Insoniyat uchun 2020 yil qanday voqealar bilan esda qolmoqda?

23.12.2020 06:21

2020 yil butun dunyo tarixida turli xil ofat va sinovlarga boy yil bo`ldi. Bundan tashqari, dunyo geosiyosatida ham turli xil o`zgarishlar yuz berdi. Birgina misol, koronavirus pandemiyasi dunyo mamlakatlari boshiga og`ir sinovlar soldi. Yil boshidan boshlab shu davrgacha butun dunyoda COVID-19 1 702 596 nafar insonning yostig`ini quritdi.

Quyida 2020 yil jahon siyosati, iqtisodiyoti, ekologiyasi san`ati va madaniyatida yuz bergan voqealar bilan tanishing...

BREXIT IMZOLANDI

Buyuk Britaniya joriy yilning 31 yanvar sanasida rasman Evropa Ittifoqidan chiqdi. Angliyaning Evropa Ittifoqidan chiqish haqidagi hujjat – Brexit imzolandi. 1 fevraldan oxiriga qadar o`tish davri amaliyotda bo`ladi. Dekabr oxirigacha Angliyaning ayrim hududlarida Evropa Ittifoqi qonunlariga amal qilinadi.

«OSKAR» OLGAN «PARAZITLAR»

Janubiy Koreyada rejissyor Bong Joon-ho tomonidan ishlangan «Parazitlar» filmi «Oskar» mukofotini oldi. E`tiborli tomoni shundaki, ingliz tilida bo`lmagan film birinchi marta «Oskar» mukofotiga sazovor deb topildi. «Parazitlar» trillerida ishtirok etgan bir qator aktyor va aktrisalar ham «Oskar»ga loyiq topildi.

TINChLIK HAQIDA TARIXIY BITIM

AQSh va Tolibon Qatar poytaxti Dohada Afg`onistondagi 18 yillik urushni to`xtatish to`g`risida bitim tuzildi. Kelishuvni AQShning Afg`oniston bo`yicha maxsus vakili Zalmay Xalizad hamda Tolibon etakchisining o`rinbosari Mulla Abdulla G`ani Birodar imzoladi.

MASJIDGA AYLANGAN ENG YIRIK IBODATXONA

Oltinchi asrga tegishli Ayo Sofiya ibodatxonasi masjidga aylantirildi. Ayo Sofiya ibodatxonasi ming yillardan ortiq vaqt davomida nasroniylik dini olamining eng yirik ibodatxonasi bo`lib kelgan. Biroq 1934 yili Mustafo Kamol Otaturk tomonidan muzeyga aylantirilgan. Ma`lumot o`rnida aytib o`tish kerakki, Ayo Sofiya 1985 yilda YuNESKOning jahon madaniy merosi ro`yxatiga kiritilgan.

ROSSIYaDA REFERENDUM NATIJASI

Rossiya prezidenti Vladimir Putin milliy referendumda g`alaba qozondi. Ushbu referendum prezidentlik muddatini uzaytirish haqida o`tkazilgan edi. Bu g`alaba Rossiya Prezidenti Putinga 2036 yilgacha prezidentlikka qayta saylanish imkoniyatini beradi.

«BARAKA» AESI FOYDALANIShGA TOPShIRILDI

Birlashgan Arab Amirliklarida arab dunyosida birinchi atom elektr stansiyasi ishga tushirildi. «Baraka» stansiyasining qurilishi Janubiy Koreyaning «Kerso» energetika konserniga topshirilgan edi. AESga 24.4 milliard dollar pul sarflangan.

TRAMPNING MAG`LUBIYaTI
Sobiq vise-prezident Jo Bayden saylovda Donald Trampni mag`lub qildi va AQShning 46-prezidenti deb e`lon qilindi. Bayden yillar davomida senator bo`lib faoliyat yuritgan. Barak Obamaning prezidentlik davrida esa u vise-prezident vazifasini bajargan.

OYDA XITOY BAYROG`I O`RNATILDI

Xitoyning «Changote-5” robot kosmik kemasi oyga qo`ndi va u joyga Xitoy bayrog`i o`rnatildi. 24 noyabr kuni kosmosga uchirilgan apparat 17 dekabr kuni erga muvaffaqiyatli qaytdi. Apparat orqali so`nggi 44 yil ichida ilk bor Oydan tuproq olib kelindi.

Dilfuza OSTONOVA tayyorladi

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар