Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda, IIBB xodimining oddiy «Kalashnikov» avtomatini yig`olmagani holati tasvirlangan video tarqaldi va bu katta muhokamalarga sabab bo`ldi. Ichki ishlar vazirligi o`z tarkibiga bundan xodimlarni qanday saralab olgan? Bu shunchaki, xatolikmi yoki qurollar bilan ishlashda malaka oshirish borasidagi hisobotlar shunchaki qog`ozdami?
16 mart kuni Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida o`tgan «Ichki ishlar organlariga nomzodlarni tanlab olish tartibi, yangilik va imtiyozlar» mavzuidagi matbuot anjumanida Rost24 muxbiri tomonidan berilgan savolga javob berar ekan mutasaddilar quroldan foydalanish tez esdan chiqishini ma`lum qilgan.
— O`qotar qurollar bilan doimiy muomala qilinmaydigan bo`lsa, oldindan ko`nikmangiz bo`lsa ham, quroldan foydalanish tez esdan chiqishi mumkin. Ichki ishlar organlar xodimlari mazkur qurollardan foydalanish bo`yicha qo`shimcha bilimga ham ega bo`ladi,- dedi Ichki ishlar vazirligi Ma`naviy-ma`rifiy ishlar va kadrlar bilan ta`minlash departamenti kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi boshlig`i Umidbek Nurullaev.
- Bu xodimimiz esa alohida, ya`ni tergov yo`nalishida ishlaydi. Tergov jarayonlari ko`proq normativ hujjatlar, tergov harakatlari, jarayonlari bilan bog`liq bo`ladi. Shuning uchun, bu xodimimizda sal xatolik yuz bergan, xatolik ham emas. Shu vaqtda uning etarli darajada bilimga ega bo`lmagan, alohida shug`ullangandan keyin, buni o`zlashtirib, a`lo bahoga topshirgan. Haqiqatdan ham Nurafshon shahrida ishlaydigan bir nafar xodimimizning harakatlari internet tarmoqlarida keng tarqaldi. Endi bu kabi tadbirlar bizda har yili o`tkaziladi. Mazkur yo`nalish bo`yicha xodimlarimizni imtihondan o`tkazamiz, keyin mashg`ulotlar bo`ladi. Yuqoridagi vaziyat ham mashg`ulotlar jarayonida sodir bo`lgan.Bizning mashg`ulotlarimiz davomida kimdir o`sha holatni video tasvirga olib tarqatib yuborgan. Lekin, mazkur xodim ishtirokidagi keyingi videolarni ko`rgan bo`lsangiz, yarim kunning o`zida qurol yig`ish amaliyotini o`zlashtirib, kerak bo`lsa a`lo bahodan ham yaxshiroq normativlarga topshirgan.
Shuningdek, Umidjon Nurullaev xodimlar aslida Ichki ishlar organlariga qabul qilingandan keyingina, maxsus uch oylik tayyorgarlikdan o`tkazilib ularga quroldan foydalanish bo`yicha alohida sertifikat berilishini qo`shimcha qilib o`tdi.
- Ichki ishlar vazirligining alohida buyrug`iga asosan xodimlar bilan har o`quv yilida jismoniy jangovar va axloqiy psixologik tayyorgarlik bo`yicha mashg`ulotlar o`tkazilib kelinadi. Bu tasvirga tushirilgan jarayon ham mazkur mashg`ulotlar davomida olingan holat hisoblanadi, - deya xulosaladi Umidjon Nurullaev.