Ayblanuvchiga nisbatan ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan jinoyat sodir etganligini inobatga olinib «insonparvarlik prinsipi» va «Odillik prinsipi»qo`llanilgan.
O`z hovlisidagi 2 tup qurigan daraxtni kesgan oddiy fuqaro 131 mln so`m jarimaga, 700 ta daraxtni kesgani uchun «Amirsoy» MChJ atigi 329 mln so`m jarimaga tortilgani qaysi mantiqqa to`g`ri keladi?
2021 yilning yozida Bo`stonliq tumanidagi «Amirsoy» kurort zonasi hududini va unga olib boruvchi yo`lni kengaytirish maqsadida 700 tup daraxt kesilgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan barcha kerakli hujjatlar to`planib, huquqiy baho berish va etkazilgan zararni undirish choralarini ko`rishni so`rab 2021 yil 30 iyun kuni viloyat prokuroriga taqdim etilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati Bo`stonliq tuman sudi o`z binosida ochiq sud majlisini o`tkazgan.
E`tiborlisi, «Amirsoy»dek ulkan kurort zonasida naqd 700 ta daraxtning kesilishida faqat bir kishi – «Amirsoy» MChJ QK da xavfsizlik xizmati muvofiqlashtiruvchisi (qorovul) bo`lib ishlovchi 55 yoshli Xamraev Rustamjon Jo`raevichga nisbatan Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari asosida jinoiy ish qo`zg`atilgan.
«Amirsoy» MChJ rahbariyatining 700 ta daraxtni «o`zboshimchalik» bilan kesib tashlagunga qadar xabari bo`lmasligi mumkinmi?
Sud qaroriga ko`ra ayblanuvchi «Amirsoy» MChJ QK da xavfsizlik xizmati muvofiqlashtiruvchisi (qorovul) bo`lib ishlovchi 55 yoshli Xamraev Rustamjon Jo`raevich sodir etgan qilmishidan chin ko`ngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi, oilaviy sharoiti, ish va yashash joyidan ijobiy tavsiflanishi, fuqaroviy da`vogarning unga nisbatan hech qanday da`vosi yo`qligi, ish bo`yicha moddiy va ma`naviy zarar mavjud emasligi, ko`p yillik ish tajribasiga ega ekanligi, fidokorona mehnati va tashabbuskorligi, uni jinoyat sodir etishiga sabab bo`lgan shart-sharoitlarini e`tirof etib, kelgusida bundanda og`ir oqibatlarni oldini olish, huquqiy tarbiyaviy jihatlarini ko`zlab unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 71-moddasini qo`llab, tayinlanishi lozim bo`lgan jazodan ozod qilishni lozim deb topilgan. Bu holat O`zbekiston Respublikasi JKning 7-moddasi «Insonparvarlik prinsipi» hamda 8-moddasi «Odillik prinsipi» talablariga rioya qilgan holda bu ish ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan jinoyat deya tasniflangan. Qolaversa bu borada “Amirsoy” MChJ QK xodimlari (jami 73 nafar) tomonidan berilgan iltimosnomasi ham inobatga olingan.
Shuningdek, “Amirsoy” MChJ QK tomonidan etkazilgan moddiy zarar miqdori 329 mln 831ming so`m deb topilib, qo`shma korxona tomonidan Toshkent viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hisobiga undirib olingan.
Ma`lumot o`rnida, «Amirsoy»da 700 ta daraxt kesilganidan 10 kun o`tib Bekobodda hovlisi yonidagi 2 tup chinorni kesgan oddiy oila 131 mln so`m jarimaga tortilgan edi.
Kun.uz nashrining o`tgan yil sentyabr oyida e`lon qilingan maqolasida bu zarar miqdori hisoblangandi: Unga ko`ra kesib tashlangan 125 tup daraxt uchun tabiatga 141 mln so`m zarar etkazilgani aniqlangan, shuningdek, hukumat qarori bilan belgilangan tartibda zarar 5 baravarga hisoblanib, jami 705 mln so`m undirilishi belgilangan. Ildizi bilan qo`porilib, bekitish maqsad qilingan 575 tup daraxt bo`yicha etkazilgan zarar 253 mln ekani aniqlangan va ushbu summa ham beshga ko`paytirilib, jami 1 mlrd 265 mln so`m undirilishi belgilangan. 700 tup daraxt uchun jami etkazilgan zarar 394 mln so`m bo`lsa, qonunga muvofiq undirilishi lozim bo`lgan summa jami zarar 1 mlrd 970 mln so`m bo`lishi kerak edi. Lekin, bugungi holatda hisob kitoblar boshqacha va unda milliardlar emas, millionlar haqida gap boradi.
Oddiy fuqaro o`z hovlisidagi qurib qolgan 2 ta daraxtning har biri uchun 66 mln 600 ming jarimaga tortilsa-yu, tog`lar bag`rida insoniyat omilisiz o`sib kelayotgan 700 ta daraxtni kesgani uchun «Amirsoy» MChJ har bir daraxt uchun atigi 471 ming so`mdan jarima to`lasa, bu qaysi qonunga to`g`ri keladi?
Yoki O`zbekiston qonunlari «Amirsoy» MChJ hududida to`liq amal qilinmaydimi?
Eslatib o`tamiz, bir muddat avval saytimizda «Amirsoy» MChJ xodimlari jurnalistning kurort hududida odamlardan chipta narxlarining qimmatligi haqida intervyu olishiga to`sqinlik qilgani, uning telefonini majburan tortib olib, ichidagi videolarni o`chirib tashlagani haqida maqola e`lon qilingan edi.