Rossiya-Ukraina urushi qachon tugaydi? Rossiya boshi berk ko`chaga kirib qoldimi?

24.03.2022 22:56

Ukrainaga qilingan hujumdan bir oy o`tdi, ammo Rossiya armiyasi mamlakatning birorta ham yirik shahrini o`z nazoratiga ololgani yo`q. Amalda Kiev va Nikolaevga qarshi hujumlar to`xtagan.

Rossiya-Ukraina urushi – rus istilosi boshi berk ko`chaga kirdimi? BBC bu boradagi vaziyat bo`yicha ekspertlar xulosalarini e`lon qildi

O`qlar yomg`iri ostida qolgan Xarkov va Mariupol ham taslim bo`lmayapti. Hozirda Rossiya armiyasi tomonidan bosib olingan yagona mintaqaviy markaz Xerson bo`lib qolmoqda, uning aholisi urushdan oldin ham 300 mingga etmagan.

Urushning keyingi bosqichida nimalarni kutish mumkin?

Kreml va Rossiya Mudofaa vazirligi «maxsus operatsiya» reja bo`yicha ketayotganini da`vo qilmoqda, ammo buni hatto barcha rus rasmiylari ham tasdiqlagani yo`q. Urushda qatnashayotgan Rossiya gvardiya boshlig`i Viktor Zolotov «operasiya biz xohlaganchalik darajada ketayotgani yo`q», deb tan oldi.

Rossiya hujumining sust ketayotganini hatto davlat televidenielari ham ochiq-oydin aytmoqda. Davlat telekanallarida tushuntirilishicha, bu go`yoki Rossiya armiyasi Ukrainadagi tinch aholi haqida qayg`urganligi uchun atay shunday harakat qilmoqda, ya`ni bundan tezroq harakat qilishi mumkinu, tinch aholini o`ylayapti.

Lekin, mustaqil ekspertlar bu fikrni rad qilishmoqda: xalqaro tashkilotlar tomonidan Ukrainadagi ko`plab aholi tura joylari va kasalxonalarning vayron qilinishi tasdiqlangan.

AQSh harbiy-dengiz kuchlari tahlil markazining Rossiya dasturi direktori Maykl Kofmanning so`zlariga ko`ra, Kiyev yaqinida rus armiyasi o`z pozitsiyasini mustahkamlashga harakat qilmoqda, ammo hozircha u Ukraina poytaxtini o`rab olishga muvaffaq bo`lmadi va yaqin kelajakda yangi hujum rejalashtirilishi dargumon.

Mutaxassisning fikricha, Rossiya armiyasining eng muvaffaqiyatli bo`lgan hujumi – Xerson markazi egallab olingan hujumda ham ko`zlanganidek natijalarga erishilmagan.

«Yaqin kelajakda Odessaga dengiz desanti tushirilishi rus armiyasining Pridnestrovega kirishini kutishdan ma`no yo`q, harqalay eng kamida urushning ushbu bosqichida bunday holni umuman ko`rmaymiz», deb yozadi Kofman.

Conflict Intelligence Team guruhining tadqiqotlariga ko`ra, Odessaga desant tushirish uchun Rossiya kuchlari etarli shaxsiy tarkibga ega bo`lmasligi mumkin.

Lining fikricha, rus armiyasining yo`qotishlari Moskvani operatsiya maqsadlarini qisqartirishga majbur qildi va hozirda Rossiyaning hujumi Kiyev uchun to`g`ridan-to`g`ri xavf tug`dirmaydi. Odessaning taqdiri esa, qo`shni Nikolayevdagi vaziyatga bog`liq.

Nikolayev yaqinida shiddatli janglar bo`lib o`tdi, ammo Lining so`zlariga ko`ra, Ukraina kuchlari hujumni qaytarishi va hatto qarshi hujumga o`tishi mumkinligiga ishonish uchun asos bor.

Uning so`zlariga ko`ra, hozirgi bosqichda rus armiyasi shaharni egallashga urinishlardan voz kechishi mumkin, chunki ruslar bosib olib olingan Xerson yaqinidagi Chernobayevka aerodromidan o`z havo kuchlarini olib chiqib ketishgan.

