Olimjon O`sarov: Alisher Qodirovning "qovun"larini ham tahlil qilib ko`rishimiz kerak

08.01.2022 18:44

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O`sarov Rost24.uzning "Yil tanlovi" bo`yicha savollariga javob berdi.

– Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi 2021 yilning “Yil odami”deb kimni e`tirof eta oladi?

– Men “Yil odami” sifatida og`ir atletika bo`yicha jahon chempioni Ruslan Nuriddinovni ko`rsatmoqchiman. Chunki xabaringiz bor Ruslan Nuriddinov olimpiada chempioni bo`lgan. Lekin uni doping iste`mol qilganlikda ayblanib olimpiadadagi oltin medallari va g`olibligi olib qo`yilgan edi. Tarixda bunaqa sportchilar ko`p bo`lgan va ularning hammasi mana shu jarayondan keyin singan. Lekin Ruslan Nuriddinov sinmadi va o`zining shu paytgacha olimpiadada va jahon chempionatlarida o`rnatgan rekordlarini yangilab yangi jahon rekordini o`rnatib jahon chempioni bo`ldi.

– 2021 yilda eng yaxshi, namunali ishlagan vazirlik sifatida qaysi vazirlikni ayta olasiz?

– Aynan Adliya vazirligida bu yo`nalishda siljishlar borligini va jurnalistlar bilan ochiqligini nazarda tutib Ruslan Davletov nomzodiga to`xtalmoqchiman. Shuningdek, yana bir vazirlik haqida ham ijobiy fikrim mavjud. Bu Turizm va sport vazirligi vaziri Aziz Abduhakimov. Ayniqsa, so`nggi paytlarda jurnalistlar bilan bog`liq juda ham faol harakatni amalga oshirmoqda. Masalan Jurnalistlar uyushmasi bilan hamkorlikda jurnalistlar uchun “Yangi yilga sport bilan” nomli aksiya doirasida shaxmat musobaqasi, badminton musobaqalarini tashkil etib berdi va jurnalistlarga boshqacha bir kayfiyat ulashdi. Jurnalistlar bilan bog`liq press-turlar tashkil etilyapti va shuning uchun bu vazirlik faoliyatini ham ijobiy baholayman.

– 2021 yil saylov jarayonlari bilan ancha ajralib turdi. Aynan mana shu jarayonda, umuman 2021 yilda eng faol siyosiy partiya etakchisi kim bo`ldi, sizningcha?

– Albatta, mening bu tanlovimga ko`pchilik qo`shilmaydi. Lekin bu mening shaxsiy va sub`ektiv fikrim. Buni masalan, “Yil odami” sifatida ko`rsatishga ma`lum ma`noda asoslarim bor edi. Milliy tiklanish partiyasining rahbari Alisher Qodirov. Juda ko`p qovun tushiradi. Lekin "qovun"larini ham tahlil qilib ko`rishimiz kerak. Bekorga emas va bejiz emas o`sha qovunlar. Eng muhimi o`zining aniq pozisiyasi mavjudligi, o`zining aniq xarakteri aynan partiyaning maqsad-vazifalariga mosligi nuqtai nazaridan va faolligi nuqtai nazaridan men Alisher Qodirovni eng yaxshi partiya etakchisi sifatida e`tirof etaman. Har tugul matbuot bilan ochiqligi va jurnalistlarning savoliga javob bera olishi, masalan “Saylov-2021” jarayonida ham yagona intervyu bergan partiya lideri sifatida Alisher Qodirovni ko`rdim.

– 2021 yilda eng yaxshi ishlagan viloyat hokimi kim, sizningcha?

– Jurnalistlar bilan hamkorlik va ochiqlikni ta`minlagan viloyat hokimi sifatida Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov nomzodini aytmoqchiman. Bir muncha muddat avval Samarqand viloyatiga bir guruh jurnalistlarning press-turini tashkil qilib, viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirishga harakat qildik. Jurnalistlar Samarqandga tashrif buyurganidan xabardor bo`lgan Erkinjon Turdimovning o`zi kelib bizning yo`nalishimizga qo`shildi va jurnalistlarga gidlik vazifasini ham bajardi-da viloyatda qilinayotgan ishlarni ko`rsatdi. Bu jarayonda jurnalistlar tomonidan juda achchiq-chuchuk savvollar, og`ir savolar ko`p bo`ldi. Lekin hech og`rinmasdan, jurnalistlarga o`zining tushunchalarini, ma`lumotlarini berdi.

– Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi ijtimoiy tarmoqlardagi bloglarni ham kuzatib boradimi? Ulardan eng namunalisi qaysi?

– “Mikrofon ko`targan ayol” blogini yuritayotgan Aziza Qurbonova. Sababi Azizaxon bu blogni yuritayotganiga endigina bir yil bo`ldi. Lekin etakchi blogerlar qatoriga chiqdi. Men yaqinda statistikasi bilan tanishdim. U blogerlar orasida, ijtimoiy tarmoqlarda 6 o`rinda turibdi. Juda ham yaxshi auditoriyaga ega bo`ldi. Eng muhimi Azizaning yondashuvida inson qalbi bor.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар