2021 yilda Yunusobod tumani hokimi etib tayinlangan Jahongir Ibrohimov bir yil o`tib ishdan ketdi. Bu haqida Toshkent shahar hokimligi ma`lum qildi.
Bungacha u 2017—2020 yillarda Sirdaryo viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikasiyalar va kommunal xo`jalik masalalari bo`yicha o`rinbosari, 2020 yil 25 avgustdan Toshkent shahri Bektemir tumanini boshqargan Jahongir Ibrohimov 2021 yil yanvarida Rahmonbek Usmonov o`rniga Yunusobod tumani rahbari etib tayinlangandi.
2021 yil 15 yanvar kuni Yunusobod tumanida bo`lib o`tgan yig`ilishda Prezident Shavkat Mirziyoev tumanning yangi hokimi Jahongir Ibrohimov haqida ko`plab yaxshi gaplarni va unga ishonch bildirishini aytib, uni “Yangi kuch” sifatida baholagan edi.
«Hokim „raskladushka“ bilan keldi rayonga. U hokimiyatda yotmaydi, balki sektor mahallasida borib yotadi. Bektemirda to`rt oy hokim bo`lib ishladi. Bu „repetisiya“ edi. Endi mana shu 352 ming aholisi bor rayonning hokimi. Jahongir Ibrohimovni men Sirdaryoda ham sinab kelganman. Tajribasi bor. Toshkentning issiq suvlarini, kottejlarini, do`konlarini, farovon ko`chalari, nurli chiroqlarining qadriga etadi», degan edi davlatimiz rahbari.
Shuningdek, Prezident Ibrohimovga agar hokimlikni eplay olmasa, ishdan ketishi haqida ham qattiq ogohlantirish bergandi. Xususan, «Men Ibrohimovga yo Yunusobod bo`yicha ishlarni bajarasan, yo ishonchni oqlamaysan, dedim. Shuning uchun u «raskladushka» bilan keldi rayonga. «Raskladushka»ni olib hokimiyatda yotmaydi, sektor mahallasida jamoasi bilan borib yotadi. Mahallaning «hidi» yoqmasa, ketadi. Menga mahallaning «hidi» yoqadi. Mahallaning «hidi» — xalqning ovozi», deya ta`kidlagandi Prezident.
Ammo shu yilning 16 sentyabr kuni Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev birinchi yarim yillikda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirishga yo`l qo`yganliklari uchun Mehnat kodeksining 181-moddasiga asosan Mirzo Ulug`bek tumani hokimi, Yangihayot tumani hokimi, shuningdek, Yunusobod tumani hokimi Jahongir Ibrohimovga xayfsan e`lon qilgan edi.
U Bektemir tumani hokimi bo`lib ishlayotgan, pandemiya O`zbekistonda avj nuqtaga chiqib, barchaga “uyda qolish” tavsiya etilgan bir paytda “Sog`lom hayot uchun 5 ming qadam” shiori ostida ommaviy yurish tashkillashtirib jamoatchilik etiroziga sabab bo`lgan edi.
Ommaviy yurishda Bektemir tumanida istiqomat qiluvchi qariyb 500 nafar aholi ishtirok etgan.
Ayrim tahminlarga ko`ra, Yunusoboddagi do`konlar buzilishi ortidan hokim Jahongir Ibrohimov ishdan olingan.
Ma`lumot o`rnida: Ibrohimov Jahongir Bahodirovich 1982 yilda Toshkent viloyatida tug`ilgan. 2006 yilda Toshkent arxitektura-qurilish institutini tamomlagan.