O`zbekistonda elektr soxasida har oyda o`lim hodisasi yuz beradi. Bu tizim eskirganidan dalolatmi?
O`zbekiston hududiy elektr tarmoqlarida nega har oyda o`lim holati ro`y bermoqda? Bu xodisalar nima uchun aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ulug`bek Mustafoevni havotirga solmayapti? Elektr tarmoqlarida qachon real islohatlar amalga oshiriladi?
O`zbekiston “Hududiy elektr tarmoqlari” aksionerlik jamiyatida respublika bo`ylab deyarli har oyda baxtsiz hodisa ya`ni elektr montyorlarining o`limi kuzatilmoqda. Elektr montyorlar ko`p hollarda ish jarayonidagi ehtiyotsizlik tufayli halok bo`lmoqda. Bunday ehtiyotsizliklarning tizimli ravishda ro`y berishi esa kishini havotirga soladi. Har qanday ish jarayonida inson qadri, xodimlarning havfsizligi birinchi o`rinda bo`lishi kerak emasmi? Rost24.uz “Hududiy elektr tarmoqlari”dagi o`lim bilan yakunlangan baxtsiz hodisalarga tegishli ma`lumot va hujjatlarni o`rgandi.
Elektr montyorlarining maoshi 4 million so`mga ham bormaydi. Ammo kichik bir xato bilan montyor o`lim bilan yuzlashishi mumkin. “Hududiy elektr tarmoqlari”da odatda halok bo`lgan xodimning o`zi baxtsiz xodisa aybdoriga aylanadi. Har holda bizda mavjud bo`lgan bir yillik yigirmaga yaqin hujjatlarda baxtsiz hodisa sababchisi sifatida asosan halok bo`lgan xodim ehtiyotsizligi ko`rsatilgan.
Xodimlarning ma`lumot berishicha zarur asbob, rezina qo`lqoplar va maxsus kiyimlar bilan o`z vaqtida va bepul ravishda ta`minlanish etarli darajada emas. Qolaversa, ushbu tarmoq xodimlari doimiy ravishda maoshlari kamligidan nolib keladi. “Bor yo`g`i 3 million so`m uchun simyog`ochga ko`tarilamiz”, deydi “Qashqadaryo huduiy elektr tarmoqlari” AJ xodimi. “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” 2022 yilning ilk oyini ham o`lim holati bilan boshlagan. 24 yanvar kuni elektr xavfsizliq qoidalarini buzish oqibatda elektromontyor halok bo`lgan. Yanvar oyining ilk kunlarida esa Jizzax va Xorazm elektr hududiy tarmoqlari xodimlari jiddiy jarohat olgan. Hujjatlarda esa mazkur baxtsiz hodisalar xodimlarning ehtiyotsizligi sabab ro`y bergani qayd etilgan.
O`tgan yilning har bir oyida Samarqand, Farg`ona, Jizzax va boshqa viloyatlarda hududiy elektr tarmoqlari xodimlarining o`limi qayd etilgan. Respublika bo`yicha bu tarmoqda har oyda bir o`lim, jarohat, kuyish holatlari kuzatiladi. Bu hududiy elektr tarmoqlarida xavfsizlik darajasi sust ekanligini anglatadimi yoki tizim eskirganmi? Balki, tizimda real islohatlarni amalga oshirish vaqti kelgandir.
Ma`lumotlarga ko`ra halok bo`lgan elektromontyorlar uchun sug`urta kompaniyalari ma`lum miqdordagi mablag` to`lab berishi, kasaba uyushmalari yordam ko`rsatishi belgilab berilgan. Biroq, har oyda kuzatilayotgan o`lim holatlari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda kasaba uyushmalarini befarq qoldirmasligi kerak emasmidi? 2021 yilning 11 oylik ma`lumotiga ko`ra Respublika bo`yicha 13 ta o`lim, 6 ta nogironlik holati qayd etilgan. Xodimlar o`limi oqibatida etim qolgan bolalar soni 35 nafarni tashkil etgan. Ushbu dahshatli raqamlar Ulug`bek Mustafoevni mudroq kayfiyatini sergak torttirib, kursidan turib harakat qilishga chorlamagani ajablanarli.