O`zbekiston jurnalistikasining haqiqiy jonkuyari hamon taqiqdami?
2 yanvar davlat mukofotlaridan mosuvo ijodkor Karim Bahriev tug`ilgan kun.
Hukumat "Mirzo"si 20 yil mobaynida ijodkor xalqini shu darajada qo`rquv iskanjasiga olgan ekanki, bu siyosat tugatilganiga 5 yil bo`lgan bo`lsa-da, nasimlari hamon esmoqda.
2 yanvar kuni mashhur huquqshunos-jurnalist Karim Bahrievning tug`ilgan kuni edi. Ko`plab jurnalistlarga ustozlik qilgan iqtidorli shoir va tarjimon o`zining 60 yillik yubileyini nishonladi.
Ajablanarlisi shuki, O`zbekiston tarixidagi eng yosh Oliy Majlis deputatining 60 yillik yubileyini hech bir hukumat mulozimi yodga olmadi. 1990 yil o`rtalaridayoq O`zbekiston tepasida turganlarda davlat mustaqilligini e`lon qilishni talab qilgan sobiq deputat tug`ilgan kunida umuman tilga olinmadi. 90-yillarda Birinchi Prezident Islom Karimovni o`zi bilan hisoblashishga majbur qilgan shaxs bugun ham pinhona taqiqlardan xolos bo`lmadimi?
Bir zamonlar O`zbekiston ideologiyasining temir-metin qalqoni hisoblangan "Mirzo"lar “zapret”larining asoratlari hamon ijod va ijodkor ahli uchun to`siq bo`lmoqda.
Qisqasi, 60 yillik yubileyi Hukumat darajasida nishonlanishi kerak bo`lgan ijodkorni bir bora yodga olishga hech kimda vijdon topilmadi.
Jurnalist va jurnalistikamizga mas`ullardan bo`lgan Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ham "Mirzo"larning qahriga uchrashdan qo`rqdimi? Yuqoridagi mulozimlarni janoza musiqasi bilan tabriklashni qoyillatgan amaldor xokisor ijodkorlarni ham bir yo`qlab qo`ysa butun soha vakillari uchun sharaf bo`lar edi. Korporativ holda bayramni nishonlamaslik haqidagi chiqargan maxsus qarorga ham e`tibor qilmasdan, jurnalist va blogerlarga yangi yilni nishonlab bergan Asadovning ko`zlari 60 yoshini, yubley yoshini nishonlayotgan O`zbekistonning eng taniqli jurnalistiga kelganida nima uchundir ilg`amadi.
Inson umrida bir martagina 60 yoshga kiradi
Oliy mukofotlar bilan 60 yillik yubileyini nishonlashga ming bora arziydigan antimaddoh jurnalistning tug`ilgan kunida faqat do`st-u birodarlari qolgan.
Karim Bahriev o`zining adolatga yo`g`rilgan teran fikrlari ila qarshi chiqqan I.Karimov bugun yo`q. Ammo unga taqiq va qo`rquv strategiyasini tuzib bergan ideologning qahriga uchrashdan cho`chigan jurnalistlarimiz hali-hamon qo`rquv iskanjasida. Majoziy ma`noda aytadigan bo`lsak, Sulaymon asosi hali ham tik turibdi. Biroq bu aso yiqilguncha o`zbegimning qanchadan-qancha Karim Bahrievlarining xalq oldidagi xizmatlari tilga olinmay o`tib ketadi.
Yuqoridagilarga aytarim shuki, shu vaqtgacha hech kimga, butun boshli tuzumga bo`yin egmagan ijodkorni bundan keyin ham taqiqlar bilan tiz cho`ktirib bo`lmaydi. Ayniqsa, urgutlik yolg`iz bo`ri – Karim Bahrievni.