“Avtotest” monopoliyasi yana o`rnatildimi? Hukumat jamoatchilikka qachon rejalarini ochiqlaydi? Biz nega monopoliya o`rnatilganidan so`ng xabar topamiz? Bu monopoliyadan manfaatdorlar yuqoriroqdami?
Rost24 bu haqida to`rt oy oldin ogohlantirgandi
"Avtotest" monopoliyasini tiklashga urinish haqida biz o`tgan yilning 7 oktyabrida maqola e`lon qilgandik. Unda o`rtaga tashlagan savollarimizga esa o`shanda na rasmiy raddiya, na bir e`tiroz bildirilgandi. Faqat "trollar" tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda "tuxmatchi" ekanligimiz aytilgan edi, xolos. U vaqtda Komil Allamjonov O`zbekistondagi avtomaktablarni korrupsiyada va potensial qotillarni chiqarishda ayblagan va u avtomobil yo`llarida yo`l transporti hodisalarining ortishi muammosini aynan «Avtotest» maktabini yo`q bo`lishi bilan bog`lagan edi. Allamjonovga ko`ra, «Avtotest» eng kuchli va sifatli o`qitadigan avtomaktab bo`lgan va uning nazdida hozir ham «avtotest» monopoliyasi yashab kelganda, yo`llarda yo`l transporti hodisalari oldi olinishi mumkin yoki haydovchilar nisbatan ehtiyotkor va savodliroq bo`lishi mumkin edi.
Bu gaplarni bir necha bloger va iternet nashrlari tezlik bilan tarqatishdi. Mass-media fondi vasiylik kengashi raisining 4 oylik “zahmatli” harakatlaridan so`ng axboriy manipulyasiya o`z mevasini berdi.
Hamma yo`llar bir manzilga olib boradi
Jurnalist va bloger Muxrim A`zamxo`jaev kuni kecha o`z blogida bu ishlar natijasini aniqlaganini e`lon qildi. Uning yozishicha, 2022 yil 2 fevral kuni O`zbekistonda haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o`tkazish bo`yicha davlat xizmatlarini ko`rsatish huquqi birinchi bo`lib YIM (Yagona imtihon markazi) degan kompaniyaga berilibdi . “Lisenziya olgan bo`lsa, endi nimadir qilishsa kerak”, deb o`ylasangiz xato qilasiz — hammasi lisenziyani olishdan ancha avval qilib bo`lingan, bu videodagi (https://www.youtube.com/watch?v=fc3SVTzzDYo&feature=emb_title) kabi chiroyli o`quv poligonini bir kunda qurib, foydalanishga topshirib bo`lmaydi-ku (shu joyida bir savol — o`zi avval shuncha qurilish, xarajat qilib keyin lisenziyaga ariza berish kerakmi yo avval lisenziya olib, keyin ishga kirishish kerakmi?).
Kompaniya saytidagi “Aloqa” bo`limida Gugl-xaritadan geolokasiya qo`yilgan. Geolokasiyadagi manzilga Autodriver Study deb yozilgan. Gugllaganda bir xususiy avtomaktabning Instagrami, Feysbuki, sayti chiqdi: Instagram o`chirilgan, sayti esa kecha lisenziya olgan YIM’ning saytiga qayta yo`naltiryapti; darvoqe, Gugldagi ma`lumot bo`yicha, Autodriver Study’ning telefon raqami (78) 120 20 02 — kecha lisenziya olgan YIM’niki bilan bir xil. Statqo`m ma`lumoti bo`yicha, Autodriver Study’ning direktori Daniel Burke— YIM’ning rahbari ham Daniel Burke; Statqo`m bo`yicha, ikki kompaniya manzili ham bir xil — Fayzli, 87.
“Veb.Arxiv” ma`lumoti bo`yicha, Autodriver’ning ikkita filiali bo`lgan — biri hozirgi YIM’ning o`rnida, ikkinchisi Navoiy ko`chasi, 1-uy manzilida (xuddi shu manzilda “Avtotest” innovasion avtomaktabi filiallaridan biri bo`lardi). Dilshod Shuhratovich Jo`raev — Autodriver Study’ning 100 foizi egasi. OrgInfo ma`lumotiga ko`ra, Dilshod Shuhratovich Jo`raevning Innodriver Study degan firmasi ham bor (qiziq jihat — 2017 yil oktyabrda ochilgan Autodriver’ning e-meyli autodriver.study@mail.ru bo`lsa, 2017 yil noyabrda ochilgan Innodriver’niki innodriver.study@mail.ru).
Innodriver Study kompaniyasining manzili sifatida Toshkent shahri, Mirobod tumani, Taras Shevchenko ko`chasi, 21-uy ko`rsatilgan. Masalan, Avtotest va Avtotest 2.0 savdo belgilarining egasi hisoblangan “Avtotest Report” kompaniyasi, shuningdek, bir vaqtlar poytaxt tumanlari uchun alohida-alohida ochilgan (va keyinchalik tugatilgan) “Avtotest” kompaniyalari ham xuddi shu manzilda joylashgan.
Kim bilsin, balki hammasi shunchaki tasodiflar, shunchaki o`xshashliklardir, degan Muxrim A`zamxo`jaev o`z materialida. Lekin biz bu jarayonning tasodif emasligiga ishonchimiz komil.
Yaqqol namoyon bo`lgan manfaatlar to`qnashuvi
2017 yil 4 sentyabr kuni «yuridik shaxslarning haydovchilik malakasini har ikki yil qayta oshirish» bo`yicha Vazirlar Mahkamasining 693-son qarori qabul qilingandi.
Gap shundaki, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan mazkur qaror bilan «yuridik shaxslarning haydovchilik malakasini oshirish huquqi» faqat «Avtotest-Report» MChJga tegishli etib belgilangandi. Bu holat esa o`z navbatida bunday xizmatlarni ko`rsatuvchi sub`ektlar o`rtasida raqobat muxitini shakllanishi o`rniga, aksincha, bitta MChJning monopoliyasining o`rnatilishiga, raqobatchilarning bozordan siqib chiqarilishiga yo`l ochib bergan.
O`sha vaqtda faol deputatlar Rasul Kushrbaev va Qodir Jo`raevlar tomonidan O`zbekiston Vazirlar Mahkamasining «Innovasion o`qitish uslublarini joriy etish yo`li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to`g`risida»gi qaror qayta o`rganib chiqilishi kerakligini kun tartibiga qo`ydi va 2018 yil 23 fevraldagi hukumat qarori bilan bu tartib bekor bo`ldi.
Shu tariqa yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarining haydovchilarini malakasini oshirish bilan 2018 yil 1 iyundan boshlab davlat ta`lim muassasalari, shuningdek, nodavlat ta`lim muassasalari faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi lisenziyaga ega bo`lgan boshqa yuridik shaxslar tomonidan ham amalga oshirilishi belgilangan edi.
Ma`lumot uchun, ochiq ensiklopediya va OAV xabarlarida «Avtotest» innovasion avto maktab asoschisi sifatida e`tirof etilgan Komil Allamjonov o`sha davrda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati boshlig`i edi. Hozir ham turli tashriflarda Allamjonovning prezidentga hamroxlik qilayotganini tez-tez suratlarda ko`rib turibmiz.