Buxoro shahar hokimi Tatariston prezidenti Rustam Minnixonovga va`da qilgan «O`zbek-tatar do`stlik bog`i» o`rnida mehmonxona qurilmoqda.
2021 yilning 17 iyunida Tatariston prezidenti Rustam Minnixonov amaliy tashrif bilan O`zbekistonga kelgan edi.Unga tashrifi davomida Turizm va sportni rivojlantirish vaziri Aziz Abduhakimov, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov hamrohlik qilgan. Minnixonov Buxoro shahri hududidagi tatarlar avliyosi Xo`ja Bulg`or maqbarasini ziyorat qilishi davomida Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov maqbara atrofidagi erga daraxtlar ekib, «O`zbek-tatar do`stlik bog`i» tashkil etish loyihasini Tatariston prezidentiga taqdimot qilgan edi. Tatariston elchixonasi ham «Do`stlik bog`i» yaratish imkoniyati muhokama qilinganini tasdiqladi.
Ammo, oradan ko`p vaqt o`tmay loyihada ko`rsatilgan joyda bog` emas “Hamkor Meʼmor" MChJ loyihasi asosida mehmonxona qurilishi boshlandi. Rost24.uz saytiga taqdim etilgan hujjatlar maqbara atrofidagi erga yoshlar mehnat markazi va mehmonxona qurish loyihasi 2019 yildayoq tasdiqlanganini ko`rsatmoqda.
|
Bizdagi ayrim tasdiqlanmagan ma`lumotlarga ko`ra 2021 yilda Tatariston prezidenti tashrifidan avval allaqachon hududda qurilish ishlari boshlanib bo`lgan. Buxoro shahar hokimiyati Rustam Minnixonovning tashrifi munosabati bilan qurilishni vaqtincha to`xtatib turishni tadbirkordan so`ragan hamda Xo`ja Bulg`or maqbarasi atrofiga ya`ni qurilish maydoniga daraxtlar ekishga topshiriq bergan. Minnixonovning tashrifidan so`ng yana daraxtlar olib tashlangan va mehmonxona qurilishi davom etgan. O`zini qurilayotgan mehmonxona loyihasi muallifi deya tanishtirgan ismini bizga ochiqlamagan shaxs ham daraxtlarning vaqtincha ekilib, keyin olib ketilganini tasdiqladi.
Buxoro shahar hokimiyati esa mazkur masala bo`yicha ishchi guruh o`rganish ishlarini olib borayotganini ma`lum qildi.
Joriy yil 22 mart kuni ham Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov navbatdagi amaliy tashrif bilan O`zbekistonga keldi.
Prezident Minnixonovni bu safar Rossiyaning O`zbekistondagi elchisi Oleg Malginov va O`zbekiston bosh vazir o`rinbosari — investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov kutib oldi.
Eslatib o'tamiz, bundan bir muddat avval Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirovning uyiga o'g'ri tushib 200 ming dollar pulini o'g'irlab ketilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Hokimning o'zi esa buni rad etgan.