Senator Baxtiyor Sayfullaevning aytishicha, Senat a`zolari «G`afur G`ulom» bog`ini joyiga chiqib o`rgangunga qadar, 2021 yil tugab qolgan. Shuning uchun ular bog`ni o`rganishga ulgura olishmagan va bu ish endilikda kun tartibiga qo`yiladi.
Senatorlar va`da berishdan o`zga ishga ham qodirmi?
Kechagina jurnalistlarga, ular orqali xalqqa joyiga chiqib o`rganamiz, ko`rib chiqamiz, kun tartibiga kiritamiz, deya va`da bergan senatorlar bugun amaliy ishga o`tdimi?
Bugun Senatning 23-yalpi majlisi yakuni yuzasidan o`tkazilgan matbuot anjumanida rost24.uz sayti Senatorlarni yakuni ko`rinmas va`dalari yuzasidan savolga tutdi. Savollarimiz millat taqdiriga daxldor «Davlat tili to`g`risida»gi masala va poytaxt aholisini qiynayotgan muammo yuzasidan edi.
Ya`ni «G`afur G`ulom» bog`i qachon xalqqa qaytariladi, umuman u qaytariladimi yoki yo`qmi? Yangi tahrirdagi “Davlat tili to`g`risida”gi qonunning taqdiri nima bo`ldi? Mazkur savollar Senatorlarning yalpi majlislar yakuni yuzasidan o`tkazgan avvalgi matbuot anjumanlarida ham yangragan edi. Savolga javoban senatorlar xususan, Baxtiyor Sayfullaevich “G`afur G`ulom” bog`ini joyiga chiqib o`rganishni, masala ijobiy hal etilishini va kun tartibiga qo`yilishini va`da bergan edi.
Bu safar ham senator aynan shu va`dalarni bergan holda quyidagicha javob qaytardi:
"Juda to`g`ri, AOKAdagi uchrashuvda men sizning saytingizga kirib ko`rdim. Shu va`dalar to`g`risida roliklar qilgan ekansizlar. Bu va`da – ijrosi bilan chiroyli bo`ladi. To`g`rimi noto`g`rimi..?
"G`afur G`ulom" bog`i bo`yicha ish o`zimizning birinchi yarim yillik ish rejamizga kiritganmiz. Yilning oxiri bo`lgani uchun biz ulgurmadik, hisobotlarga tayyorgarlik va boshqalar bilan bo`lib.
"G`afur G`ulom" bog`i bizning kun tartibimizda turibdi. Biz hal qilgan kunimiz, o`sha kuni faycebukka kiring. Men o`zingizga shaxsan yuboraman. Bu masala dolzarb masala, hammamizni qiynayotgan masala. Mana kuni kecha madaniy meros ob`ektlari bo`yicha ham ishlar ko`rdik. Ishlarimiz shunchalik ko`p. Prokuratura bilan birgalikda qonun qabul qildik. Jazo qo`llash bo`yicha. Asta-sekinlik bilan mana bizni 3-5 yilgacha, 5-7 yilgacha katta zarar etkazganligi uchun madaniy meros agentligi shunday nega, 1,5 yil oldin bu masalani ko`tarishgan edi. Bu bizni kun tartibimizda turibdi. Bu vaziyatni ijobiy hal qilamiz. Bu shunday qolmaydi. Senator so`rovini yuborganman. Senat javobini olgandan keyin joyga chiqib o`rganaman men. Qani hokimiyat nima javob beradi? Amalda nima bo`layapti? Bu javobsiz qolmaydi...", deya javob qildi Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi raisi Baxtiyor Sayfullaev.
Yana quruq va`da va bahonalar bilan javob bergan senator «Davlat tili to`g`risida»gi qonunning yangi tahririga oid savolni ochiq qoldirdi.
Senatorlar bugun yana ijobiy hal qilamiz, degan va`dalar bilan qutuldi. Ammo, xalq tomonidan saylangan amaldorlar 30 milliondan ortiq aholi oldida hisobdorlikni his etadimi? Bu cheksiz va`dalar amaliy natija berishiga o`zlari ham ishonarmikan?
Masalan, moddiy madaniy meros ob`ektlariga shikast etkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish yuzasidan qonunchilikka o`zgartirishlar kiritilgunga qadar bir necha tarixiy ob`ektlarimizga zarar etib ulgurdi. Xususan, Sitorai Moxi-Xosa madaniy merosini sifatsiz restavrasiya qilish oqibatida ob`ektga 28 milliard so`m miqdorida zarar etkazilgan. Senatorlarimizning bugungi “kun tartibiga qo`yildi”, “joyiga chiqib o`rganamiz”, “ijobiy hal qilamiz” kabi va`dalari bilan davlatga, xalq mulkiga yana qancha zarar etar ekan?