«Poraxo`r zamhokimlar» reytingi

14.02.2022 10:29

Poraxo`rlikka oid eng so`ngi xabarda Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani hokimining o`rinbosari pora bilan qo`lga tushgani ma`lum qilindi.

Negadir O`zbekistonda pora bilan faqat hokim o`rinbosarlari qo`lga tushadi va odatda bundan hokimning umuman xabari bo`lmaydi. Ular ko`pincha er ajratish masalasida pora olishadi. Asosiysi negadir ularda turli muddatlar jazo sifatida tayinlanadi.

Rost24.uz sayti «poraxo`r zamhokimlar» reytingini e`lon qiladi!

                   50 000 AQSh dollari

Demak, reytingimizni yuqorida ta`kidlaganimiz Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani hokimining o`rinbosari Umid Yaxshiev ochib beradi. U 50 000 dollar pora olayotgan vaqtida ushlangan. Umid Yaxshiev podpolkovnik unvoniga ega va bunga qadar Qashqadaryo IIB boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari lavozimida ishlab kelgan. Hokim o`rinbosari, mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limi boshlig`i lavozimiga esa 2021 yilning noyabr oyidan kirishgan. Umid Yaxshiev fuqaroga er olib berishni va`da qilib 80 000 dollar talab qilgan va undan 50 000 AQSh dollarini olayotganda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo`lga olinganligi ma`lum qilindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168 (firibgarlik) va 28, 211 (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

                40 000 AQSh dollar.

Bundan bir necha kun avval Chinoz tumani hokimining iqtisodiy masalalar bo`yicha birinchi o`rinbosari 40 000 dollar pora bilan ushlangani haqida xabar berildi. Yuldashev Umid Azimovich Oqqo`rg`on tumanida joylashgan fermer xo`jaligiga tegishli bo`lgan sug`oriladigan 35 gektar er maydonini sotish va hujjatlarni tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga kelishilgan 90 000 AQSh dollaridan 40 000 AQSh dollarini olgan vaqtida qo`lga tushgan.

                   25 000 AQSh dollari

Toshkent viloyati Qibray tumani hokimining o`rinbosari J. Mashrapov xususiy tadbirkorga maydoni 9 gektar bo`lgan erni $60 ming evaziga taklif etib,25 ming dollar olayotganda qo`lga olindi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.Bu o`rinbosarni qaysi pog`onaga joylashtirishni bilmadik. Chunki. u olgan pora miqdori shu paytgacha har xil miqdorda aytiladi. Masalan, Gazeta.uz, BBS.uzbek saytlarida berilgan xabarlarida 15 oktyabr kuni O`zbekiston prezidenti huzurida o`tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga oid yig`ilishda Qibray tuman hokimi o`rinbosarining 35 ming dollar pora olgani haqida ma`lumot berilgan. Bosh prokuror Nig`matilla Yo`ldoshev esa J.Mashrapov olgan pora miqdorini 15 ming dollar ekanligini aytgan:

«Qibray tumani hokimining o`rinbosari Mashrapov «Flower sity» jamiyati rahbari Ahmedovga qariyb 10 gektar er ajratib berish evaziga 15 ming dollar pora olgan. Bundan tashqari, Mashrapov o`zi tashkil qilgan «Salom Mega Stroy» jamiyatiga tumanning turli hududlaridan jami 10 gektar erni go`yo issiqxona ajratish va sabzavotchilikni yo`lga qo`yish maqsadida ajratilishiga erishib, keyinchalik ushbu er maydonlarini 60 ming dollarga sotib yuborgan».

Sud hukmiga ko`ra, Jamshid Mashrapov Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari asosida 11 yil ozodlikdan mahrum qilingan.

Toshkent viloyati Bo`stonliq tumani hokimining o`rinbosari Z.Mirzaxodjaev ham Bo`stonliq tumani hududida joylashgan 5 sotix er maydonini 25 000 dollar olayotgan vaqtida ushlangan. Unga nisbatan 10 (o`n) yil 1 (bir) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

20 000 AQSh dollari

Farg`ona viloyati, Buvayda tumani hokimining birinchi o`rinbosari M.Dehqanov joriy yilning oktyabr oyida Buvayda tumanida joylashgan «Erkin iqtisodiy hudud»dan tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish uchun 50 sotix er maydonini rasmiylashtirib berish evaziga 20 000 AQSh dollari olgan vaqtida jinoyat ustida qo`lga olingan.

