Energetika vazirligining Farg`ona vodiysida tez-tez «svet» o`chayotgani haqidagi xabarlarni rad etishi fonida Rost24.uz saytiga Farg`ona viloyati, Bag`dod tuman aholisidan ko`plab murojaatlar kelib tushdi.
Energetika vazirligi avvaliga Bag`doddagi elektr uzilishlarini rad etdi. Keyinchalik esa hudud elektr tarmoqlarida ta`mirlash ishlari olib borilayotganini tushuntirdi. Ammo, hozirga kelib, sozlash ishlari yakunlangan bo`lsada, aholi muntazam ravishda elektr uzilishi kuzatilayotganidan nolimoqda.
Aholining aytishicha, tuman hududida muntazam ravishda elektr uzilish holatlari kuzatilmoqda. Kunduz kunlari 3-4 marta qisqa muddatga, kechasi esa soat 20:00 dan 22:00 gacha doimiy ravishda elektr o`chiriladi.
«Mana masalan, bugunning o`zida «svet» 4 marta o`chib-yondi. Ertalab soat 9:00 da o`chib 11:00 da yondi, 13:00 da o`chib 16:00 da yondi, lekin yarim soatga bormay yana o`chib qoldi. 17:40 da yonib 20:00 da o`chdi. Shu bilan 21:00 dan keyin yondi» - deyiladi bizga jo`natilgan murojaatlarning birida.
Bag`dodliklar ushbu muammo bo`yicha Bag`dod hududiy elektr tarmoqlari AJ ga ko`p marotaba murojaat qilishgan. Ular esa elektr o`chirilishini o`z navbatida bu «tepadan» kelayotgan buyruq ekanligi bilan izohlashgan.
«Tepa»dagilar ya`ni Farg`ona viloyat elektr tarmoqlari AJ esa «yoqilg`i quvvati etmayotgani uchun» tarmoqda uzilish ko`p kuzatilayotgani haqida ma`lumot bergan. Shuningdek, elektr tarmoqlari xodimi bu cheklovning qachongacha davom etishi mumkinligi haqidagi savolga ham javob bergan:
«Buni aniq aytolmayman, masalan o`tgan yili yozgacha ham tok bo`lmadi, undan oldingi yil esa bo`ldi».
Ammo, Energetika vazirligi bir muddat avval «Namangan, Farg`ona va Andijon viloyatlari iste`molchilarining elektr energiyasi ta`minoti ishonchliligini yanada oshirish maqsadida 500 kv.li elektr uzatish tarmog`i hafta davomida, tunda ta`mirga chiqarilishi rejalashtirilgan»i haqida ma`lumot bergan edi.
Eslatib o`tamiz, o`tgan 2021 yilda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboeva «svet» o`chishi va zulmatda o`tirib televizor ko`rolmaslik besh yil avvalgi tarix ekani hozir, bu tarix hammasi bartaraf etilganini aytgan edi.