Bir muddat avval saytimiz orqali «8 oylik kurash tugadi. Odil sud xalqni g`olib deb topdi» nomli maqola hamda video e`lon qilingan edi.
Unda Zangiota tuman hokimining maktab va bog`cha uchun mo`ljallangan Nazarbek hududi 204-kontur maydonining tadbirkorga ko`p qavatli uy qurishi uchun berilishi to`g`risidagi qarori Toshkent viloyat sudlari tomonidan haqiqiy emas deb topilgani haqida xabar qilingan.
Biroq sud qaroridan norozi bo`lgan ikkinchi tomon, ya`ni «SkyTech-line» kompaniyasi Oliy sudga kassasiya arizasini kiritgan.
27 yanvar sanasida esa Oliy sudda mazkur masala ko`rib chiqildi hamda Zangiota tuman hokimining erni tadbirkorga berish taklifi haqidagi qarori haqiqiy emas deb topildi.
Sudda nutq so`zlagan prokuror o`rinbosari mazkur masalaning respublika darajasida o`rganilayotgani, Zangiota tuman hokimiga, hokim o`rinbosari, kadastr xodimi va boshqa bir qator mas`ullarga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atilgani haqida ma`lumot berib o`tdi.
Uning aytishicha, hokimning aynan mana shu noqonuniy qarori ortidan davlatga, jami 1 milliard 258 million so`m zarar etgan.
Aholi vakillarining aytishicha, mazkur sud majlisi ular ishtirok etgan 12-sud hisoblanadi. 40 dan oshiq keksa yoshli otaxon va onaxonlar mana bir yildan buyon sudma-sud sarson bo`lishdi.
Zangiota tumani hokimi 15 ming nafar aholini maktab va bog`chasiz qoldirgan. Nazarbek hududiga kiruvchi 4 ta mahalla – Forobiy, Nazarbek, Qirguzar va Ahilobod, qo`shni Nayman MFYda jami 12000 nafardan ziyod aholi yashaydi, shundan 2876 nafari maktab o`quvchilari, 2374 nafari esa 7 yoshgacha bo`lgan yosh bolalar, 1101 nafar bog`cha yoshidagi bolalarni tashkil etadi. Ular hozirgacha maktab va bog`chasiz yashab kelmoqda.
Hududdagi yagona bo`sh qolgan va sobiq ittifoq davridayoq maktab uchun ajratilgan er Zangiota tuman hokimligi tomonidan amaldagi qonunchilikka zid ravishda tadbirkor uchun zamonaviy turar joylar qurish uchun ajratib berilgan. Zangiota tuman hokimligi Prezidentning besh tashabbusga oid farmoni yuzasidan maktab, bog`cha, kutubxona qurish uchun tadbirkorga erni 0 qiymatda bergan. Bir hafta o`tib esa, tuman hokimi er uchun chiqargan qarorini “zamonaviy turar joylar” qurish uchun ko`rinishida o`zgartiradi.
Eng qizig`i, tuman hokimining qarori O`zbekiston Bosh prokuraturasi va Zangiota tuman prokuraturasi tomonidan amaldagi qonunchilikka zid ekani ko`rsatilib, protest kiritilgan bo`lsa-da, tadbirkorlar qurilish ishlarini shu paytgacha davom ettirib kelinayotgan edi.
Biz «SkyTech-line» kompaniyasi vakillariga ham ko`rilgan zarar haqida savol bilan yuzlandik. Ammo ular intervyu berishni xohlamadi.
Zangiota tuman hokimligi huquqshunosi esa “Endi hokim jinoiy javobgarlikka tortiladimi?” qabilidagi savolimizni e`tiborsiz qoldirdi va javob bermadi.