Yangi haykal esa Ginnesning rekordiga kirmoqchi...
Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov avvalgi haykalni Xorazm viloyatiga kirish qismiga yoki Buxoroga qo`yilishini taklif qilmoqda.
Rost24.uz saytida avval ham ayni masala yuzasidan Urganch shahar hokimligi matbuot xizmati vakilining javobi e`lon qilingan. Unda, hokimiyat matbuot kotibligi, "Bu haykal eski edi, biz yangisini qo`yganmiz", deya javob qilgan edi. Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov esa boshqa taklif bermoqda.
Xorazm viloyati Urganch shahrida ulkan bronza ot hamda uning ustida Jaloliddin Manguberdi siymosi bo`lgan haykal o`rnatildi. Ma`lum bo`lishicha, haykal Rossiyaning Jukovskiy shahrida yasalgan.
Haykalning balandligi 25 metr, umumiy massasi esa 50 tonnadan yuqori. Loyiha rahbari Vitaliy Kazanskiyning aytishicha, haykal Ginnesning rekordlar kitobiga kirishi tayin, chunki bronzadan yasalgan ulkan ot haykali dunyoda yo`q, deya aytmoqda. Ushbu haykal o`rnatilgandan keyin eski haykal qaerga qo`yiladi yoki buzib tashlanadimi, degan savollar tug`ilishi tabiiy. Bu bo`yicha Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov quyidagicha fikrlarni aytib o`tdi:
"Urganch shahrining markazida Jaloliddin Manguberdining yangi haykali o`rnatilmoqda. Oldingi haykal boshqa hududga ko`chiriladi. Bu erda hech qanday ziddiyat yo`q. Men o`ylashimcha, biz barcha madaniy ob`ektlarimizdan yoki madaniy boyliklarimizdan to`g`ri foydalanishimiz kerak. Yangi Jaloliddin Manguberdi haykali juda ham ko`rkam, borsangiz o`zingiz guvohi bo`lasiz. Unikal xususiyatlarga ega, ya`ni bor yo`g`i 3 ta nuqtada joylashtirilmoqda. Injenering nuqtai nazardan ham juda ham mukammal majmua hisoblanmoqda.
Shaxsan men, shunday bir taklif kiritgan edim, eski haykalni Xorazm viloyatiga kirish qismidami yoki Qoraqalpog`istonning kirish qismiga o`rnatilsa. Balki, Buxoroga o`rnatish maqsadga muvofiq bo`lar edi. Har bir Xorazm viloyatiga kirib kelayotgan inson bilishi kerak, bu o`lkada qanday buyuk insonlar o`tganini, qanaqa bir tarixiy hudud ekanini tushunishadi. Bu erda hech qanaqa bir ziddiyatlar yo`q deb o`ylayman", deya fikrini yakunladi vazir.
Eslatib o`tamiz, Urganch shahar hokimligi axborot xizmati shahardagi bog`da o`rnatilgan haykalni ko`chirilishi bo`yicha bayonot bergan edi. Unga ko`ra, Urganch shahridan o`tuvchi "Shovot" kanalining chap qirg`og`ida joylashgan "Jaloliddin Manguberdi" bog`idagi Jaloliddin Manguberdi haykali viloyat qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi Arxitektura-shaharsozlik Kengashi tomonidan Shimoliy g`arbiy okrug 53008 harbiy qismning maydoniga ko`chirib o`tkazilishi taklifi ishlab chiqilgan. Uning o`rni esa obodonlashtirilib, aholi dam olish xiyoboniga aylantirilishi belgilangan.
Harbiy okrugga ko`chirilgan oldingi haykal tez orada o`z o`rnini topadi, degan umiddamiz. Chunki har bir madaniy meros muhofazasi ta`minlanishi zarur.