Poytaxtda o`g`irlik ko`paymoqda. O`rnatilgan kuzatuv kameralari "xo`jako`rsin" uchunmi?

13.02.2022 12:02

"Xavfsiz shahar" konsepsiyasining ijrosi faqat eslatma-reklamalar orqali ta`minlanmoqdami?

Ishlamaydigan kuzatuv kameralari uchun 1 milliarddan ziyod mablag` ajratilgan edimi? 

Ushbu qaror bajarilishini nazorat qilish AKT vazirligining sobiq vaziri Azim Axmedxo`jaev va Ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonov zimmasiga yuklangan. Vazifa ijrosi bajarilmayotgan bir vaqtda, amaldorlar nima deydi..?

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasidagi loyihalarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida» (2017 yil 29 avgustdagi PQ-3245-son) qaroriga muvofiq, shuningdek, "Xavfsiz shahar" loyihasini amalga oshirish borasida yagona texnologik yondashuvni ishlab chiqish va amalga oshirishning aniq bosqichlarini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori qabul qilingan edi. 

Ushbu qarorga muvofiq "xavfsiz shahar" tizimini yaratish va rivojlantirish bo`yicha yangi konsepsiya loyihasi 2017 yil 1 oktyabrgacha bo`lgan muddatda kompleks loyihani kiritish va o`sha yili 1 dekabrda texnik topshiriqni ishlab chiqish vazifasi belgilangan edi. Ushbu qarorning bajarilishining nazorati esa Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligining sobiq vaziri Azim Axmedxo`jaev va Ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonov zimmasiga yuklatilgan edi. 

Lekin ushbu qaror ijrosi ta`minlanmayotganligiga sabab nima? Mana oradan 4 yildan ziyod vaqt o`tdi, hali-hanuz esa o`rnatilgan kuzatuv kameralari ishlamayotganidan aholi norozi bo`lib murojaat qilmoqda. 

Ushbu "xavfsiz shahar" loyihasi asosida bitta Toshkent shahri uchun 1 milliard dollardan ziyod mablag` ajratilgan ekan. Bu 1 milliard dollar aslida ishlamaydigan kameralarni qo`yib qo`yish uchunmidi?

Bugungi kunga kelib ko`p qavatli uylarda o`rnatilgan kameralar ishlamayotganidan aholi norozi bo`lib murojaat bilan chiqishmoqda. Bolalar aravachasi va velosipedlari, yana ko`plab o`g`irliklar yuzasidan arizalarga IIB ahamiyat bermayotganidan norozi bo`lishmoqda. Bu o`g`riliklar qachongacha davom etadi. Bugungi kunda mayda bo`lib ko`rinayotgan ushbu o`g`rilik, kun kelib katta jinoyatlarni olib kelmasligiga kim kafolat beradi? 

Agar o`rnatilgan ushbu kameralar ishlaganda edi...

Statistik ma`lumotlarga qaraganda, o`tgan yil yanvar - sentyabr oylarining o`zida 12484 ta o`g`rilik sodir bo`lgan. Bu raqamlar o`tgan yillar hisobiga 2 barobar ko`paygani aytilgan. 

XXI asr – "Zamonaviy axborot texnologiyalar" davrida ko`p qavatli uylarning yo`laklarida (pod`ezd) yopishtirilgan “odamlar o`z mulkini o`zi asrashi" haqidagi turli eslatmalar bilan kifoyalanishmoqda. Mayli bu eslatma-reklamalari ham kerak, lekin bu degani ishlab chiqilgan qaror ahamiyatsiz degani emas. Agar bu qaror ahamiyatsiz yoki umuman O`zbekiston sharoitida qilib bo`lmasdek bo`lganda edi, ushbu qaror ishlab chiqilmas edi. Qaror tasdiqlangan, vazifalar yuklatilgan bir vaqtda fuqarolarda nima gunoh? Ular uchun bu kameralar ishlashi farzandlarining xavfsizligi uchun ham zarur. 

Ushbu mavzudagi muammolar bo`yicha Rost24.uz ga kelib kelib tushgan ko`plab murojaatlarga asosan "Ko`p qavatli uylar oldiga qo`yilgan kuzatuv kameralari ko`rgazma vazifasini bajarmoqdami?" nomli maxsus tanqidiy-tahliliy lavha ham tayyorlangan edi.

Muxbir borib muammoni o`rgandi, aholini ham mas`ul shaxslarni ham eshitib keldi. Lekin hali-hanuz natija yo`q. Ushbu material e`lon qilingandan keyin bildikki, bu muammo juda ko`plab fuqarolarning muammosi ekan. Boshqa fuqarolar ham yozishdi, murojaat bilan chiqishdi. 

Mas`ul shaxslarga yana bir marta yuzlanamiz. Bu muammo qachon o`z echimini topadi. 2017 yil tasdiqlangan qaror ijrosini barcha fuqarolar kutmoqda. Qaysidir mas`ullar ishdan ketgani-yu yana boshqa-boshqa sabablar sabab bo`la oladimikan? 

"Xavfsiz shahar" konsepsiyasi aholini xavf ostida qoldirmayaptimi..?

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
6
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
13.02.2022 20:43
Туппа тугри. Кузатув камералари булса, ишласа, анча хавф хатарни олдини олади. Чет давлатларда хам кузатув камералари ишлагани учунгина тартиб бор. Жазо мукаррарлиги тугрисида тушунча бор. Ишлатишсин. Шунча давлат пули кетгандан кейин...