Saytimizda “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist 8 yildan buyon "Qariyalar uyi"da yashamoqda” maqolasi e`lon qilingan edi. Unda faxriy jurnalist Rustam Obidovning pandemiya sharoitida qiyin ahvolga tushib qolgani va moddiy qiyinchilik sharoitida yashayotgani qalamga olingan.
Ushbu muammoga «Mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi» Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov hamda fond o`rinbosari Saida Mirziyoevalar e`tibor qaratdi.
Fond mutasaddilari Respublika urush va mehnat faxriylari pansionatida istiqomat qilayotgan Rustam Obidovni borib ko`rdi.
“Rustam Obidov allaqachon pensiyaga chiqqaniga qaramay, tarjimalar qilib, astoydil ishlashda davom etmoqda. Afsuski, bu yil pandemiya tufayli bu halol, mehnatsevar va juda kamtar inson qiyin moliyaviy vaziyatga tushib qoldi. Shu sababli, ham pansionatda yashash xarajatlarining barchasini to`lay olmagan.
Mass-media fondi va shaxsan men Rustam Obidovga uning muammolarini hal qilishda yordam berishni o`z burchimiz, deb hisoblaymiz. Faxriy jurnalistlar O`zbekiston tarixidir. Ularning mehnati va fidokorona faoliyati tufayli biz mamlakatimiz bosib o`tgan yo`l haqida bilamiz. Va bizning bu ko`magimiz ularga va ularning mehnatlariga bildirilgan minnatdorchiligimizning kichik bir qismidir”, deb yozadi bu haqida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida K.Allamjonov.
Saida Mirziyoeva esa “Men bu hurmatga loyiq ijodkorga qiyinchiliklarida yordam bera olganimizdan xursandman, Rustam Tursunovich pandemiya tufayli o`z faoliyatini davom ettira olmay, qiyin moliyaviy vaziyatga tushib qolgan edi. Hayotda har bir inson qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin, eng asosiysi, Rustam Obidov kabi umidni so`ndirmaslikdir”, deya qayd etgan.