Endi vazirlik va tashkilotlarda rahbarning kamida bitta ayol o`rinbosari bo`lishi shart

10.03.2022 18:30

Vazirlik va tashkilotlarda oldin bu holat qanday edi?

Ushbu savolga nemolchi.uz sayti tomonidan tayyorlangan quyidagi infografika ham javob beradi. O`zbekistonda ayollar va erkaklarning teng huquqliligini ta`minlash bo`yicha o`nlab hujjatlar mavjud. Ayollarni jamiyatdagi o`rni va davlat boshqaruvidagi ishtirokini oshirish maqsadida bir qator imtiyozlar ham mavjud. Amalda ularning qanchalik natija berayotganini hukumat a`zolari orasida faqat bir nafar ayol kishi borligidan ham ko`rish mumkin. Yangi hujjatda ham ayollarni rahbar lavozimlariga tayinlash bo`yicha aniq topshiriqlar berildi.

2024 yilgacha barcha davlat organlari rahbarlarining kamida bitta o`rinbosari ayol kishi bo`ladi. Bu prezident imzolagan yangi farmonda ko`zda tutilgan.

2024 yil yil 1 yanvarga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo`mitasi hamda ularning tizimidagi tashkilotlar xodimlari orasida xotin-qizlarning ulushi kamida 30 foizga etkaziladi. Bu yangi imzolagan «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo`llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmonda belgilandi.

Xuddi shu sanaga qadar barcha davlat organlari va tashkilotlari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo`lgan tashkilotlar hamda ularning tizimidagi tashkilotlar rahbarlarining kamida 1 nafar o`rinbosari xotin-qizlar orasidan tayinlanadi.

Ayolning o`zi rahbar bo`lsa, holat qanday bo`ladi?

Agar tegishli tashkilotlarda rahbar ayol kishi bo`lib, unda faqat bir nafar o`rinbosar bo`lsa, u holda bu talab majburiy hisoblanmaydi.

Bundan oldin vazirlik va tashkilotlarda ayollarning ulushi qancha edi?

Gender tengligi bo`yicha eng yuqori ko`rsatkich Suv xo`jaligi vazirligida 65,2 foiz, Adliya vazirligida 50 foiz bo`lsa, eng past ko`rsatkich, Tashqi ishlar vazirligida 4,8 foiz, Qishloq xo`jaligi vazirligida 6,9 foiz tashkil qilmoqda deb ma`lumot bergan Yoshlar ishlari agentligi direktori o`rinbosari Dilnoza Kattaxonova. Bu umumiy gender tenglik bilan olingan ko`rsatkich edi. Rahbarlik o`rinbosari ko`rsatkichida bu qanchani tashkil etadi?

Masalan, Tashqi ishlar vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mahalla va oilani qo`llab quvvatlash vazirligi kabi vazirliklar faoliyatida ayol o`rinbosarlar ishtiroki mavjud emas.

Bundan ko`rinib turibdiki, ayol rahbarlar va o`rinbosarlar soni hali etarlicha emas. Umid qilamizki yangi farmon raqamlar va hisobotlar uchun emas, real natijalarning ortishi uchun xizmat qiladi.

Ma`lumot o`rnida, davlat boshqaruvi akademiyasida rahbar xotin-qizlarni tayyorlash bo`yicha alohida o`quv kurslari tashkil etiladi hamda har yili kamida 100 nafar xotin-qizlar o`qitiladi.

Eslatib o`tamiz, 2020 yil mart oyida ilk bora ayol kishi Nargis Islamova soliq inspeksiyasiga rahbar etib tayinlangan edi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар