Ertaga zamonaviy tomoshalar va milliy an`analarni o`zida mujassamlashtirgan MAKON FEST - 2022 festivali boshlanadi.
Nimani ko`rish mumkin?
Retro avtomobillar ko`rgazmasi, raqs va rap janglari, milliy kurash bo`yicha musobaqalar, shaxmat va stol tennisi musobaqalari, yoga, zumba va ommaviy flesh-moblar, qo`g`irchoq teatrining bir vaqtda surdo-tarjima bilan berib boriladigan premera spektakllari, xushbo`y ziravorlar yarmarkasi, milliy taomlar festivali, badiiy hunarmandchilik yarmarkasi, maxsus kitob yarmarkalari – bularning barchasida o`zingiz ishtirok etishingiz mumkin!
Kimlar keladi?
Italiya, AQSh, Xitoy, Rossiya, Fransiya, Shveysariya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Isroil, Ispaniya, Gresiya, Qozog`iston, Ozarbayjon va boshqa davlatlardan tashrif buyuradigan 15 mingga yaqin sayyohlar musiqa va raqs jamoalari shoulari, xalq sayillari, mavzuli mahorat darslari, sharqona yarmarka, dorbozlar chiqishlari, moda namoyishlari, gastronomik yarmarka va “food-show” bo`lib o`tishi kutilayotgan Navro`z festivalida qatnashadilar.
Qachon va qaerda bo`ladi?
20, 21, 22 mart kunlari poytaxtimizdagi «Do`stlik» bog`ida «Biz bir makon – biz O`zbekiston» shiori ostida Milliy san`at va an`analar festivali «MAKON FEST – 2022» bo`lib o`tadi.
Xalqimizning an`ana va urf-odatlari, amaliy san`ati, milliy taomlari, betakror og`zaki va nomoddiy merosining butun xilma-xilligini o`zida aks ettiruvchi mazkur festival Toshkent shahar hokimligi, Yakkasaroy tuman hokimligi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Do`stlik bog`i, Makon telekanali hamkorligida o`tkaziladi.
Taomlar faqat ko`rgazmagami yoki tatib ko`rish ham mumkinmi?
Festivalda tayyorlanadigan milliy taomlar nafaqat tashrif buyuruvchilarga, balki «Muruvvat uylari», qariyalar va nogironlar uylariga ham tarqatiladi.
Festival yakunida sovrinlar «MAKON FEST – 2022» festivali laureatlariga topshiriladi. Badiiy hunarmandchilik ustalari, oshpazlar, dizaynerlar va folklor jamoalari diplom va qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlanadi.
Tadbir onlayn yoritib boriladi.