Deputat Doniyor G`aniev Markaziy bank yordamidan, spekulyantlar foydalanib qolishidan xavotirda

04.03.2022 14:34

Rossiya pul birligi qadrsizlanayotgan bir vaqtda, O`zbekiston Markaziy banki rublning muqobil kursini ushlab turish bo`yicha tavsiya berdi.

Qadrsizlanayotgan rubl kursini O`zbekistonda majburiy tarzda ushlab turilishini ayrim iqtisodchilar mamlakatimizga katta ziyon sifatida baholamoqdalar. Markaziy bank esa mavjud vaziyatni aholi manfaatlarini hamda milliy valyuta va bank tizimi barqarorligini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora tadbir, deb bildi.

Rost24.uz Ayni vaziyat yuzasidan Oliy majlis qonunchilik palatasi deputati, iqtisodchi Doniyor G`anievdan munosabat va tahlil so`radi. Deputatning fikricha, markaziy bankning bu tadbiri Rossiyadagi muhojirlarni qutqarish uchun qo`llangan muqobil chora. Bunda albatta, bank tomonidan ma`lum zararlar ko`riladi. Zararlar esa, o`z o`rnida Markaziy bankning zaxiralari tomonidan qoplanishi ko`zda tutilgan bo`lsa kerak, deydi deputat Doniyor G`aniev.

Deputatning fikricha, bu iqtisodiy jihatdan noto`g`ri yo`l bo`lsada, ijtimoiy-siyosiy taraflama to`g`ri qaror. Chunki, bu chora Rossiyada mehnat qilayotgan minglab muhojirlarimizni qutqarish uchun qo`llanmoqda.

Deputat bu vaziyatdan oradagi «spekulyantlar» yoki pul olib chiqib ketishga imkoniyati borlar foydalanib qolishi mumkinligidan xavotirda ekanligini ham bildirgan. «Balki, bank Rossiyadan jo`natiladigan pulni ma`lum miqdorda ayirboshlash bo`yicha cheklov o`rnatgandir. Agar, o`rnatmagan bo`lsa, albatta, o`rnatishi kerak. Aks holda millionlab miqdordagi valyutani o`rtadagilar olib chiqib ketishi mumkin. Biroq, shu kunlarda sotilgan rubl miqdoriga qaraydigan bo`lsak hali bundan o`rtadagilar foydalanmaganligiga ishonish mumkin. Atigi, 5.5 million rubl bu katta miqdor emas», deydi Doniyor G`aniev.

Shuningdek, Xalq vakili Doniyor G`aniev Markaziy bankning rublga nisbatan qo`llagan tadbirlarini vaqtinchalik chora bo`lishi mumkinligiga ishonmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар