Bugungi kunda barcha telekanallarda milliy seriallarning soni ko`payganligiga guvoh bo`lmoqdamiz. Tan olish lozimki, ayni paytda nodavlat telekanallari efiriga uzatilayotgan milliy seriallarning badiiy va g`oyaviy mazmuni talab darajasida emasligi ko`zga tashlanmoqda.
Bir qator seriallar so`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda tomoshabinlar tomonidan tanqidiy muhokama etilganligi fikrimizning yaqqol dalilidir.
Serial janr sifatida endi-endi ommalashib bormoqda. Teleijodkorlarimizda bu borada zarur tajriba va ko`nikmalar hali tugal shakllanmagan desak, mubolag`a bo`lmaydi. Buning uchun esa vaqt, mablag` va malakali kadrlar zarur. Shu bois sohaga Hukumatimiz tomonidan alohida e`tibor qaratilib, ushbu muammolarni tizimli hal etish bo`yicha salmoqli qadamlar qo`yildi. O`tgan 2021 yilda Kinematografiya agentligi tomonidan davlat buyurtmasi asosida telekanallar bilan hamkorlikda shifokorlarning zaxmatli faoliyatiga bag`ishlangan “Najotkorlar” (Zo`r.Tv) hamda “Orzular palatasi” (Sevimli.Tv), mahalla hayoti va tadbirkorlik mavzusidagi “Qodirxon” (Mening yurtim), shuningdek, “Mahalla”, “Tuzoq”, “Dard” va “Alvido bolalik” singari boshqa bir qator seriallar suratga olindi va olinmoqda. Shu bilan bir qatorda davlat buyurtmasi asosida suratga olingan “Behbudiy”, “Said va Saida”, “Avloniy”, “Qo`qon shamoli”, “Sumbul” singari o`nga yaqin badiiy filmlarning serial versiyasini ham yaratib, barcha telekanallarga bepul taqdim etildi. Lekin shuni alohida ta`kidlashimiz lozimki, Agentlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar etarli emasligini sezmoqdamiz.
Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo`lgan “Sevimli” telekanalida namoyish etilayotgan “Sabriya” seriali haqiqatdan ham badiiy va mazmunan sayoz . Bu rejissyorning dastlabki ishlaridan biri ekanligiga qaramasdan telekanal Badiiy kengashi zarur darajada o`z taklif, tavsiya va amaliy yordam bermaganligi ma`lum bo`ldi. Jamoatchilik va teletomoshabinlarning bu serialga nisbatan bildirilayotgan tanqidiy fikrlarini telekanali ta`sischilari va ijodiy jamoasi albatta inobatga olib, zarur tashkiliy chora-tadbirlarni ko`rishi darkor.
Nodavlat telekanallari efirida uzatilayotgan va tomoshabinlar tomonidan tanqid qilinayotgan seriallarning asosiy qismi xususiy prodakshn studiyalari tomonidan ishlab chiqilgan. Kelgusida mazkur studiyalar bilan hamkorlikda ishlashimiz, ularning tadbirkorlik faoliyatiga aralashmasdan, ammo, suratga olinayotgan kino mahsulotlarini badiiy va g`oyaviy mazmunini baholaydigan maxsus konsultativ Badiiy kengash tashkil etish zarurati yaqqol ko`zga tashlandi. Ushbu tavsiyaviy harakterga ega Kengashga kino san`ati sohasidagi malakali, etuk va professional mutaxassislar jalb etilishini taklif qilaman.
Hozirda kuzatilayotgan kamchiliklarni oldini olish uchun, biz bu jarayonda barcha telekanallar va xususiy prodakshn studiyalar bilan milliy seriallar ishlab chiqarish borasida hamkorlikni yanada kuchaytirish, endilikda son emas seriallar sifatiga alohida e`tibor qaratamiz.
Eng muhimi, xalqimizning ma`naviy ehtiyojlarini qondiradigan, badiiy mazmuni yuqori, g`oyaviy jihatdan milliy manfaatlarimizga javob beradigan seriallarni tayyorlash bo`yicha maxsus dastur loyihasini ishlab chiqib, Hukumatimizga kiritish asosiy vazifamiz hisoblanadi.