30 yillik tanaffusdan so`ng Mo`ynoq aeroportiga yana aviareys tashkil etildi

30.03.2022 10:03

Navro`z kunlari Mo`ynoq va Ellikqal`a shaharlarida tashkil etilgan etnofestival qoraqalpoq xalqining qadimiy udumlarini to`laligicha namoyon etdi

Qoraqalpoqlar Navro`z bayramini qanday kutib oladi?

Batafsil Rost24.uz muxbirining maxsus reportajida tomosha qilishingiz mumkin.

Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan 26-28 mart kunlari jurnalistlar uchun infotur tashkil qilindi. 

Birinchi manzil

Mo`ynoq aeroportiga Toshkent-Nukus-Mo`ynoq reysi ilk marta amalga oshirildi. Ushbu aeroport 1947 yilda qurilgan bo`lib, oldinlari kichik samolyotlarni qabul qilgan. 1990 yildan keyin aeroport aviatashuvlar uchun foydalanilmagan. Ilgari ushbu aeroportdan Nukus, Urganch, Toshkent va mamlakatning boshqa shaharlariga parvozlar amalga oshirilgan. Oradan salkam 30 yil o`tib, 2019 yilda O`zbekiston hukumati qaroriga asosan Mo`ynoq aeroportini rekonstruksiya qilish boshlangan.

Mo`ynoq tumani alohida turistik destinasiya sifatida bir qator diqqatga sazovor joylarga ega bo`lib, o`ziga xos tomonlari bilan ajralib turadi. Shuningdek, Mo`ynoq Orol dengizi bilan chambarchas bog`liq. Shuning uchun ham bu shaharning har tomonlama salohiyatini o`stirish asosiy vazifa qilib olingan desak mubolag`a bo`lmaydi.

Reys amalga oshirilgach, “Navro`z Mo`ynoq etnofestivali” doirasida tuman bo`ylab bayramona ko`rinishlar namoyish etildi. Qoraqalpoq madaniyati, milliy urf-odatlari, taomlari, dorboz va turli milliy o`yinlar sahnalashtirildi. Mo`ynoq tumanida shu kuni ob-havo biroz noqulay bo`lishiga qaramasdan Mo`ynoq aholisi o`zgacha ko`tarinki kayfiyat, samimiyat bilan bu tadbirni o`tkazdi.

Ikkinchi manzil

Ikkinchi kun esa Ellikqal`a tumani tashkil topganining 45 yilligi munosabati bilan ushbu tumanda bayram dasturi tashkil qilindi. Bu tadbir doirasida esa mahalliy aholi bilan Navro`z bayrami ham ko`tarinki kayfiyatda nishonlandi. Ushbu tumanda odamlar yashamasdan oldin cho`l hudud bo`lgan ekan. Mahalliy aholi shuning uchun ham “Cho`l o`zlashtirilganining 50 yilligi” deya ta`riflashdi. Ellikqal`a tumanida qoraqalpoq, qozoq, Turkman, o`zbek va boshqa bir qancha millatga mansub fuqarolar istiqomat qilishadi. Odamlar bir-biri bilan juda ahil bo`lib ketganini ularning so`zlaridan ham bilsangiz bo`ladi. Ushbu tadbirda Qoraqalpog`iston Jo`qorg`i Kengesi raisi Murat Kamalov ham ishtirok etdi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi hududlari sovuq, shamolli bo`lgani uchun Navro`z bayrami biroz kechroq o`tkazildi. Lekin sovuq ob-havo ham qoraqalpoq xalqining  kayfiyatini tushirolmasligini guvohi bo`ldik.

Eslatib o`tamiz, keyingi reportajimizda Qoraqalpog`iston Respublikasini tarixiy qadamjolari bo`ylab sayohat va qiziqarli ma`lumotlarni sizga taqdim qilamiz.

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар