Shahar ko`chalari yana suv bilan to`lgan. Tizim yangilanishi uchun fojeani kutamizmi?

16.03.2022 11:10

Har yili yog`ingarchilik mavsumida Toshkent ko`chalari yurib bo`lmaydigan ahvolga tushib qoladi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu haqida gapiriladi, maqolalar yoziladi, lekin foydasi yo`q.

Mutaxassislar shahar drenaj tizimlarining eskiligi va qurilishlar ko`payib, shahar kengayayotganiga qaramay tizimli yangilanmaganini ta`kidlashadi.

Uzr so`raladi, izohlar beriladi, maxsus shtab tuziladi, lekin vaziyat o`zgarmaydi

«Yog`ingarchilik mavsumida Toshkent shahrining ayrim ko`chalarida suv toshishi bilan bog`liq ko`ngilsiz holatlarni bartaraf etish maqsadida, irrigasiya tarmoqlarini ta`mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan»,- deyiladi 2019 yilgi yog`ingarchilik mavsumida yuz bergan ko`ngilsiz holatlar izohlangan hokimlik xabarida.

Shuningdek, poytaxt ma`muriyati bundan uch yil oldin ham vaqtinchalik noqulaylik uchun uzr so`ragan, muammolarni hal etish uchun maxsus shtab tuzilgan.  Biroq muammolar ko`lami kengaysa kengaymoqda-yu, kamaymayapti.
 

Aynan 2019 yilda «Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portalida Toshkent shahar drenaj tizimi bugungi kun talablariga javob bermasligi sababli ularni yangilash kerakligi haqida  taklif joylangan.

Toshkent shahar hokimligining ma`lum qilishicha shahardagi quvurlar bunday yog`ingarchilikka ortiq dosh bera olmaydi va albatta kapital ta`mirga muhtoj. Shahar drenaj tizimini butunlay ta`mirlash uchun esa 60 mln dollardan ortiq mablag` kerak. (2016 yilgi hisob)

Shuningdek, insonlar tomonidan tashlanadigan maishiy chiqindilar, noqonuniy qurilishlar, ayrim mansabdor shaxslarning sansalorligi ham shahar ko`chalarida suv toshishiga sabab bo`lmoqda.

Hokimiyatning fikricha, qurilishga (bino-inshoot, ko`prik, yo`l) qurilishlariga ruxsat beruvchi tashkilotlar tomonidan loyiha hujjatlarida irrigasiya tarmoqlarini nazarda tutilishiga qat`iy talablar qo`yilmagan.

Mana shunday bir qator sabablar tufayli shahrimiz ko`chalari Venesiyadan farq qilmay qoldi. Natijada bu odamlarga noqulayliklar tug`dirmoqda. Suv toshgan ko`chalarda harakatlanish mashinalarga ham jiddiy shikast etkazishi mumkin

Eskirgan drenaj tizimlari qachon yangilanadi?   Buning uchun tegishli tashkilotlar tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Toshkent shahar hokimligi yana necha yillar davomida bu vaziyatdan faqat uzr so`rab qutiladi? 

Afsuski, Toshkent shahar matbuot xizmatiga qilgan qo`ng`iroqlarimiz javobsiz qoldi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
16.03.2022 18:44
Совет даврида Тошкент шахар бошқариш маъмуриятида мутахассислар ишларди. Хозир эса фақат таниш-билиш, қариндош-уруғ ишлайди. Вазирликларда хам шу ахвол. Соғлиқни сақлаш вазири-иқтисодчи, Халқ таълим вазири-иқтисодчи Спортни ривохлантириш вазири-медик!