Endi go'sht arzonlashadimi? Pokistondan O'zbekistonga birinchi marta go'sht importi yo'lga qo'yildi

14.03.2022 11:25

Mamlakatimizda so'nggi to'rt yilda qoramollar soni 9,2 foizga, go'sht importi esa 43,7 foizga oshdi. Mahalliy go'sht yetishtiruvchi chorvadorlar go'sht arzonligi, biroq yem xashak qimmatligidan nolimoqda. Chorvachilikni rivojlantirish uchun tuzilgan maxsus uyushma va tashkilotlarning faoliyati samarasimi bu? Pokiston O'zbekistonga go'shtni 2,2 dollardan, o'zini davlatidagidan ikki barobar arzon narxda yubormoqda. Bu O'zbekiston bozoriga qanday ta'sir ko'rsatishi mumkin? 

 

Kelasi hafta Toshkentga 40 ming dollarlik 18 tonna go`sht ortilgan konteyner keladi. Oddiy arifmetik amallar bilan hisoblaganda bu go`shtning narxi o`rtacha 2.2 dollardan to`g`ri kelayapti. Pokistonning o`zida bir kilogramm go`shtning narxi 4.53 AQSh dollari bo`lgan bir vaqtda bizga ikki barobar arzon narxda eksport qilishdan qanday naf dersiz?  Albatta yangi bozorni o`zlashtirish uchun past narx eng jozibador usullardan biri sanaladi. To`g`ri bozorlarda bu narxda sotilmaydi, chunki transport, tashish, saqlash, sotish harajatlari bu narxning ustiga tushadi.  Shunday bo`lsada mahalliy go`sht etishtiruvchilarnikiga qaraganda arzonroq sotiladi. 18 tonna vahimali daraja ko`p emasku dersiz, to`g`ri chunki O`zbekiston go`sht etishtiruvchilari yiliga salkam 2 million tonna xomashyo etkazib berishadi.

Yuk Pokistonning Shaheen Group va Pyramid Logistics kompaniyalari tomonidan jo`natilgan bo`lib Shaheen rahbari Malik Sher Xon mart oyida O`zbekistonga yana 50 konteyner (jami 900 tonna) go`sht jo`natilishini aytgan. Kelgusi oylarda esa ularning go`sht eksportini yanada ko`paytirish niyati bor. Chunki ular O`zbekiston bozorining Pokiston go`shti uchun katta salohiyati bor deya hisoblashmoqda

  O`zbekistonga go`sht import qilishni xohlovchilar nega ko`paymoqda?

   Sabablardan biri imtiyozlar

2021 yilning 10 oktyabridan tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so`yishdan olinadigan mahsulotlar, kartoshka va muzlatilgan baliqni realizasiya qilish bo`yicha aylanma, shuningdek, ularni mamlakatga olib kirish qo`shilgan qiymat solig`idan ozod qilingandi. Bu imtiyoz hanuzgacha saqlanib turibdi. QQS imtiyozi uzaytirilishi biznesda xavotirlarni uyg`otmoqda. Chunki faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar emas, go`sht import qiluvchilar ham imtiyozdan foyda yo`qligini ta`kidlamoqda. Sohadagi mutaxassislarning ta`kidlashicha, QQS imtiyozidan faqat O`zbekistonga go`sht eksport qiladigan mamlakat foydalanib qoladi.

Importchilarga imtiyozlar, o`zimizning chorvadorlarga muammolar

Biz odatda oqibat bilan kurashishga o`rganib qolganmiz. Hozirda go`sht iste`moli ehtiyojini qoplash uchun import kompaniyalarga katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu faqat soliq imtiyozlari emas. 2020 yil 29 yanvarda qabul qilingan «Chorvachilik tarmog`ini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlashning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida»gi Prezident qaroriga binoan:
2020—2022 yillarda chorvachilik mahsulotlari etishtiruvchi xo`jaliklarga davlat tomonidan quyidagi tartibda subsidiya ajratiladi:

  • respublika hududida faoliyat yuritayotgan naslchilik xo`jaliklaridan sotib olingan nasldor qoramolning har bir boshiga 1 million so`m miqdorida;
  • xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million so`m miqdorida.
  • Ya`ni qoramolni qiyinchilik bilan etishtirishga subsidiya miqdori ikki barobar kam.