Sun`iy yo`ldoshdan olingan tasvirlar tahliliga ko`ra, ushbu aerodromda bir nechta rus harbiy vertolyotlari yo`q qilingan.

Rossiya armiyasining xatolari

«Eng boshidanoq Rossiya harbiy harakatlarida tekis taqsimlanish –konsentratsiya yo`q edi. Juda ko`p harbiy kuchlar har xil yo`nalishlarda hujum qilishgan ”, — deydi Kofman.

Rob Lining taxminicha, operatsiyaning maxfiyligi yomon oqibatlarga olib kelgan. Sababi, ular urushga tayyorgarlik ko`rayotganlarini bekitish maqsadida armiyani jang uchun zarur bo`lgan nuqtalarga joylashtira olishmagan.

Yana bir ekspert Grigor Atanesyanning fikricha, Rossiya qo`shinlari urushni juda katta rejalar bilan boshlagan va bu rejalarning hammasiga tezlik bilan erishishni istashgan. Ular Kiyevga, Odessaga, Mariupolga borishdi, Xarkov va Sumini o`rab olishga harakat qilishdi. Ammo ularda buni bajarish uchun kuch yo`q edi.

Li ruslar har doim ham o`z aloqalarini shifrlamaydilar, deb hisoblaydi.

AQSh harbiylariga ko`ra, Ukrainadagi rossiyalik generallardan biri oddiy mobil telefon orqali ma`lumot yetkazgani uchun o`ldirilgan. Ya`ni, «Nyu-York Tayms» gazetasining yozishicha, Ukraina razvedkasi bu signalni tutib olib, uning tarqalish joyini aniqlab, zarba bergan.
 

Ukraina kuchlari kamida oltita rossiyalik generallar o`ldirilgani haqida xabar berib, ularning ism-shariflari, unvonlari va lavozimlarini e`lon qilgan, Rossiya tomoni esa bu yo`qotishlarning birortasini ham tasdiqlamagan.

Rob Li, shuningdek, rus qo`shinlari Ukraina havo hududini nazorat qilmayotganini, bu esa ukrainaliklarga armiya bo`linmalarini ta`minlash va shaxsiy tarkibini to`ldirish imkonini berayotganligini ta`kidlaydi.

Turli ekspertlar, Rossiya qo`mondonligi Ukraina armiyasining jangovar ruhi va harbiy tayyorgarligini juda past baholagan degan fikrda.

«Menimcha, Putin ikkita odatiy xatoga yo`l qo`ydi. Birinchidan, u raqibini pisand qilmadi. Ikkinchidan, o`z armiyasi va havo kuchlarining qobiliyati, sifati haddan ortiq yuqori baholadi. Mavjud ma`lumotlarga ko`ra, ruslar hozirda havoda katta ustunlikka ega emaslar», deydi NATO kuchlarining Yevropadagi bosh qo`mondoni sobiq o`rinbosari, iste`fodagi amerikalik general Richard Shirreff.

Rob Li urushning keyingi bosqichlari haqida shunday fikrlarni bildirdi:

«Men bu urush tugadi deb o`ylamayman. Rossiya kuchlari hali ham Ukraina armiyasiga katta zarar yetkazishi mumkin va Birlashgan kuchlar operatsiyasi (OOS) hududi eng qiyin hudud bo`ladi. Biroq Ukraina qarshiliklari juda kuchliligicha qolmoqda».

Kofmanning taxminicha, Moskva g`alabani e`lon qilish uchun sabab qidirmoqda va Donbassning qo`lga olinishi aynan shunday sabab bo`lishi mumkin. Undan keyin esa Kreml bu hudud ustidan nazoratdan foydalanib, Kiyevning yon bosishiga erishishi mumkin.

«Urush boshi berk ko`chaga kirib qoldimi? Ha va yo`q. Rossiya kuchlari sekin-sekin Donbassga kirishi mumkin. Menimcha, Ukraina armiyasi aksariyat frontlarda pozitsiyalarni egallashi va ehtimol ularning ba`zilariga qarshi hujumlarni boshlashi mumkin. Biroq, charchoq har ikki tomonga ham ta`sir qiladi, - deya xulosa qiladi Kofman.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар