zbekiston temir yo`llari” aksionerlik jamiyatining biznes hamkori bo`lgan.
• Shuningdek, Ramatova xonimning “O`zbekiston temir yo`llari”dan pul o`zlashtirish uchun maxsus ochilgan ofshor kompaniyasi ham bo`lgan. Ramatova ortidagi yirik tadbirkor Fayzullajon Mirzaev bo`lib, u O`zbekistonda bir qancha bank, qishloq xo`jaligi va qurilish kabi sohalarda yirik bizneslarga ega shaxs.
Ra`no Ramatovaga tegishli Shvesariyadagi bank hisob raqamidagi pullar pora yoki boshqa qing`ir yo`llar bilan to`plangani haqida to`g`ridan- to`g`ri ma`lumotlar mavjud emas. Biroq, “Orient Group” Ramatovning cho`ntagi bo`lgan, deyiladi tadqiqot markazining materialida.
Shuningdek, (Pandora Papers) Pandora qog`ozlarida ham Ochilboy Ramatov va Fayzullajon Mirzaevlarni bog`lab turuvchi bizneslar haqida ma`lumotlar sizib chiqqani aytiladi.
Pandora qog`ozi ma`lumotlariga ko`ra, Ra`no Ramatova Britaniyaning Virjin orollarida “Keltran International Limited” kompaniyasiga asos solgan. Ammo, Ramatova ushbu kompaniya benefisiari bo`lsada, uning foydalariga to`g`ridan-to`g`ri egalik qilmagan. Ushbu firmaning egasi sifatida yana bir ofshor kompaniya ko`rsatilgan. Korrupsiya va uyushgan jinoyatlarni tadqiq qilish markazi jurnalistlariga ko`ra, bu o`yinlar Ramatova xonimning mashhur nomini yashirish uchun amalga oshirilgan.
Ramatova o`z daromadlari manbasi sifatida O`zbekistondagi temir yo`llari biznesini ko`rsatgan. Ammo, bizga ma`lumki, Ra`no Ramatova “O`zbekiston temir yo`llari”ning aksiyalarga egalik qilmagan. Ramatova xonimga tegishli, deya ko`rilgan “Keltran International Limited” kompaniyasi qimmatbaho qog`ozlarga investisiya kiritish bilan mashg`ul bo`lgan hamda ushbu kompaniya boshqaruvi bilan Shvesariyaning “Clariden Leu” nomli xususiy bankining vise prezidenti shug`ullangan. Bankning Ramatova nomidan ish yuritish huquqi bo`lgan. Keltran kompaniyasining hisob raqami esa Falcon Private nomli Shvesariya bankida saqlangan.
Rossiyadagi million dollarlik ofislar
Keltran firmasining yuridik manzili Ramatovaga qarashli, deb ko`rilgan yana bir yirik kompaniyaga etaklaydi. Ushbu kompaniya 2010 yilda Rossiyada ro`yxatdan o`tgan “Eych Di Treyd” firmasidir. “Eych Di Treyd” 2014 yilda 600 metr kvadratli ofislarni sotib olgan. Shartnoma summasi esa ma`lum emas. Hozirgi vaqtda bu hajmdagi ofislar narxi taxminan 1.3 million AQSh dollari miqdorida baholanadi.
Ra`no Ramatova o`zi inkor etgan “Credit Suisse” bankidagi hisob raqamini 2010 yillarda, aynan ofshor kompaniyalarni ta`sis etgan vaqtda ochgan.
Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni tadqiq qilish markazi Ramatova xonimning Shvesariya bankidagi hisob raqamlari va ofshor kompaniyalariga tegishli rasmiy hujjatlarni ochiq taqdim etgan. Maqolaga ko`ra, Ramatova xonim tan olmagan hisob raqam ayni damda yopilgan.
2021 yili Rost24.uz saytimizda “O`zbekiston temir yo`llari”ning o`tgan asrdan qolgan abgor vagonlaridan reportaj e`lon qilingan edi. Ortida shunday katta biznes va Shvesariyada hamyonlarni yaratgan «O`zbekiston temir yo`llari»da hamon Sovet ittifoqidan qolgan tarixiy vagonlar ishlab turipti. Bu vagonlar aholi uchun sifatli darajada xizmat qilmagan bo`lsa-da, xorijiy hisob raqamlarni to`ldirish uchun beminnat bel bog`laganga o`xshaydi.
P/S: Rost24.uz endilikda amaldorlarning ofshor hududlardagi yashirin bizneslari haqida ma`lumotlar berib boradi. Bu yashirin milliardlar ortidan siz kutmagan nomlar ham bor.
Bizni kuzatib boring.