2020 yilda sotib olinadigan nasldor qoramollar uchun ajratiladigan subsidiyaning umumiy summasi esa undan ham qiziq:

  • - respublika hududida faoliyat yuritayotgan naslchilik xo`jaliklaridan sotib olish uchun 10 milliard so`m miqdorida;
  • -xorijiy davlatlardan import qilish uchun 40 milliard so`m miqdorida;

Ko`rib turganingizdek, importchilarga favqulodda imtiyozlar berilgan. Balki bunda amaldorlarga tegishli bo`lgan importchi firmalarning «qiyinchiliklari» inobatga olingandir.

Qishni qish yozni yoz demay ishlaydigan chorvadorlarga esa bir qator muammolar taqdim etiladi:

  • Ozuqa-em mahsulotlari tannarxining yuqoriligi
  • realizasiya qilishda vositachilarning ko`pligi,
  • ozuqa-em etishtirish uchun er maydonlarining etishmasligi;
  • joylarda chorvachilik mahsulotlari etishtirish va qayta ishlash komplekslarining etarlicha rivojlanmagani shular sirasidandir.
  •  

Tizimda faoliyat olib borayotan, lekin ismini oshkor yozishimizni istamagan mutaxassisning aytishicha, 2005 — 2016 yillar oralig`ida ozuqa ekin maydonlari 40 foizga kamayib ketdi. 1990 yilda ekin maydonlarining deyarli 25 foiziga ozuqa ekilgan bo`lsa, hozir bu ko`rsatkich 9 foizga ham etmaydi. Ikkinchidan, bizda go`sht va sutning 95 foizini dehqon va shaxsiy yordamchi xo`jaliklar etishtiradi. Lekin ularni qo`llab-quvvatlash uchun shu paytgacha hech narsa qilinmadi. Aksincha, aholi dala tomorqalari fermer xo`jaliklariga qo`shib berilmoqda. Tomorqasidagi ozuqa tufayli uyida 3-4 ta qoramol boqib kelayotganlar ham em-xashak qimmatligi tufayli chorvasini sotmoqda. Qassoblar sotib olishi uchun mol kamaygan. Shu tufayli go`sht narxi oshib ketmoqda.

 

Imtiyozlar O`zbekistonda chorva mollari soni va go`sht etishtirishga qanday ta`sir ko`rsatdi
 

Yuqorida prezident qaroriga ko`ra berilgan imtiyozllar haqida ma`lumot bergan edik. Endi erishilgan natijalarni ko`ring:

Davlat statistika qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, O`zbekistonda so`nggi to`rt yilda qoramollar soni 9,2 foizga oshgan va 2022 yil 1 yanvar holatiga ko`ra 13,56 million boshga etgan. Xususan, 2018 yilda o`sish 2 foizni, 2019 yilda 1,2 foizni, 2020 yilda 1,8 foizni, 2021 yilda 3,1 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, dehqon (shaxsiy yordamchi) xo`jaliklarida qoramollar soni 2018 yil boshidan 2021 yil oxirigacha 6,8 foizga oshib, 12,47 million boshga etdi. Ko`rib turganingizdek, dehqonlarning yirik shoxli mollardagi ulushi sekin-asta kamayib bormoqda: 2018 yildagi 94 foizdan 2021 yilda 92 foizga etdi.

Davlat statistika qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, 2021 yilning yanvar-noyabr oylarida O`zbekiston xorijdan 27,6 ming tonna go`sht import qilgan.  2021 yilning yanvar-noyabr oylarida uning boshqa mamlakatlardagi xaridlari o`tgan yilning shu davriga nisbatan 43,7 foizga oshdi. 

                        Biz ko`p go`sht eyapmizmi?

Davlat statistika qo`mitasi ma`lumotlariga qaraganda O`zbekistonda 2021 yilning 9 oyida 1,9 mln. tonna go`sht etishtirilgan. Turli hisob kitoblarga ko`ra, aholi daromadiga qarab bir kishi yiliga 10-50 kilogrammgacha go`sht iste`mol qilayotgani haqida ma`lumotlar bor. Ya`ni boy va kam daromad topadiganlar iste`moli o`rtasidagi farq juda katta. Ayrim oilalarda oyiga bir kilogramm go`sht eyilmasligi haqida ham rost24 so`rovnomalarida aytishgan.

