O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti Axborot va ommaviy kommunikasiya agentligi tarkibiga kiritilmaydi.
Bu haqida bugun universitet rektori Sherzodxon Qudratxo`ja oliygohda yangi tashkil etilgan fotolobaratoriyaning ochilish marosimida aytib o`tdi.
Rost24.uz muxbiri Sherzodxon Qudratxo`jadan universitetning keyingi taqdiri haqida aniqroq ma`lumot berishni so`radi. Rektor savollarga aniqlik kiritar ekan O`zJOKU Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tarkibida qolishini aytgan.
Shuningdek, rektorning ma`lum qilishicha, O`zJOKUni moliyaviy mustaqil oliygohga aylantirish ham imkonsiz. Sababi, jurnalistikaga puldorlar emas, ko`pincha adolat izlaganlar o`qishga kiradi.
Ma`lumki, 2022 — 2026 yillarga mo`ljallangan taraqqiyot strategiyasining 2022 yilda amalga oshirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” loyihasiga ko`ra, O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi (AOKA) tarkibiga o`tkazilishi ma`lum qilingan edi.
Ma`lumot o`rnida: 2018 yil 24 mayda tashkil etilgan Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetida bugungi kunda bakalavr bosqichi bo`yicha Xalqaro jurnalistika, Internet jurnalistika, Teleradiojurnalistika, Bosma va ommaviy axborot vositalari jurnalistikasi, Sport jurnalistikasi, Harbiy jurnalistika yo`nalishlari mavjud. Universitet hozirda yo`nalishlar bo`yicha faqatgina jurnalistlarni tayyorlab qolmay, mediadizayner, mediamarketolog, PR menejerlar hamda axborot xizmatlari uchun ham kadrlar tayyorlamoqda. O`zJOKUda 3 ta fakultet va 5 ta kafedra mavjud bo`lib, bakalavr, magistratura va sirtqi bo`limlarda 10 dan ortiq yo`nalish va mutaxassisliklar bo`yicha ta`lim beriladi.
Hozirgi kunda esa universitetda Axborot-resurs markazi, Axborot texnologiyalari markazi, jurnalistika tarixi muzeyi mavjud. 50 professor o`qituvchilar, shu jumladan, 5 fan doktori va 10 fan nomzodi va 7 dosentlar ishlaydi. Universitet dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi etakchi ta`lim dargohi va ilmiy markazlari bilan xalqaro aloqalar o`rnatgan.