Xuddi Rog`un GES kabi xatarli...

23.12.2020 10:06

Shu kunlarda Efiopiya davlatida joylashgan Xidase gidroelektr stansiyasi qurilishi va suv omborining to`ldirilishi Shimoli-sharqiy Afrikada yangi beqarorlik o`chog`ini yaratmoqda. Bu muammo xuddi Rog`un GES kabi qo`shni davlatlar uchun jiddiy xavf tug`dirgani bois, jarayonlarni o`rganish foydadan holi emas.

“Grant Renessans”mi yoki “Mavhumlik loyihasi”...

Efiopiyaning 1830 metr balandlikdagi Tana ko`lidan boshlanuvchi Ko`k Nil daryosi Sudan hududidagi Oq Nilga kelib qo`shiladi va keyinchalik katta Nil daryosi hosil bo`ladi. Aynan Tana ko`ldan boshlanuvchi daryo o`zanida, Sudan shimoliy sarhadlariga 15 kilometr qolgan maskanda Efiopiya suv ombori qurilishini boshlab yuborgan edi. 2011 yilda qayta qurila boshlangan ob`ekt 2023 yilda to`liq ishga tushirilishi kutilmoqda. Aslida u o`tgan asrning 60-yillarida imperator Xayle Selassie davrida boshlangan, ammo davlat mablag`lari etmagach, aholidan pul yig`ilgan. Biroq ishlar chala qolib ketgan edi.

Odatda bunday ulkan va ko`pmilliardli inshootlar aholining elektr energiyasiga bo`lgan ehtiyojini qoplash maqsadida boshlanadi. So`nggi yillarda katta iqtisodiy o`sishga erishayotgan Efiopiya ham o`zining 110 millionli (soni ko`pligi bo`yicha Afrikada Nigeriyadan keyin ikkinchi o`rinda turadi) aholisining atigi 45 foizi elektrdan foydalanish imkoniyatiga ega ekanligi bunda asosiy sabab qilib ko`rsatmoqda.

Binobarin yangi ob`ekt hozirda mamlakatda ishlayotgan barcha elektr stansiyalari quvvatidan bir yarim barobar ko`pdir.

Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad Ali esa strategik loyiha ochilishi bilan uning mamlakati Afrikada eng yirik elektr ishlab chiqaruvchisi bo`lib olishiga, ichki bozorni to`ldirib, xorijga eksport qiluvchiga aylanishiga ishonch bildirmoqda.

Shu sababli, mamlakat ma`murlari uni ulug`lab, “Efiopiyaning buyuk qayta tiklanish to`g`oni”, “Grant Renessans” deya atamoqda. Ammo ko`plab mojarolarga sabab bo`layotgani bois loyihani inglizzabon nashrlar sinchkov jurnalistlari “Mavhumlik loyihasi” va “Ming yillik suv ombori” deb ham kinoya bilan atashmoqda.

Chindan ham 9 ta turbogeneratorga ega va yillik quvvati 6,45 GVtga teng inshoot o`z yo`nalishida Afrikadagi eng yirigi hisoblanadi. Toshli xomqolip yordamida o`zandan ko`tarma shaklida barpo etilayotgan suv ombori balandligi 175 metr, to`g`onning uzunligi 2 kilometrga teng va 70 milliard kub metr suvni o`zida sig`dira oladi.

Mo``tadil-quruq iqlim hududda joylashgan to`g`onning umumiy maydoni 1,5 ming kilometr kvadrat. Loyihaning umumiy qiymati 5 milliard dollarga teng. Ishlar avjiga chiqqani sari qo`shnilarning hadiku xavotiri oshib, asablari dosh berishi qiyin kechmoqda.

Misr jazavaga tushmoqda, Sudan ikki o`t orasida

Misr va Sudan Efiopiyaning bir tomonlama harakatlariga keskin qarshilik ko`rsatmoqda.

Rasmiy Qohirani tushunsa bo`ladi. 1929 yilda Angliya-Misr, 1959 yilda Misr va Sudan o`rtasida imzolangan kelishuvlarga ko`ra, rasmiy Qohira Nilda har qanday suv ombori va to`g`onlar qurilishiga veto qo`yish huquqiga ega bo`lgan edi. Efiopiya esa endi bu kabi “tarixiy” hujjatlarni tan olmasligini va biror-bir majburiyatlar ham qabul qilmasligini, bu jarayonlarda uning manfaatlari hech ham hisobga olinmaganini, uning hududidan o`tuvchi uchta daryo irmog`i qo`shni Sudan va Misrning 80 foiz suvini ta`minlayotganini aytib, istagan ishini qilishini ochiq bildirmoqda.

Misrning 2006-2010 yillarda Nil daryosidan foydalanish haqidagi hadli bitimni imzolashga urinishi yakunda kutilgan samarani bermadi. Misr va Sudan bir tomonda turgan bo`lsa, Efiopiya va daryo qirg`og`idagi boshqa 9 ta mamlakat, jumladan Keniya, Ruanda, Tanzaniya va Uganda ham Efiopiyaning suvdan foydalanish huquqini qo`llab-quvvatlamoqda.

Misr va Sudan bilan hamkorlikdan voz kechgan olti davlat 2010-2011 yilda alohida Nil havzasi bo`yicha tashabbus mexanizmiga asos solishdi.

Efiopiya esa hech qanday muhokamasiz 2011 yil fevralda Xidase qurilishi boshlanganini ochiq e`lon qildi. Pudratchilar Italiyaning “Salini Impregilo” kompaniyasi bo`lib, unda Xitoy, AQSh va Isroil kompaniyalari ham ishtirok etmoqda.

Aynan bu davrda Misrda “Arab bahori” tangligi boshlangan, rasmiy Qohira ichki beqarorlik bilan andarmon bo`lib, qo`shnisiga kuchi va bosimini o`tkazishga imkoniyatini topa olmagan edi.

Sudan esa ikki o`t orasida qolib, yarashtiruvchi tomon maqomini saqlashga harakat qildi. Qolaversa, o`sha vaqtdagi prezident Umar Bashirning xalqaro maydondagi obro`si keskin tushib ketgani, Janubiy Sudan bilan urush holati tufayli, u Efiopiya bilan GES ishga tushsa, arzon elektr energiyasini olish bo`yicha kelishdi.

Qohira intilishlari samarasiz tugamoqda...

Chigallik kuchaya borgach, 2015 yilda uch mamlakat Sudan poytaxti Xartumda deklarasiya imzolashdi. “Nil resurslaridan atrof-muhitga va quyi oqimda joylashgan davlatlar iqtisodiy manfaatlariga zarar etkazmagan holda teng huquqli va oqilona foydalanish” tamoyillarini e`lon qilishdi. Ammo uning texnik jihatlari, jumladan suv omborini to`ldirish muddatlari bo`yicha yakuniy tarzda murosaga kelib bo`lmadi. 2017 yilda muzokaralar butunlay boshi berk ko`chaga kirib qoldi.

Aslida suv omborining har qanday tarzda to`ldirilishi Misrga beqiyos resursni kelmay qo`yishi demakdir. Shu bois misrliklar suv omborining to`ldirilishi va GESning ishga tushirilishi ustidan birgalikda nazorat o`rnatish haqida hujjat imzolashni istamoqda.

Misr rahbariyati suvning minimal o`tkazish quvvatini yiliga 40 kilometr kub bo`lishini talab qilsa, Efiopiya faqat 30 kilometr kubga rozilik bermoqda. Faqatgina yomg`irlar mavsumida (iyul-avgust oylarida) 37 kilometr kubni tashlab turishga qarshiligi yo`qligini qayd etayapti.

Misr uni shoshmasdan 21 yil davomida to`ldirish zarur desa, Efiopiya buncha uzoq kuta olmasligini, 3-7 yilda uni to`latish kerakligini aytmoqda.

Qohira kelgusida katta iqtisodiy ziyon ko`rishidan qo`rqadi. O`z hududidagi strategik Asvon GES faoliyati uchun suv resurslari etmay qolishidan, oxirgi yillarda yuz berayotgan muttasil qurg`oqchiliklar yanada kuchayishidan, Nil suviga bog`liq dehqonchilik hosillari yo`qotilishidan, shunday ham kun tartibida turgan bandlik, ijtimoiy muammolar kuchayib, bir yarim million fuqarosi yangi ishsizga aylanishidan jiddiy xavotirda.

Baxtga qarshi, 2019 yil oktyabrda Vashington tashabbusi bilan boshlangan uch tomonlama uchrashuvlar taklifi ham tuya go`shti edi.

Misr o`zaro kelishuvni AQSh va Jahon bankining takliflari asosida ishlab chiqishni taklif etdi. Tegishli hujjat 4 oy davomida tayyorlandi. Ammo Addis Abeba uni imzolashni turli bahonalar bilan cho`zib, bir tomonlama harakatlarini davom ettirmoqda, ishlarning 80 foizi nihoyasiga etgan. Iyul oyidagi yog`in mavsumi avjida 5 milliard kub metr suv jamg`arib olishga ham erishdi.

Suv resurslari, irrigasiya va energetika vaziri Sileshi Bekele GES 2021 yil iyunda ilk elektrni bera boshlashini bildirdi.

U Misr bir vaqtlar Asvon to`g`onini qurganidan hech kimdan ruxsat so`ramaganini va yakkaboshlik asosida daryodan uzoq yillar foydalanib kelganini aytib iddao qilmoqda.

Misrning Efiopiyaga to`g`ridan-to`g`ri ta`sir ko`rsatish bo`yicha barcha siyosiy-diplomatik vositalari ish bermadi. Uning arab davlatlarini yordamga chaqirishi va BMTning Xavfsizlik Kengashida masalani ko`rib chiqishga intilishi muvaffaqiyatsiz tugadi. Qit`adagi eng yirik tuzilma – Afrika Ittifoqi shafeligida yozda boshlangan muloqotlar ham bu muammoni hal qilishga ojizlik qildi.

Efiopiya uchun oxiri voy bo`lmasin...

Misr muammoni harbiy yo`l bilan hal etishdan boshqa chorasi qolmayotganini bot-bot shama qilmoqda.

Efiopiya tomoni esa dushman kuchlariga qarshi millionlab kishilarni safarbar etishga qodirligini va bunday qo`rqituvlar faqat zarar keltirishi haqida ham ochiq bayonot bermoqda.

Sudan ham Misr tomonda bo`lib, oxirgi paytlarda uning Efipoiya bilan chegarasida harbiy to`qnashuvlar yuzaga kelayapti, bir necha askarlar qurbon bo`ldi. U to`g`onga yaqin hududda Rossiyaning raketa-zenit majmuasini joylashtirishini bildirdi. Ammo to`rt kun muqaddam Sudan bosh vaziri Abdulla Hamduk Addis Abebaga tashrif buyurib, ikki davlat bosh vazirlari Uch tomonlama muzokaralarni qayta boshlash bo`yicha kelishib olishdi.

Sudan mojaroga boshqa yirik davlatlar aralashmasligini istaydi. Uch tomonlama muzokaralarga raislik qilishini, muhim bandlar bo`yicha tomonlar pozisiyalarini yaqinlashtirish uchun yangi yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligini ta`kidlamoqda.

Qolaversa, Rog`un GESni zo`r berib qurishda davom etib kelayotgan, hali suv yig`ish bosqichida muammolar yanada keskin kuchayishi mumkin bo`lgan Tojikiston ham bu jarayonlarni puxta o`rganishi, barcha qo`shni mamlakatlarning umumiy manfaatlaridan kelib chiqib ish tutishi, ko`p tomonlama hadli bitimlarni imzolashi maqsadga muvofiq bo`ladi.

Sh.Xolmuhammad

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
22.10.2021 15:50
Бизда хам бор эканку мард журналистлар! Кани Рогун ГЭС буйича экологларимиз? Рогун ГЭС курилиши хавфли булиши уз позицияларини билдирган Хукумат аьзолари каерга гойиб булишди?
22.10.2021 15:46
Бизда хам хакикатни куркмасдан ёза оладиган журналистлар хам бор эканку! Нима учун хамма Рогун ГЭСи буйича скут сакламокда? Кани экологлар? Рогун буйича уз позицияларини билдирган Хукуматимиз аъзолари каерга гойиб булди?