Qiyos uchun: Dunyo davlatlari orasida go`sht iste`mol qilish bo`yicha AQSh aholisi birinchi o`rinda turadi. Bu davlatda har bir odam bir yilda o`rtacha 99 kg go`sht eydi.

Keyingi o`rinlarda:

 Avstraliya — yiliga 92 kg;
 Argentina — yiliga 89 kg;
 Isroil — yiliga 88 kg;
 Braziliya — yiliga 77 kg;
 Chili — yiliga 75 kg;
 Yangi Zelendiyada — yiliga 75 kg go`sht iste`mol qilinadi.

Markaziy Osiyoda O`zbekistonning qo`shnisi bo`lgan Qozog`istoni va Turkmaniston eng ko`p go`sht iste`mol qilishini ko`rish mumkin. Bu davlat aholisi o`rtacha bir yilda kishi boshiga 50 kilodan 100 kilogacha go`sht eydi.

Bitta qoramolni semirtirishga qancha vaqt va mahsulot kerak?
 

Bir yoshga to`lgan ozg`in buqani bo`rdoqiga boqish uchun kamida 3 oylik mehnat talab etiladi.

 Bunda har kuni unga o`rtacha 9 kilogramm em, ya`ni 3 kilo shrot, 2 kilo kepak, 3 kilo sheluxa va 1 kilo maydalangan makkajo`xori yoki bug`doy aralashmasi beriladi.Bundan tashqari, kuniga qo`shimcha 7-8 kilogramm atrofida yo`ng`ichqa yoki dag`al xashak berib borish kerak

Hozirgi kunda olibsotarlar qo`lida bir bog` presslangan yo`ng`ichqa 20-30 ming, somon 10 ming, omixta em 2700-5000 so`m ekani hisobga olinsa, qoramol boqishning xarajatlari qanchaga tushishini hisoblab chiqish qiyin emas. Albatta, bu narxlar hamma joyda bir-biridan farq qiladi.

O`zbekistonda go`sht narxi Markaziy Osiyo davlatlari orasida esa eng yuqori hisoblanadi

O`zbekiston Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) tomonidan 2021 yilda o`tkazilgan monitoring natijalariga ko`ra, Toshkent shahridagi supermarketlarda go`shtning minimal narxlari nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlari, balki Moskvaga nisbatan ham yuqori. Kiev va Minskda go`sht tannarxi O`zbekiston poytaxtiga qaraganda 1,5 barobar arzon. Shu bilan birga, dunyoning eng qimmat shaharlaridan biri – Parijda mahalliy chakana sotuvchilardan eng arzon go`sht narxi O`zbekiston poytaxtiga nisbatan atigi 29 foizga qimmatroqki, Fransiya poytaxti aholisining daromad darajasini Toshkent aholisining katta qismi daromadlari darajasi bilan solishtirish aslo mumkin emas.

Mutaxassislar importchiga berilgan imtiyozlar narxlarni tushirmayotgani, aksincha ichki ishlab chiqaruvchilarga katta zarba bo`layotganini bejiz aytishmayapti.
Agar ichki bozordagi ishlab chiqaruvchilar uchun ham QQS olib tashlansa, unda haqiqatan ham narx tushadi. O`zimizda go`sht etishtirishga ko`proq e`tibor qaratilishi ko`p tomondan foydaliroq bo`lar edi. Ham ish o`rinlarini ham valyutani ham oziq-ovqat xavfsizligini saqlashda bu muhimdir.

Import qiluvchilarga imtiyozlar nima maqsadda qilingani haqida so`rasangiz mutasaddilar narxlarning tushirish uchun qilingani haqida gapirishadi. Lekin, bu imtiyoz mahalliy go`sht etishtiruvchilar ziyoniga bo`lmasligi kerak. Yoki chorvadorlarning bir necha yillardan beri aytib kelinayotgan muammolarini echishga shoshilmayatgani ayrim amaldorlarning hissasi bo`lgan import kompaniyalar foydasini kamayib ketishi yuzasidan xavotirlanayotgani bilan izohlanadimi?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
8
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
19.03.2022 22:43
Ем хашак арзон килиш керак
15.03.2022 13:37
Rossiya va Qozog`istonga ishga ketasiganlar chorvadorlar hisobiga ko`payar ekan-da