O`zbekiston fuqarolari Rossiyada askarlikka yollanayotgani rostmi?

02.03.2022 17:51

Rossiyada harbiylikka yollandigan fuqarolarimizni O`zbekistonda nima kutadi?

So`nggi kunlarda Rossiyaning Ukrainaga hujum qilayotgan harbiylari orasida shartnoma asosida xizmat qilib kelayotgan o`zbekistonliklar haqida ma`lumotlar tarqalmoqda. Bu qanchalar rost?

Rossiyaning Moskva shahrida bir necha yildan beri migrantlar himoyasi bilan shug`ullanib kelayotgan huquqshunos Botir Shermatov ayni holatlar kuzatilganini tasdiqladi.

“Donbassdagi askarlar orasida ham o`zbekistonliklar borligi haqida eshitdik”, deydi B.Shermatov. O`zbekistonliklar Rossiya armiyasida va Suriyadagi jangchilar orasida topilganini va bu haqida ommaviy axborot vositalaridagi xabarlarga ko`zi tushganini aytadi. Shermatovning aytishicha, shartnoma asosida askarlikka yollanish yangilik emas.

“Bizga murojaat qilgan odam yo`q. Lekin bu nafaqat hozirgi holat, bundan oldin 2014 yildan beri tarixan olib qaralsa bor. Chunki Donbassda ham ko`rdik o`zbeklar chiqqanini, Suriyada ko`rdik borganlarini, ya`ni terroristlar safida emas, balki Rossiya tarafida bo`lib harbiy xizmatchi sifatida qatnashganlarini OAV orqali eshitganmiz. Bunday yollashlar u tomonlarda yaxshi yo`lga qo`yilgan. Rossiyada rasmiy tan olinmasa ham, shunaqangi norasmiy firmalar ham ochilgan. Chet davlatlardan shunaqa harbiy xizmat qilganlarni, tajribasi bor odamlarni ishga olish yo`lga qo`yilgan. Bu narsa bo`lib kelgan. RF hukumati Rossiya armiyasida xizmat qilgan chet el fuqarolariga engillik bergan holda qonun bilan Rossiya fuqaroligini berishni yo`lga qo`ygan. Lekin, bu erda bir narsani ta`kidlab o`tish kerakki, O`zbekiston “Jinoyat kodeksi”ning 154-moddasiga ko`ra, chet davlatlarning qurolli kuchlarida ixtiyoriy bepul xizmat qilgan fuqarolar ham jazolanadi. Undan tashqari, pulga yollanib ishlashga ham jinoiy javobgarlik bor. Buni esdan chiqarmaslik kerak. 

Ikki fuqarolik qilsak bo`ladimi, deb ko`p so`rashadi. Biz aytamizki, 27 yoshga to`lmagan erkak fuqarolar ehtiyot bo`lsin. To`g`ri, O`zbekiston fuqaroligidan chiqib ketmay Rossiya fuqaroligini olsa bo`ladi. Lekin 27 yoshga to`lmagan bo`lsa, uni Rossiya armiyasiga olib ketib qolishi mumkin. Bu holat esa keyinchalik O`zbekistonga kelganda jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo`ladi. Shundan ehtiyot bo`lish kerak. Yollash bo`layotganini eshitib turibmiz, lekin bo`lmagani yaxshi. Bu bizni urushimiz emas. Fuqarolarimiz u erga tirikchilik qilgani borgan. Urushda qatnashib qanchalik tirikchilik qilish mumkin?! Bu har tomonlama o`zining hayotini ham, undan tashqari O`zbekistonga kelganida ham zararli va xavfli narsa”, deya so`zini yakunladi huquqshunos Botir Shermatov.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар