Doimiy omma e`tiborida bo`lgan va 75 yoshni qarshilagan eng keksa amaldorlardan biri Botir Parpiev lavozimdan chetlatildi.
Joriy yilning 1 mart sanasida Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi Mahalla va nuroniylarni qo`llab-quvvatlash vazirligi sifatida qayta tashkil etilgan edi. Unga rahbarlik qilish Prezident maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenovga yuklatilgan.
Keyingi kunlarda bu vazirlik rahbariga uch nafar o`rinbosar tayinlandi: Sodiqjon Turdiev, Abdulla Tursunov va Muxtor Muhiddinov.
Biroq, vazir o`rinbosarlari qatorida shu davrgacha Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vaziri o`rinbosari lavozimida ishlab kelgan Botir Parpiev nomi keltirilmagan.
Uzoq yillar hukumatning eng mas`ul lavozimlarda ishlab kelgan B.Parpievga ayni paytgacha ish berilgan yoki berilmagani haqida aniq ma`lumotlar yo`q.
Vazirlikdagi ayrim manbalarga ko`ra, sobiq vazir o`rinbosari endilikda vazirga maslahatchi bo`lib ishini davom ettirishi aytilmoqda. Biroq “maslahatchi” vazifasiga ham hali buyruq chiqarilmagan.
OAV Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vaziri o`rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan davrida Botir Parpiev Respublikaning eng chekka hududlarida doimiy safarda bo`lib mahalla, ovul va qishloqlarning holati bilan tanishish va muammolarini o`rganishga jalb qilingani haqida yozayotgan edi.