 

10 000 AQSh dollari

O`tgan yil avgust oyida Qo`qon shahar hokimining birinchi o`rinbosari Abduhaliljon Nurmatov va viloyat mintaqaviy temir yo`l uzeli moliya bo`limi boshlig`i pora ustida qo`lga olingan edi. Ular 2,5 gektar er maydonida bino va inshootlar qurish bo`yicha auksionda g`olib bo`lish evaziga tadbirkordan 180 ming dollar talab qilishgan. Ushbu mablag`lardan 10 000 dollarini olayotgan paytida ushlangan. Sud hukmi o'qilib, 5,5 yil qamoq jazosi berilgan. 

Namanganda ham 10 000 AQSh dollarlik pora bilan Yangiqo`rg`on tuman hokimi o`rinbosari ushlangan edi. Tuman hokimining qishloq xo`jaligi masalalari bo`yicha o`rinbosari Elyorjon Ortiqov 10 000 dollar evaziga 10 gektar erni olib berishni va`da qilgan. Yangiqo`rg`on tuman matbuot kotibining ma`lum qilishicha, u hozir qamoqda.

6000 AQSh dollari

Navoiy viloyati Navbahor tumani hokimining iqtisodiy masalalar bo`yicha o`rinbosari Oybek Xairov 6000 AQSh dollari miqdorida pora bilan qo`lga tushgan edi. Hokim o`rinbosari tumanda baliqchilik bilan shug`ullanish niyatida bo`lgan tadbirkorga er ajratib berish uchun yuqorida keltirilgan miqdorda pora olgan. Ayrim ma`lumotlarga ko`ra Konimex tumanidagi baliqchilikka ixtisoslashgan mas`uliyati cheklangan jamiyatga Navbahor tumanidagi suv kollektorida maqsadsiz oqib yotgan suvni 6 km dan ortiqroq masofada ariq qazib olib kelish uchun tuman hokimining tegishli qarorini chiqartirib berish evaziga olgan. Jinoyat kodeksiga ko`ra unga 7 yil jazo tayinlangan. Ammo ko`p o`tmay sud qaroriga ko`ra jazo muddati «qilmishiga nomunosib tortilgan jazo» bo`lgani uchun 5 yilga qisqartirilgan. Shuningdek, rasmiy hujjatda uning aslida 4000 AQSh dollari hamda 16 000 000 so`m olgani yozilgan.

5000 AQSh dollari

Toshkent shahar Yunusobod tumani hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikasiyalarni rivojlantirish masalalari bo`yicha o`rinbosari E.Z fuqaroga o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratga egalik huquqini beruvchi tuman hokimining qarorini chiqarib berish evaziga 5000 dollar olayotgan vaqtida qo`lga tushgan. So`ngi ma`lumotlarga qaraganda hokim o`rinbosari 3,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. U uzoq yillar davomida «O`zuyjoyjamg`armabank» banki tizimida rahbar lavozimlarida ishlagan, "Makon Kapital Invest" MChJ ta`sischisi va moliya masalalari bo`yicha maslahatchi ham bo`lgan.

      2000 AQSh dollari

Jizzax shahri hokimining birinchi o`rinbosari v.b. $2000 pora bilan qo`lga tushdi. Shahar hokimining birinchi o`rinbosari vazifasini bajaruvchi Oybek Nurmatovni ijtimoiy soha ob`ektlarini qurish va ta`mirlash bo`yicha o`tkaziladigan tender savdolarini olib berish evaziga tadbirkordan 2000 dollar talab qilgan. U bir vaqtning o`zida shahar iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish bo`limi boshlig`i vazifasini bajaruvchi hisoblangan.

1 500 AQSh dollari

 

Toshkent viloyati Oqqo`rg`on tumani hokimi o`rinbosari Alisher To`ymachov, Kadastr bo`limi boshlig`i I.Qoraboev bilan birgalikda 18 mart kuni Oqqo`rg`on tumanida joylashgan 1,5 ga er maydonini 1500 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida jinoyat ustida qo`lga olingan. Sud hukmi bilan unga 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
15
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
23.09.2022 03:01
parahor haqida habar berilsam kimligim sir tutiladimi
14.02.2022 16:52
бир пайтлар 400 000 ва 200 000 олганлар хам бор эдику,