AQSh mudofaa vaziri Markaziy Osiyoda tinchlikni ta`minlash uchun har doimgidan ham ko`proq harakat qilinishini bildirdi.
AQSh Mudofaa vazirining Afg`oniston, Pokiston va Markaziy Osiyo masalalari bo`yicha muovini Rebekka Zimmerman bu hafta Pentagondan turib, O`zbekiston qurolli kuchlarining 30 yilligi munosabati bilan eksklyuziv tabrik yo`lladi. Amerika ovozi muxbiri Navbahor Imamova mazkur tabrikni “Amerika ovozi”da e`lon qildi.
Rebekka Zimmermen O`zbekiston qurolli kuchlarini bayram bilan qutlar ekan “Mintaqada tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash uchun har doimgidan ham ko`proq imkoniyatlarni topib, ularni ishga solishimiz zarur”, deya ta`kidlagan.
Kuni kecha Qozog`istonda ro`y bergan voqealar hamda Lukashenkoning O`zbekistonga qarata aytgan tahdidiy so`zlari fonida Rebekka Zimmermanning O`zbekiston qurolli kuchlari bilan yaqin hamkorlikda ekanini tabrik orqali bildirishi "siyosiy o`yinlar" ketayotgan dunyo sahnasi uchun e`tibor tortadigan yurish bo`ldi. Bu orqali O`zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari suverinitetiga xavf solayotganlarga o`ziga xos ogohlantirish bo`ldi.
“O`zbekiston suvereniteti va mustaqilligini qo`llab-quvvatlash harbiy aloqalarimizning asosi bo`lib kelgan va shunday bo`lib qoladi“, - deydi Zimmerman.
“Qo`shma Shtatlar O`zbekistonni strategik hamkor sifatida qadrlaydi. O`zbekistonning munosabatlarimizni kuchaytirish hamda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga qo`shgan hissasini yuqori baholaymiz”, - deydi Pentagon rasmiysi.
Zimmerman O`zbekiston harbiylari bilan 30 yildan buyon harbiy qo`shma mashg`ulotlar va axborot almashinuvi o`tkazib kelinishini yodga olar ekan bundan maqsad mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni ta`minlash ekanligini ta`kidlaydi.
Shuningdek, Rebekka Zimmerman O`zbekiston AQShga Afg`oniston masalasida 20 yil davomida yordam ko`rsatganini ham alohida aytib o`tgan.
Eslatib o`tamiz, bir necha oy avval AQSh O`zbekistonda o`z harbiylarini joylashtirish uchun ruxsat so`ragani haqida ma`lumotlar tarqagan edi. Ammo, bu ma`lumotlarni AQSh tomonidan tasdiqlanmagan.