Turdialiev O`zbekiston Shaxmat federasiyasini shaxsiy mulkiga aylantirmoqdami?

22.02.2022 15:31

Yoxud 20 yillik  kichik diktatura...

Blogerga byudjetdan 50 ming dollar pulni bergan shaxs orqasida kim turibdi?

Rasmiy munosabatni chiqarib, darhol o`chirganda qanday xatolik o`tgan edi?

“Federasiya oltin baliqcha emas, jamoat tashkiloti” deya pesh qilayotganlar yosh iqtidorlarni yo`q qilayotganini his qilishmoqdamikin? 

Rost24.uz sayti ayni mana shu mash-mashalarning aslida qanday bo`layotganini, federasiya qo`shtirnoq ichidagi rasmiy munosabatlari qanchalik haqiqatga yaqin yoki yo`q, bu rasmiy munosabatlar oradan 3 kun o`tar-o`tmas federasiya rasmiy sahifasidan o`chirilgani qaysi mantiqqa to`g`ri keladi? Bugun aynan mana shularni tahlil qilamiz. 

O`zbekiston Shaxmat federasiyasining birinchi o`rinbosari Husan Turdialiev kim?

Shaxmat Federasiyasining rasmiy saytida amaldorning faqat shaxmatdagi barcha faoliyati keltirilib o`tilgan:

2001 yil Xalqaro toifadagi hakam, FIDE ning Xalqaro tashkilotchisi;

2002 yil FIDEning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy prezidenti;

2004 yil Ispaniyaning Kalviya shahrida, 2006 yil Italiyaning Turin shahrida, 2008 yil Germaniyaning Drezden shahrida, 2010 Rossiyaning Xanti-Mansiysk shahrida, 2012 yil Turkiyaning Istambul, 2014 yil Norvegiyaning Tromso shahrida Butunjahon Shaxmat Olimpiadalarida hakam;

2004-2020 yillarda turli xalqaro musobaqalarda bosh hakam va bosh hakam o`rinbosari vazifasida ishtirok etgan.

21 yillik tajriba hamma narsani qilishga yo`l ochib bermoqdami?

Shaxmat olamida nima gaplar bo`lmoqda, yoxud chet elga chiqib ketgan yosh iqtidorlar buning ortida kim turganini ochiqlamoqda…

Shaxmat federasiyasi bilan mojarodan so`ng AQSh terma jamoasida o`ynay boshlagan xalqaro grossmeyster Gulruhbegim Tohirjonova O`zbekiston terma jamoasini tark etishida Husan Turdialievni aybladi:

“Ha, haqiqatdan ham mening ketishimga Husan Turdialiev va uning hatti-harakatlari sabab bo`lgan. Birinchidan, men va opa-singillarimga (Hulkar Tohirjonova va Nafisa Mo`minova) terma jamoa safida O`zbekiston sharafini himoya qilishimizga ruxsat berilmadi, bizda musobaqalarda bir vaqtning o`zida yurt sharafini himoya qilish imkoni yo`q edi. Moliyaviy nuqtai nazardan, federasiya 15 yil davomida bizni hech qanday tarzda qo`llab-quvvatlamadi. O`z vatanim sharafini himoya qilishdan juda xursand bo`lardim, ammo hozirgi sharoitda shaxsiy rivojlanish uchun mamlakatni tark etishga qaror qildim. Agar federasiyada o`zgarishlar bo`lsa, albatta, qaytib kelib, vatanim sharafini himoya qilaman”, deya video murojaat qilgan edi.

Opasi Hulkar Tohirjonova 2021 yil boshida shaxmatchi opa-singillar va Shaxmat federasiyasi o`rtasidagi ayrim kelishmovchiliklar Husan Turdialievning qizi Tahmina Turdialievaning ham shaxmatchi ekani bilan bog`liqligi haqida xabar bergan edi.

“Muammolarimiz 2000yillarda boshlangan. Chunki u bilan bir yosh toifasida o`ynaganmiz. Har doim undan yutib olardik va hech qachon kelishuv asosida yutqazib bermaganmiz. Kimdir unga ochkolarini berdi, lekin biz bermadik. Hammasi shundan boshlandi”, degan edi Hulkar Tohirjonova.

Xalqaro grossmeyster Sergey Qayumov O`zbekiston Shaxmat federasiyasidan Husan Turdialievning shaxsiy firmasiga katta mablag` o`tkazilganini bilgach hech narsadan ajablanmaganini aytgan edi.

