Toshqulov maktablarda sifatsiz ta`limga kim aybdorligini aytdi

06.03.2022 16:13

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri Abduqodir Toshqulov Xalq ta`limida ish ko`ngildagidek ketmayotganligi uchun oliy ta`lim tizimi aybdorligini tan oldi.

Biroz avval esa Xalq ta`limi vazirligi boshqarma boshlig`i Akram Tagaev ikki vazirlik o`rtasida ayb ag`darish zanjiri mavjudligi va bundan hali to`liq xalos bo`linmaganini ta`kidlagan edi:

«Oliy ta`lim ko`pincha maktab bitiruvchilari sifatsiz bitirayotgani uchun biz yaxshi kadr tayyorlay olmayapmiz deb aytadi, maktab Oliy ta`limdan sifatsiz kadr kelgani uchun ta`lim sifatini ko`tarolmayapmiz».

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda Xalq ta`limi vazirligi o`rtasidagi bir-biriga aybni ag`darish zanjirini uzish vaqti kelmadimikan?

YuNESKOning Osiyo va Tinch Okeani markazi vakili Chong Utak ham yurtimizdagi ta`lim tizimini kuzatib, O`zbekistonda ta`lim yo`nalishi bo`yicha uchta vazirlik ko`pligini xulosalarida qayd etgandi. Shuningdek, Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universiteti professori Azamat Akbarov ham yurtimizdagi uchala ta`lim vazirligini birlashtirish ta`lim standartlarini takomillashtirishni tezlashtirishi mumkinligi haqida fikr bildirgan. Xalqaro tajribani o`rgangan mutaxassis uch vazirlik — maktabgacha ta`lim, xalq ta`limi, oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirliklarini bitta ta`lim va fan vazirligiga birlashtirish g`oyasini taklif qilgan. 

Hozirda fan va ta`lim bo`yicha uch bo`g`in ta`limga oid vazirliklardan tashqari, Fanlar akademiyasi, Innovasion rivojlanish vazirligi, shuningdek,  Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim inspeksiyasi, Prezident ta`lim muassasalari agentligi kabi qator tashkilotlar shug`ullanadi. Ta`lim sifati esa yillar davomida turli yig`inlarda tanqid qilinadi. 

Eslatib o`tamiz, saytimizda bu masalaga oid bir nechta maqola e`lon qilingan bo`lib O`zbekistonda ta`lim yo`nalishidagi 3 ta vazirlikni qisqartirsa bo`ladimi, degan savol hukumatimiz oldiga ko`ndalang qo`yilgan edi. Va unda ta`lim yo`nalishida boshqa rivojlangan davlatlarga nisbatan vazirliklarimiz soni ortiq bo`lsada, bu sohada ildamlab ketayotganimiz yo`qligi tanqid ostiga olingan.

«Uchta vazirlikni yagona tizimda birlashtirish orqali moliyaviy xarajatlarni ham qisqartirish mumkin bo`ladi. Bu yo`l bilan o`qituvchilarning maoshini ko`tarishdi yaxshi natijalarga erishishga yordam beradi. Shuningdek, vazirlar sonini qisqartirish ularning mas`uliyatini ham oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, vazirlarning ko`p bo`lgani mas`uliyat va javobgarlikni boshqa vazirlikka yuklashga imkoniyat beradi» deyilgan edi maqolada.

Guvohi bo`lganingizdek, sifatsiz ta`lim bo`yicha aybdorlarni aniqlanmoqda. Lekin, hisobotlarda ko`rsatiladigan natijalar  bilan cheklanyapmiz xolos. 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар