Intizomiy jazoga tortilayotgan sudyalar shaxsi ilk marotaba ochiqlanmoqda. Lekin, nima sababdan qonun bo`yicha yo`q holat 29 yil sir tutib kelingan? Rost24.uz sayti so`nggi 2 oy ichida intizomiy jazoga tortilgan sudyalar ro`yxatini tahlil qiladi.
Shu vaqtgacha Oliy sud kengashi intizomiy choralar asosida jazoga tortilgan sudyalarning faqat sonini ma`lum qilib, kimligini oshkor qilmay kelayotgan edi. Aslida, bu bo`yicha oldin ham qonunda biron-bir asos bormidi?
«Sudlar to`g`risida»gi qonunning 67-moddasiga ko`ra, sudyalarning daxlsizligini ta`minlash ular mustaqilligini ta`minlashning muhim shartlaridan biri ekani keltirilgan. Qonunning 70-moddasiga ko`ra, sudyaning shaxsi daxlsiz ekani, daxlsizlik uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transporti va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqliligi keltiriladi. Biroq qonunda intizomiy javobgarlikka tortilgan sudyaning shaxsi va qilmishini ochiqlash uning daxlsizligini buzish hisoblanishi haqida hech qanday norma mavjud emasligini ko`rishimiz mumkin. Lekin, nimaga shuncha yildan beri bu tizim sudyalar orasida ishlab kelgan, bu savolga tizim ichidagilar ham javob berolmasligi tayin, albatta.
O`tgan yil noyabr oyidan boshlab ushbu ishlamayotgan tizim o`z ishini boshladi, ya`ni sudyalar intizomiy choralar asosida jazoga tortilsa, shaxsi ochiqlanmoqda. Intizomiy jazoga tortilgan sudyalarning shaxsini endi fuqarolar bemalol bilib olishi mumkin. Aslida bu ochiqlik siyosatini ijrosi bo`lib xizmat qiladi.
O`tgan ikki oy davomida qancha sudya intizomiy jazoga tortildi?
Joriy yil 7 yanvar kuni Sudyalar Oliy kengashi rasmiy sahifasida faoliyatida mas`uliyatsizlikka va prosessual qonun normalari buzilishiga yo`l qo`ygani uchun quyidagi shaxslar intizomiy jazo chorasiga tortilgan:
- Oliy sud sudyasi Faxriddin Xalilov;
- Oliy sud sudyasi Sanobar Mamadalieva ;
- Farg`ona viloyat sudi raisining o`rinbosari — fuqarolik ishlari bo`yicha sudlov hay`ati raisi Oybek Hasanov;
- Toshkent viloyat sudi raisining o`rinbosari — jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati raisi Umidjon Rasulberdiev;
- Farg`ona viloyati fuqarolik ishlari bo`yicha Farg`ona tumanlararo sudining raisi Ulug`bek Oripov intizomiy jazoga tortilgan.
2021 yil dekabr oyida Ibodullaev Jasur Ibodullaevich – yozma arizasiga binoan hamda sudyalik qasamyodini buzganligi uchun Surxondaryo viloyati fuqarolik ishlari bo`yicha Sherobod tumanlararo sudining raisi lavozimidan ozod etilib, vakolati muddatidan ilgari tugatilgan.
20 yanvar sanasida esa odil sudlovni amalga oshirishda qonuniylikni buzganligi, sud ishini tashkil etishda beparvoligi va intizomsizligi oqibatida yo`l qo`ygan kamchiliklari uchun Surxondaryo viloyati jinoyat ishlari bo`yicha Angor tuman sudining raisi Xidirov Kamoliddin Xojanazarovich lavozimidan ozod etilib, vakolati muddatidan ilgari tugatilgan. Aynan shu sanada Surxondaryo viloyati fuqarolik ishlari bo`yicha Qumqo`rg`on tumanlararo sudining sudyasi Allayarova Muattar Chariyarovna o`z arizasiga asosan lavozimidan ozod etilib, vakolati muddatidan ilgari tugatildi.
14-15 fevral kunlari mas`uliyatsizligi uchun quyidagi sudyalar javobgarlikka tortilgan:
- Xorazm viloyati jinoyat ishlari bo`yicha Xonqa tuman sudining raisi M. Hasanova;
- Navoiy viloyati fuqarolik ishlari bo`yicha Karmana tumanlararo sudining raisi Sh. Togoev intizomiy javobgarlikka tortilgan.
19 fevralda O`zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi qarori bilan quyidagi sudyalarga jazo qo`llangan:
- Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo`yicha Zangiota tuman sudining raisi O`ktam Xoliqov;
- Toshkent viloyat sudining fuqarolik ishlari bo`yicha sudyasi Xilola Begalieva;
- Andijon viloyati jinoyat ishlari bo`yicha Qo`rg`ontepa tuman sudining raisi Isoqboy Ergashev;
- Buxoro viloyati Buxoro tumanlararo ma`muriy sudining sudyasi Ma`ruf Saidov o`z arizalariga ko`ra, lavozimlaridan ozod etilib, vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi.
Bular sudyalar oliy kengashi rasmiy sahifalarida e`lon qilingan so`nggi 2 oydagi bo`shatilgan sudyalardir.
Bu vaziyatda ishdan ozod qilingan yoki jazoga tortilgan sudyalar yana qayta sud faoliyatida ishlashi mumkinmi?
Sudyalar oliy kengashi raisining matbuot kotibi Tursunali Akbarovdan Rost24.uz muxbiri ma`lumot oldi.
Tursunali Akbarovni aytishiga qaraganda, so`nggi 40 kun ichida jami 48 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortilgan.
«2022 yilning o`tgan 40 kuni davomida 14 nafar sudya vazifasidan ozod etildi (ularning 5 nafari o`z xohishiga ko`ra, 9 nafari odil sudlovni va sudyalik qasamyodini buzgani uchun). Ularning 48 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi. Vazifasidan ozod etilganlar endi tizimda ishlamaydi, intizomiy jazoga tortilganlar tegishli xulosa chiqarishi kerak, aks holda ular bilan xayrlashishga to`g`ri keladi»,- deya aytib o`tdi Tursunali Akbarov.
Matbuot xizmatining bergan ma`lumotlariga qaraydigan bo`lsak, intizomiy jazoga tortilgan sudyalar ishidan butkul chetlashtirilmaydi. Ya`ni keyinchalik ham sud faoliyatida ishlashi mumkin. Bu faqat sudyalar uchun «ogohlantirishday» gap ekan.
Jumladan, Xorazmda murdadan «ko`rsatma olgan» sudya J.S hamon sudyalik lavozimida ishlab kelmoqda. U Xorazm viloyat ma`muriy sudining sudyasi lavozimida faoliyat yuritadi. Bu sudyaga nisbatan hech qanday jazo chorasi belgilanmadi, jinoyati ko`rinib turgan bo`lsa ham. Bu esa Oliy sud javobiga nisbatan paradoks hisoblanadi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekistonda 2021 yil 1-choragida 9 nafar sudyaga nisbatan intizomiy ish qo`zg`atilgan edi. Biroq ularning shaxsi ochiqlanmagan.