«Husan Turdialievni oxirgi yigirma yildan beri bilgan holda va uning o`z fikriga ega bo`lgan yoxud Shaxmat federasiyasini tanqid qilgan shaxslarni qo`rqitish yoki bir necha yilga yoki bir umrlik diskvalifikasiya qilish, shuningdek, unga qarshi bo`lgan odamlarni yo`ldan olib tashlashga intilib, uning bosimi ostida “milisiya” chaqirish va qo`rqitish kabi ish uslublaridan xabardor bo`lgan holda hech narsaga hayron bo`lmadim. Chunki bu qonunbuzarlik va Turdialiev Husanning to`liq diktaturasi qariyb 20 yildan beri davom etib kelmoqda», dedi u 27 yanvardagi videomurojaatida.

12 yoshida (2018 yil) shaxmat tarixidagi eng yosh grossmeysterga aylangan Javohir Sindorov «Daryo»ga bergan intervyusida sohadagi vaziyat o`zgarmasa, federasiyani tark etishi haqida ogohlantirgan edi.

“Federasiya oltin baliqcha emas, jamoat tashkiloti” deya  izohlagan Federasiya bosh kotibi Sunnatullo Bozorboev nimani pesh qilmoqda. Bu federasiya yoshlarni qo`llab-quvvatlamas ekan nima uchun tashkil topgan unda?

O`zbekiston Shaxmat federasiyasidagi bunday yoshlarga e`tiborsizlik yaqinda boshlangan emas. Ozgina uzoqroqqa nazar solamiz. Misol uchun O`zbekiston shaxmat tarixidagi ilk g`alabani bir yodga olaylik. Ya`ni 2004 yil oxirida xalqaro grossmeyster Rustam Qosimjonovning jahon chempionligini qo`lga kiritishda ham O`zbekiston Shaxmat federasiyasining zarracha yordami tegmagan edi. 2004 – 2005 yilgi Jahon shaxmat tojini qo`lga kiritib qaytgan R.Qosimjonov musobaqaga ketishida o`zining shaxsiy Tiko avtomobilini sotib, yo`lkira qilib ketganini alam bilan gapirib berganini unutib bo`lmaydi. Shunda u O`zbekiston Shaxmat federasiyasining haqiqiy yuzini ochib bergan edi. Vaholanki, R.Qosimjonov qahramon bo`lib qaytgach “urushdan keyingi qahramonlar” ham yomg`irdan keyingi qo`ziqorindek qo`payib ketganini ko`pchilik unutmagan bo`lsa kerak.

To`g`risini aytganda, R.Qosimjonovning g`alabasini ham O`zbekiston Shaxmat federasiyasining yutug`i deb qabul qilib bo`lmaydi.

Yoshlarni emas, blogerlarni qo`llab-quvvatlash…

Husan Turdialiev samarqandlik bloger Timur Sattarovga 50 ming AQSh dollarini nima uchun berganini faqat o`zi bilsa kerak. Manbalarga ko`ra, davlat byudjetidan ajratilgan 1,86 milliard so`mdan 525 million so`m miqdoridagi mablag` Timur Sattarovga o`tkazilgan. Ajablanarlisi shundaki, blogerning sahifasida deyarli umuman shaxmatga oid postlar yo`q. Buni qanday tushunish kerak? Ushbu savol o`rtaga tashlandi, lekin hali hanuz rasmiy munosabat berilmadi. 

Qo`rqoqlikmi bu..?

Ushbu holatlarga nisbatan Shaxmat federasiyasi joriy yil 16 fevral kuni bir nechta rasmiy munosabatlarni e`lon qilgan edi. Lekin, afsuski, hozir bu rasmiy munosabatlar Shaxmat federasiyasi rasmiy sahifasida yo`q. O`chirilgan. Nima uchun o`chirilganligini faqat federasiya xodimlari biladi, xolos. Rasmiy munosabatlarda, xalqaro grossmeysterlar qoralanib, Husan Turdialiev "yaxshilangan" edi. Federasiya ham bu munosabatni xatoligini chiqarganidan keyin tushunib etgan, shekilli... 


Yuqoridagi rasmiy munosabat nega chiqarildi va nega o`chirildi..? Bunga ham, albatta, rasmiy munosabat kutib qolamiz...

Shaxmat federasiyasi birinchi o`rinbosari Husan Turdialiev shuncha faktlardan keyin ham lavozimida o`tirishiga nima sabab bo`lib turibdi..?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
9
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
24.02.2022 15:06
Tanka zor bolsa otiradida.
23.02.2022 15:22
Bunday xolatlar ÕZBEKISTONDA juda kõpku.Xammasi amaldor mafiyachillar tõdasi chunki kuchi xam duxi xam yetmaydi qonuni.Qonun bizda nega shunday insonlarga va tashkilotlarga kuchi yetmay ojizlanib qoladi.Unda xalq ishonmaydi Raxbarlarga.
23.02.2022 13:39
Ахир яшаётган ер участкаларини хусусийлаштиришга рухсат берилди-ку! Турдиалиев аввалрок бошлаган эканда